Sahifa yuklanmoqda . . .
Olisdagi mahmadana, eski olchoq,
Menga qadam tashlamoqni o‘rgatmagin!
O‘zingga boq, keyin mayli nog‘ora qoq,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!
Tinchlikni deb yurak bag‘ri kuyik el bu,
Yaratganning qoshida eng suyuk el bu!
O‘tmishi ham, ertasi ham buyuk el bu,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!
Dala –dashtlar o‘z-o‘zidan Eram bo‘lmas,
Lekin sendan beminnat bir karam bo‘lmas,
O‘zbek eli hech kimsaga qaram bo‘lmas,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!
Kitobingda daholarim so‘zlari bor,
Devoringda bobolarim izlari bor,
O‘zbek elin et-u tirnoq do‘stlari bor,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!
Yaltiragan hamma narsa emas tilla,
Hayfdir senga Naqshbanddan qolgan salla,
Ey xudoni tanimagan chalamulla,
Menga qanday yashamoqni o‘rgatmagin!
Naqorat:
Agar jannat ko‘kda bo‘lsa, ostidadir O‘zbekiston,
Agar jannat yerda bo‘lsa, ustidadir O‘zbekiston!
2005
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).