Sahifa yuklanmoqda . . .
G'azallar - Mumtoz she’riyatda g’azal shoirning salohiyati ko’lamini anglatuvchi asosiy janr hisoblangan. Har bir ijodkorning maqomi uning g’azalchilikdagi mahorat darajasi bilan belgilangan. Shuningdek, devon tuzishda ham g’azal alohida mavqe kasb etgan. O’tmishda g’azal yozmagan ijodkorning devon tartib berishi mumkin bo’lmagan. Mazkur to'plamdan g'azalnavis ijodkorlarimizning eng sara g'azallari o'rin olgan.
Bu asarda ko’pchilikning ruhiyatini g’oyat puxta bilgan, uning adoqsiz tashvishlarini deb ozurdajon bo’lgan shaxsning kayfiyati katta mahorat bilan bo’rttirib ko’rsatilgan. Matla’ning o’zi ruhiy dramatizm ifodasi, mazmun teranligi, badiiy garmoniyaning qudrati jihatidan tugallangan bir asarday taassurot qoldiradi. Ehtimol, elning nazarida komil shaxs bo’lib tuyulgan shoir o’ziga talabchanlik bilan qarab, tabiatidagi sifatlarni tanqidiy nuqtayi nazar bilan taftish qilish oqibatida ushbu g’azal bitilgandir…
Alisher Navoiy g’azallari orasida qanoat, shukronalik tuyg’ulari aks etgan asarlar anchagina. Biroq mazkur she’rda mana shu kayfiyatga ters holat, yaxshilikka yomonlik ko’rgan kishi tuyg’ulari aks etganligini ko’rish mumkin. Shoirning mahorati shundaki, go’yoki tasdiqqa o’xshab tuyuladigan va shukronalikni ifodalashga xizmat qilishi lozim bo’lgan so’zlar so’roq ohangi berilishi bilan shoir ko’zda tutgan iztirob ma’nosini ifodalaydigan bo’ladi.
Mazkur g’azal zamon va ahli zamondan ko’p jafo ko’rgan buyuk shoirning falsafiy mushohadalarini aks ettiradi. Unda shoir dunyoning ters ishlaridan shunchaki nolib qo’ya qolmaydi, balki ko’pni ko’rgan inson sifatida boshqalarni dunyo makriga aldanib qolmaslikka, kishilardan hech narsa tama’ qilmaslikka – qilgan ezgu amali uchun minnatdor bo’lish tugul hatto zarracha mehr ham kutmaslikka chaqiradi. Zero, odamlar juda kamdan kam holda shukr qiluvchidirlar. Binobarin, bandaning har bir amali insonlar roziligi uchun emas, yolg’iz Alloh roziligi uchun bo’lmog’i lozim.
Ogahiy g'azallari o'zining ham mazmuniy, ham shakliy jihatdan yetukligi bilan adabiyot bo'stonida o'zining alohida o'rniga ega. Xususan, mazkur g'azalni o'qigan kitobxon ham, bir tomondan, oshiq qalbidagi tuyg'ularning sof va samimiyligidan ilhomlansa, boshqa tomondan, g'azalning go'zal va o'ynoqi ohangidan zavq tuyadi.
Tasavvufiy ruhda bitilgan asarlarni o'qish kishidan alohida tayyorgarlikni talab qiladi. Xususan, bunda tasavvufiy istilohlardan boxabar bo'lish lozimdir. Yo'qsa, asar ma'nosi anglashilmaydi yoki butunlay zid ma'noda tushunilishi mumkin. Ushbu g'azalda ham lirik qahramon yorga yolborib: "Bir bo'sa ber", deya o'tinar ekan, bunda solih bandaning Allohdan lutf-u marhamat tilayotganini ko'rishimiz mumkin.
Ushbu g'azal muhabbatning go'zal bir madhi bo'lib, u qalbingizda go'zal hislar uyg'otishiga ishonamiz.
Bu she'r Abdulla Avloniyning ma’rifatparvarlikni targ‘ib etuvchi asarlaridan biri bo'lib, unda shoir maktabning ilm-madaniyat manbai ekaniga alohida e'tibor qaratadi.
Xalqimiz «Til bilgan el biladi», deb bejizga aytmaydi. Ushbu she'r ham chet tillarini o‘rganishga da’vat qilishi bilan muhimdir. Shoir tilni insonlar, turli millatga mansub kishilarni birlashtiradigan, do‘stlashtiradigan «robitai olamiyon» - kishilarning aloqa vositasi deb ataydi. Shuning uchun ham o‘zgalar tilini ona tilidek bilish «foydai kondir» deydi.
Ushbu g‘azalida shoirning mazlum xalq ahvoliga achinishi, uning mashaqqatli hayotidan cheksiz afsuslanishi yaqqol sezilib turadi. Unda shoir o‘zi mansub xalqqa jonini fido qilishga ham tayyorligini ochiq aytadi.
Ushbu she'rda millatimizga xos bo'lgan qusurlar fosh etiladi. Bu orqali shoir o'z millatini ana shu illatlardan xoli bo'lib, tamaddunga yuz tutishini orzu qiladi.
Mazkur g'azal ishqiy lirika mahsuli bo'lib, unda lirik qahramonning qalb tug'yonlari Cho'lponga xos samimiyat va san'atkorlik bilan aks ettirilgan. Shoirning mahorati shundaki, u tasvirda ko'ngilning eng nozik kechinmalarigacha ifodalay olgan.
