Sahifa yuklanmoqda . . .


Iztirob

Nima bo’pti,
eslamasangiz?
Nima bo’pti,
qarab qo’ymasam?
Dilingizda tosharmidi his,
Siz deb kuysam
yoki kuymasam?
Menga la’nat bo’lgan bu ishqdan
Yonib ketsa hayotim beiz,
Butun umr sevib o’tsam-u,
Bir lahza ham
sevolmasangiz…
Nima bo’pti,
men sizning emas,
Sevgingizning bo’lsam tutquni?
Sevib o’tsam,
Sevib o’psam mast
Xayolimda saqlab men uni?
Kipriklarim yumsam,
U hozir
Huzurimda bo’ladi paydo:
Mana, titroq qo’llarim suzar
Uning toshqin sochlari aro!
Men sevgan U — judayam yorug’!
Men sevgan U — mag’rur va halol!
Suyanaman yelkalariga
Tongni quchgan atirgul misol!
U — mening mard,
tengsiz Qurolim,
Men u bilan Hur malikaman.
Baxt yaratib har nafasidan,
Osmonlarga yulduz ekaman!
…Yuragimni yengaman demang,
Yuragimda garchand faqat Siz!
Bilsangiz…
Men juda baxtliman!
Nima bo’pti…
Bilolmasangiz!
Ko’nglingizni bo’laklab bering,
Qushchalarga yediring, mayli.
Siz sevgimga qilmangiz shafqat,
Baxtsiz o’tgan baxti tufayli!
Qo’l siltamang….
kulmang….
achinmang….
Achinaman men sizga ko’proq.
Sevilgan-u buyuk ishq bilan,
Sevilganin bilmagan biroq!…


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Zebo Mirzo She'rlari Zebo Mirzo asarlari