Sahifa yuklanmoqda . . .


Saraton

Saraton chog‘i bu — zarra shamol yo‘q,

Tutlar kavagida mudrar g‘urraklar.

Nogahon falakka urgan kabi do‘q,

So‘zsiz qotib turar bo‘ychan teraklar.

 

Osmon lov-lov yonar oftob qo‘ridan,

Ufqda sarobdan otashin baldoq.

Chinqirib yuborar kunning zo‘ridan

Qaygadir berkinib olgan chirildoq.

 

Birdan tinib qolar shu betinch dunyo,

Hatto sharsharakning o‘chganday sasi.

Borliq suv tagiga cho‘kkanday go‘yo

Qanchalik termulma — chiqmas nafasi.

 

Go‘dak uhicha ham shamol topilmas,

Butaning tagida bo‘zto‘rg‘ay hayron.

Dehqon tol tagiga cho‘zildi birpas,

Tindi shoxchadagi qushcha ham biyron.

 

Mening dehqon bobom, andak orom ol,

Quyosh buroviga olgan palla bu.

Saraton o‘zi ham mudraydi behol,

Ohangsiz yalla bu, so‘zsiz alla bu!

 

Hali tong g‘unchasi ochmasidan lab,

Nahor farog‘atin o‘ylamay taqir,

Kimsasiz dalaga ko‘zni uqalab,

Chiqib kelganingni ko‘rdim-ku axir.

 

Ko‘rdim-ku manglaying ter bilan qotib

Berahm otashga berganingni tob.

Ko‘rdim-ku tepangda o‘zin yo‘qotib,

Hayratdan lol qotib qolganin oftob.

 

Azm-u shijoating men axir ko‘rdim,

Ko‘rdim ko‘zlaringda charchoq bir kulgu

Mayli, orom olgin, ey bobo yurtim,

Saraton junbushga kelgan payt-ku bu.

 

Butun olam go‘yo ulkan doshqozon,

Qaydadir — ko‘rinmas uning naryog‘i.

Bu qaynoq qozonni kuzatmoq oson,

Ichiga tushmoqlik osonmas chog‘i.

 

Cho‘ntakdan to‘kilgan tangalar misol

Shu’lalar o‘ynaydi supa uchida.

Birovdan xijolat bo‘lgan kabi tol

Yer chizib turadi — dami ichida.

 

Oftob qayta boshlar, ko‘lanka maydon,

Yana bosh ko‘tarar nomozshomgullar.

Sekin moviylashar qizargan osmon,

Oqarib ko‘rinar kumushrang yo‘llar.

 

Yana yelkanini ko‘tarar shamol,

Yana chug‘urchuqlar uyg‘onar bog‘da.

Bobo yonidagi boladay xushhol,

To‘rg‘aylar charx urar so‘ngsiz samoda

 

Yana yela boshlar oqshom nafasi,

She’r oni, ishq oni, mehnat oni bu.

Bu quyosh o‘lkasin otashin sasi,

O‘zbek diyorining saratoni bu.

1969


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 24-Fevralda yuklangan

199 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
saraton chog' shamol tut kavak g'urrak falak do'q so'z terak osmon oftob ufq sarob otash baldoq chirildoq dunyo sas borliq suv nafas go'dak dehqon orom ohang tong g'uncha lab nahor halovat manglay hayrat
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari