Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu qiz bir so‘mga ham qiladi muqom,
To‘ydan qochib chiqdi uyalib maqom.
Qo‘shiq — navbatdagi bir "...xon" haqida,
Pulni ol! Or-nomus eski aqida.
Ishvani yopishtir badanga, yuzga,
Ayniqsa, mastlarni qochirma ko‘zdan.
Ishva bozori bu! Stollar — rasta!
Torning g'ilofida pul dasta-dasta?
Anov do‘konchiga qil avval ta'zim,
Bir dam sovumasin bir nodon bazm.
Raqqosa! Xirom qil otgunicha tong,
So‘ng uxlab olarsan kelgunicha shom.
Uyg‘onib, yig‘larsan shom chog‘i albat,
Agar yig‘lamasang, undan ham dahshat...
Raqqosa! Davrada ildam-ildam suz!..
Nega nozing — olov, ko‘zlaring — naq muz!
Ha, hayot — beshafqat! Tugadi ertak!
"To‘xta!.." deb qichqirmas biror-bir erkak!
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).