Sahifa yuklanmoqda . . .
Tong - Asarlar - tong so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Yana orzularim eladi samo! Osmon bisotini to‘kdi silkinib. Yana oppoq qorga belandi dunyo, Oftob bulutlarga oldi bekinib. Daraxtning shoxiga bog‘lagan xayol Bir sening ko‘zlaring singari bandi. Tunlarni qo‘ynida o‘ynagan shamol Bir mening ko‘nglimga o‘xshagan daydi. Billur sadaflarga o‘raladi tong, Ortidan nurlari arg‘imchoq solib...
Yomg‘irlar suratin chizar qumlarga, To‘lqinlar zarbidan titraydi sohil. Mayoqlar chorlagan olis ufqlarga, Dengiz kemalarni kuzatar og‘ir. Olmos cho‘qqilarni tark etar ellar, Keskir bo‘ronlarga aylanib minbad. ellardek o‘tayotgan aziz umrning Qaylarda nihoya topishi g‘alat. Necha bor uzilar yurak torlari, Kimlar qayta bog‘lar bu rishtalarni...
Doim yonma-yonmiz, hamroh kimdirga, Kunning tonglarida, kechalarida. Shahar yo‘llarini to‘ldirib birga, Yolg‘izmiz umrimiz ko‘chalarida. Gavjum bozorlarda, hiyobonlarda, Tirband yo‘laklarda yonma-yon yurib. Ulkan daryo kabi shovqin-suronda, Qaylarga oqamiz turtib-turtinib. Havo qorishtirar nafasimizni, Izimizni yaqin qiladi tuproq...
Shoshilib-shoshilmay oyoq qo‘yamiz, Baland binolarga boqib odatda. Zinalarni bosib ko‘tarilamiz, Hayotda, ilmda, adabiyotda. Har tong yo‘limizda uzun zinalar, Har kech qadamimiz ostida yana. Nafaqat bitondan, toshdan, taxtadan, Hattoki odamlar bo‘ladi zina. Yuksak-yuksaklarni ko‘zlaydi yurak, Faqat yuksaklarda omad bilinar...
Hijron og'ir. Visol rohatbaxsh. Ammo bir necha soniyadan so'ng hijron kelishi kutilayotgan damlardagi visol-chi? Bu baxtmi yo dard? Azobmi yo rohat? Tun. Yomg'ir mayda-maydalab yog'moqda. Oshiq yuragi ham tilka-pora. So'nggi tun. Visolning so'nggi damlari. Tong ularni ajratishi muqarrar. Ammo ular hozircha birga... Tong otgach ularni qanday taqdir kutib turibdi? She'r ana shu dardli o'ylarning otashin ifodasi yanglig' dunyoga kelgan.
Usmon Azim she'riyatida balladalar alohida o'rin tutadi. Ammo ushbu ballada o'z nomiga mos ravishda o'z beshafqatligi bilan ajralib turadi. U beshafqat hayotning beshafqat manzarasi haqida. To'y. O'rtada raqqosa muqom qilmoqda. Hayo, or, nomus, sharm bu manzilga begona. Faqat ichkilikbozlik, pul, qo'shiq, soxta noz-u ishvalar. Agar ayol kishi erkak zotining nomusi bo'lsa, ushbu jirkanch bozorda nomusni pulga sotayotgan raqqosaga "To'xta!" deyuvchi biror-bir erkak topilmaydi...
Shoirlar dunyoni o'zgacha ko'radi, ular boshqalarga o'xshamaydi, deydilar. Darhaqiqat, shunday. Sababi ularda olamning ko'zga ko'rinmas sir-asrorlarini-da ko'ra oluvchi ko'z, boshqalar dardini ham his qila oluvchi qalb, hayot ma'nosi va yashamoq mohiyati haqida mulohaza qila oluvchi uyg'oq idrok mavjud. Biroq buncha fazilatlarni o'zida jamlab yashashning o'zi bo'lmaydi. Shoirlik - o'ta mas'uliyatli va sharafli ish. U qalbga she'riyat pichog'ini sanchib yashamoqdir.
