Sahifa yuklanmoqda . . .
Do‘stlar, ahli zamondin mehr umidi tutmangiz,
Mehri gardun bo‘lsalar ko‘z nuridin yoritmangiz.
Gar shah o‘lsin, gar gadokim, solmangiz yuziga ko‘z,
Yodini balkim ko‘ngulga har taraf yovutmangiz.
Zulm ila yuz chok qilg‘an tang‘a gar malham yoqib,
Butkarurbiz, desalar, ul zaxmlarni butmangiz.
El jafosining maloli qilsa har dam qilsa qasdi jon,
Ko‘nglingizni g‘ayri bekaslik bila ovutmangiz.
O‘ksudi el mayli mendin, bir yo‘li, ey dard-u g‘am,
Gah-gahe siz bore boshimdin qadam o‘ksutmangiz.
Hajr o‘tin jonimg‘a yoqtim ko‘rsangiz usruk meni,
Endi, ey pand ahli, do‘zax o‘tidin qo‘rqutmangiz.
Chun Navoiy dasht tutti emdi zinhor, ey vuhush,
Kim, bashar jinsini ul majnun sari yovutmangiz.
(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.