Sahifa yuklanmoqda . . .
Fasli navbahor o‘ldi, ketibon zimistonlar,
Do‘stlar, g‘animatdur, sayr eting gulistonlar.
Subhidam tushub shabnam bo‘ldi sabzalar xurram,
Gul uza tomib kam-kam yog’di abri naysonlar.
Nastaran yuvib yuzni, yosumon tuzib o‘zni,
Nargis ochibon ko‘zni intizori yoronlar.
Bir sahar edim uyg’oq: o‘t tutoshti olamg‘a,
Tog’lar chekib larza, titradi biyobonlar.
Qumrilar qilib ku-ku, bulbul aylabon chah-chah,
Sarv gul uza doim tortar oh-u afg‘onlar.
Bulbul o’qug‘och yig‘lab subhidam xazon faslin,
G‘uncha qon yutub, yuz chok etti gul giribonlar.
Kechtilar vafo ahli qolmayin tutub savsan,
Kiydi ko’k qilib sunbul zulfini parishonlar,
Kuymasun bu savdoda ne uchun dimog’imkim,
Ranj-u g‘ussada dono, kechsa shod nodonlar.
(1859-1909) Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat o‘zining lirik she’riyati bilan adabiyotimiz xazinasini boyitgan, ma’rifatchilik adabiyotining darg‘alaridan biri bo‘lgan hamda o‘zbek publitsistikasiga tamal toshlarini qo‘ygan zabardast ijodkordir. Uning she'riyati lirik kechinmalarning nozik tasvirlarga boyligi, hissiyotlarning o‘tkirligi, ifodalarning yangi va samimiyligi bilan ajralib turadi.