Muhabbat shunchalar kuchli tuyg’uki, ayolning mo’jazgina, beozorgina ko’ngliga u zalvorli keladi. Ishq ayol uchun tuganmas baxt, taqdirning oliy mukofoti bo’lishi bilan birga, bemisl dard va iztirob hamdir. Boz ustiga bu muhabbat javobsiz bo’lsa, qalbdagi iztiroblar dil nolalariga aylanadi va yurak qoni bilan qog’ozga to’kiladi…
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Ushbu she'rda buyuk bir muhabbat tarixi yoritilgan. Ayol muhabbati... Qalbidagi ishq to'fonini, yuragidagi ishq otashini barchadan yashirgan, hatto yorning o'zidan ham pinhon tutgan ayolning matonat va sabotga yo'g'rilgan pokiza tuyg'ulari bilan tanishar ekansiz, beixtiyor muallif qalbiga qalban yaqinlik tuyasiz. Mayda tashvishlarga ko'milib yashayotganimiz bu dunyoda ana shunday buyuk dardlar yukini ko'tarib jimgina yashayotgan odamlar borligiga iqror bo'lasiz.
Dunyoda sof va samimiy tuyg'ular juda ko'p. Ammo ular orasida bir tuyg'u ham borki, uning nomini eshitgan zahoti har bir inson qalbi shamolda titragan yaproq kabi titrab ketadi. Xayolot dunyosi uni olis-olis xotiralar qo'yniga yetaklab borar ekan, dunyo tashvishlaridan toliqqan ko'ngil bir nafas ana shu his lazzatidan bahramand bo'ladi. Bu tuyg'u birinchi muhabbatdir. Mazkur she'r mutolaasi sizga ana shunday huzurbaxsh onlarni hadya etishiga ishonamiz.
She'rda o‘zbek xalqi, dehqoni, paxtakorining bukilmas irodasi, ochiq, beg‘ubor ko‘ngli, matonati va mehnatsevarligi kuylanadi. Buning uchun faslning ajib bir betakror holati-saraton asos qilib olingan. Shoir maqsadni amalga oshirish uchun, tosh yog‘sa ham paxtani teraveramiz qabilida, otash yondirsa ham dalada ishlayveramiz, degan fikrdan yiroq. Kun tabiatni jizg‘anak qilsa-da, tinmaydigan bizning dehqonni ko‘rib qo‘ying, deb hayqirmaydi ham. U ona yurt tabiatida otash ufurayotgan nafis manzara va uning oniy holatlardagi soniyan suratlarini shu qadar go‘zal, tiniq chizadiki, buni na bo‘yoq, na ohang bilan ifodalash mumkin. Buni faqat so‘z qudrati va jozibasigina bera oladi.
She'r hayotning go'zal bir oni - tong lavhasidan hikoya qiladi. U majoziy xarakterda. Tong ko'zlarini erinib ochar ekan, butun olam munavvar bo'lib, yorishib ketadi. Tabiatdagi har bir mavjudot, hatto mitti hasharotlar ham bu go'zallikni his etadi, qalbi zavq-u shavqqa, betimsol lazzatga to'ladi. She'rning shu yerida badiiy kashfiyot bor: shoir chumolining shu paytga qadar ulug'lanib kelgan xislati - mehnatkashligiga salbiy munosabatini bildiradi! Turmushning ikir-chikirlari bilan o'ralashib, hayotning unutilmas lahzalariga beparvo qarash, uning go'zalligini ko'rmay olamdan o'tib ketish dunyoni masxara qilish bilan teng, deydi shoir...
Bomdodga azon aytilar mahali, ya'ni, tong qorong'uligida, hali ko'plar sahargi tushini ko'rib yotgan palla kimdir ot yetaklab o'tib qoladi... Ot tuyoqlarining dupur-dupuri sahargi tushini ko'rib yotgan ko'chaning o'zinigina emas, bu ko'cha ahli yuraklarida qachonlardan beri uxlab yotgan eski xotiralarni ham qo'shib uyg'otib yubordi! Xuddi shuning uchun ham, ayniqsa “to'satdan ot kishnab yuborgan onda”, bir kishi shoshilib eshikni ochdi...
Muhabbatning go'zal kechinmalari samimiy va beg'ubor tarzda ifodalangan bu she'r barcha oshiqlarning madhiyasiga aylanib ketgan desak adashmaymiz. Qalbiga otashin hislar mehmon bo'lgan yigitlar hijron tunlari-yu umid tonglarida bu she'rni pichirlab yuradilar. Sababi bu satrlar ko'ngil so'zlari. Ko'ngildan chiqqan so'z ko'ngilga oson yetib boradi va u yerni umrbod maskan etadi.
