Sahifa yuklanmoqda . . .
Yor kelur zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay,
Sarf etarg‘a xazona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Maskani ko‘z ichra desam, mardum aro kalon ekan,
Taklif etarg‘a xona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Eski buzuq xarobada chug’zdek ayladim vatan,
Bir tuzuk oshyona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Man etarga kelmagin, ko‘p emish istixoralar,
Mundin o‘tar barona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Ta’ni zamonlar o’qlari ko’ksimizni hadaf qilur,
Kelmagidin nishona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Jur’ayi jomi vaslidin bermasa-bermasun menga,
Bazmi mayi mug’ona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Kunduzi partavafkanim bo‘lmasa shami anjuman,
Va’dasi bir shabona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Jon-u ko‘ngulni(ng) torini soz chekarg‘a shunchakim,
Mutribi xush tarona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Ko‘zni tikib qudumiga tokay o‘lurman intizor,
Ilmasa ko‘zga kulbani, kelmasa-kelmasun netay.
Ishq elini(ng) dodiga solmasa yurt-u el quloq,
Odili bir zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
Ul ko‘zi vahshimiz bu yon bo‘lmasa rom ne ajab,
Zavqiyda dom-u dona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.
(1853-1921) Ubaydulla Solih o‘g‘li Zavqiy mumtoz she’riyat an’analarini davom ettirgan iste’dodli shoir bo’lish bilan birga, yirik hajvchi shoir sifatida ham e’tirof etiladi. U bir qator asarlarida mustamlaka tuzumidagi ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, chor ma’muriyati himoyasida bo‘lgan ayrim nopok amaldorlarning kirdikorlarini fosh etadi, ijtimoiy hayotdagi ayrim nosozliklar, kishilar faoliyatidagi holatlar ustidan zaharxandalik bilan kuladi.