Sahifa yuklanmoqda . . .


O‘shanda

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)

Ismimni bilardi qayrag‘och bargi.

Yuragim tomida yotgan qizg‘aldoq

Kapalak haqida qo‘shiq aytardi.

 

O‘shanda o‘zim ham olov edim-da,

Tushovini uzgan toyga o‘xshardim,

Akamning choponin ilib egnimga

Qirda quyun bilan kurash tushardim.

 

O‘shanda jilg‘alar chuchuk til bilan –

Erkalab, toshlarning boshin silardi.

Chig‘anoqlar esa suyuq dil bilan

Toshning kovagida achchiq yig‘lardi.

 

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)

Dumog‘im tuyardi laziz munglarni.

Hovuzning tubinda yolg‘iz gulimoh

O‘tli ohlar ursa, yonib tinglardim.

 

O‘shanda shamolni sevardi og‘och,

Bulutlar yashardi g‘amli, o‘ksinib.

Tutundan qorayib ketgan qaldirg‘och

Suvlarga urardi qizg‘ish ko‘ksini...

 

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...)

Dilimni bilardi majnuntol bargi.

Kaftimda yo‘q edi zig‘irdek gunoh,

Yo‘q edi kaftimning zarradek gardi –

O‘shanda men seni yaxshi ko‘rardim...

 

1989


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 14-Sentabrda yuklangan

97 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ism kapalak kurash tosh hovuz bulut tutun suv majnun
Muallif
Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

Batafsil


Yangi She'rlar Iqbol Mirzo She'rlari Iqbol Mirzo asarlari