Mazkur she'r muhabbatga egiz tuyg'u rashk xususida. Lirik qahramon sevgan yorini begonalar tugul hatto o'zidan ham qizg'onib, uzoqroq termulib qolsa, ko'zidan ham g'ash bo'lib yurishini aytar ekan, o'quvchi qalbi ham bu go'zal tasvir ta'sirida ana shunday go'zal hislarga oshno bo'lishiga ishonamiz.
Bu she'rda so'zlangan hikoyat sizni chuqur o'yga tolishga majbur etadi. Hikoyat bir sodda va kamtarin inson hamda uning badfe'l xotini haqida. Bu inson bir umr xotini tomonidan yetgan jabrga sabr etib yashaydi va dunyodan o'tadi. Bir kun tunda xotini uning qabriga sham ko'tarib boradi, ammo ne ko'z bilan ko'rsinki...
Mazkur she'rda shoirning olamni teran nigohlar ila kuzatib, oddiygina hayot manzaralaridan buyuk go'zallik kashf eta olish mahoratini ko'rish mumkin. She'rda sarlavhadan ayon bo'lganidek, tong lavhasi o'ziga xos tarzda g'oyat tabiiy va betakror ifoda etiladi.
Ushbu she’rda shoirning diliga qiynoq beruvchi, qalbini azoblovchi tuyg’u g’oyat samimiy aks ettirilgan. Shoir boshiga qora kunlar tushgan mahal oilasidan uzoqda tuhmat jabrini tortar ekan, to‘satdan onasining vafoti haqidagi sovuq xabar uning dilini teshib o‘tadi. Onasini hatto so‘nggi yo‘lga ham o‘zi kuzata olmagan farzandning qonli bag’ridan ushbu satrlar to‘kiladi…
Ushbu asar avtobiografik xarakterga ega. Garchi shoir unda ismlarni o'zgartirib tasvirlagan bo'lsa-da, sinchkov o'quvchi uning dastlabki satrlaridanoq shoirning armonli va alamli muhabbat qissasini ko'ra oladi. «Surat» bir necha lirik she’rlardan tarkib topgan. Ayni paytda ular o‘zaro yagona lirik sujet mehvariga terilgani uchun bizni bir insonning butun boshli taqdiri bilan tanishtiradi...
Mumtoz o‘zbek she’riyatida kiprik, odatda, ayol go‘zalligini tasvirlashda poetik obraz sifatida qo‘llanib kelgan. Mirtemir Sharq mumtoz adabiyotining bu doimiy poetik obrazlaridan biriga mutlaqo o‘zgacha g‘oyaviy yuk bag‘ishladi. U o‘zi parvarishlab o‘stirayotgan ijodkor yoshlarni kipriklarim deb atadiki, natijada kiprik poetik obrazi an’anaviy obraz darajasidan ko‘tarilib, yangi zamonaviy mazmun bilan sug‘orildi.
Bu she’r ham bolalik xotiralari bilan hayotiy kuzatishlarning uyg‘unligi asosiga qurilgan. Lirik qahramon – yosh yigitcha, chor atrofda bahoriy iliqlik kezgan nahor pallasi - erta tongda qishlog‘idagi jar ustiga qurilgan osma ko‘priklardan o‘tib, o‘t-o‘lanlari toptalmagan qirlariga oshiqadi. Undagi ko‘katlar bargida, nihollar kurtagida, g‘o‘za yaproqlarida inj-u dur-marvarid misol yaltirab, jilvalanib turgan shudringni kuzatadi…
Ushbu she’rda shoir to’rg’ay qushini tongni ardoqlaguvchi, hayotni maqtaguvchi ezgulik darakchisi sifatida ko’rsatadi.Bu shunchaki qushni maqtash, uning bir xislatini namoyish etish emas. Balki to‘rg‘ay misolida shoirning o‘ziga va o‘z hamkasblariga «haqiqiy shoir o‘z xalqining ovozi bo‘lishi, uni ezgu ishlarga chorlashi, yorug‘ tuyg‘ularni kuylashi kerak» degan murojaatidek tuyuladi...
Shoir bu she’rda ifodalangan mazmunni pardalash maqsadida, sarlavhadan keyin, «Tagorga ergashib...», deya she’rga izoh bergan. Ammo she'r satrlarini diqqat bilan o'qisangiz, unda shoirning butun hayoti va ichki dunyosi yaqqol aks etganligiga guvoh bo'lasiz...