"Qozi Muhammad Rajab Avjning o‘zi to’g’risidagi g‘azali" deya nomlangan ushbu g'azal hajviy yo'sinda bitilgan bo'lib, unda shoir qozini yomon amallari uchun shunchaki qoralamaydi, balki qozining o'zi go'yo o'z qilmishlarini bayon etib, o'z-o'zini fosh qiladi.
Hapalak – Maxmurning ona qishlog’i nomi. Ushbu she’rda mazkur qishloqning ayanchli ahvoli, qishloq aholisining og’ir turmush sharoiti hajviy yo’sinda tasvirlanadi.
Ushbu g'azal lirik qahramon va Kashmir go'zali o'rtasidagi suhbat tarzida bitilgan bo'lib, u shoirning qalbi to'ridagi hasratlarni ham namoyon etadi. G'azal so'ngida go'zal yor oshiqdan: "Ey bechora, nega o'z vataningni tark etding?" deya so'raydi. Shunda yigit: "O'z vatanidan yiroqda yashash taqdirda bor ekan-da..." deya javob beradi...
Mazkur g‘azal Fuzuliy ijodi ta’sirida paydo bo‘lgan. Furqatning ijodiy mahorati shundaki, u o‘zga shoirning misrasiga tayangan holda tasvir qudrati, ifoda ta’sirchanligi, chizgilarning nozikligi jihatidan oldingidan balandroq badiiy natijaga erisha olgan. Natijada ma’shuqa tasviri devorga ilib qo‘yilgan surat emas, balki o‘quvchining ko‘nglidan joy olgan harakatdagi suratga aylangan.
Furqatning ushbu g‘azali-tabiat lirikasining namunasi. Unda ko‘klam kelishi bilan tabiatda ro‘y berayotgan go‘zal o‘zgarishlarni g‘oyat sinchiklab kuzatgan shoirning qalb kechinmalari aks etgan. Shoir o‘tkinchi umrni go‘zallik qo‘ynida ezgulik bilan o‘tkazishni istaydi. Chunki bahorgina emas, umr ham o‘tkinchi-“g‘animat”.
Zavqiy 1905-yilning avji yozida savdo bilan shug‘ullanib o‘zgalarning haqiga xiyonat qiladigan qirq olti nafar baloxo‘rni fosh etib bitilgan «Hajvi ahli rasta» she’rini maxsus qog‘ozga katta harflar bilan yozib, Mo‘ymarak ataluvchi saylgohning eng gavjum joyidagi terakka ilib qo‘yadi. She’rda haromdan hazar qilmaydigan savdogar, boy va sudxo‘rlar ochiqchasiga o‘rinli tanqid qilingan va mahorat bilan kulgiga olingan edi…
Mazkur she’r Ogahiyning mashhur “Bo’lmasa bo’lmasin netay” radifli g’azaliga hamohang tarzda yozilgan bo’lishiga qaramay, undagi oshiq holati tamomila o’zgacha: U yorining kelmaganidan azoblanmaydi, aksincha suyunadi. Nega? Buni g’azalni o’qigach, bilib olasiz.
Ushbu she’r yakpora g‘azallar sirasiga kirib, ezgu sifatlarning kishi shaxsiyatidagi o‘rni kuylangan. Unda kamso‘zlikning afzalligi-yu, sergaplikning zarari g‘oyat ta’sirchan timsollar orqali ifodalab berilgan.
Ma’shuqaning e’tiborsizligi, noz-u adolari sabab hijron azobidan aftoda holga kelgan oshiqning chegara bilmas iztiroblari, nolalari o‘ta ta’sirchan aks ettirilgan bu she’rning oltinchi baytida nafaqat shu g‘azalning, balki shoir ijodining mohiyati aks etadigan fikr aytiladi…
Mazkur g‘azalda jafokash yordan shikoyat, u bergan azoblardan zorlanish g‘oyat o‘ynoqi yo‘sinda ifodalanadi. Aks ettirilayotgan hayotiy holat, ruhiy vaziyatning zalvori bilan ifoda tarzining yengilligi o‘rtasidagi ziddiyat she’rning ta’sir kuchini oshiradi.
Navbahor-erta ko‘klam, borliqning endigina uyg‘ona boshlagan payti. Tabiatning shu palladagi ko‘rinishi shoirni hayajonga soladi, u poetik so‘z yordamida ko‘klamning tarovatli manzarasini chizadi. Lekin shoir uchun atrof go‘zalligining o‘zi kifoya emas. U shunday damlarda yaqin kishilar bilan bo‘lgisi keladi…
Ushbu g‘azalda Komilning muhabbat domidagi oshiq holatini tasvirlash mahorati qanchalik yuqori ekanligi namoyon bo‘ladi. Shoir she’rning har baytida ifodalanishi ko‘zda tutilgan asosiy ma’noni aks ettiruvchi so‘zni takrorlash yo‘li bilan alohida bir satr holiga keltiradi. Bu usul g‘azalda ko‘zda tutilayotgan asosiy ruhiy holatga e’tibor tortadi.
Ushbu g’azalda o‘ta jo‘n maishiy buyum bo‘lmish po‘stin tufayli shoirda paydo bo‘lgan fikrlar, uning ko‘nglidan kechgan tuyg‘ular o‘z aksini topgan.