Sahifa yuklanmoqda . . .


Birinchi muhabbatim

Kecha oqshom falakda oy bo’zarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg’otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

O’tdi yoshlik zavq bilan, gohi to’polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba’zan qalb bilan imon bilan,
Lekin seni yo’qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g’aflatga botdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Holbuki, orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yulduzday kulganim yo’q, oy kabi to’lganim yo’q.
Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.

Yo’lin yo’qotsa odam – muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 14-Martda yuklangan

4274 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
muhabbat bir kecha oqshom falak oy zuhro yulduz xanda ruh ma'yuslik sokinlik es xayol dunyo tuynuk qasr sir asir his parvo nido sharpa tush tong dil oh Alloh yo'l g'ussa chora yig'i unutish she'r nom
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari