Sahifa yuklanmoqda . . .
Sev - Asarlar - sev so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Boshqalar boshidan nechuk aylanay, Yo yangi sevgini boshlayin, qalay, Ko’zimdan duv oqqan yoshim qo’ymagach, O’zga yor husniga qandoq bog’lanay?
Bir qiz yig'lar buloq boshida, Ma'yus majnuntollar qoshida, Ko'ngil ohi ko'zin yoshida: Bevafo ko'p ekan dunyoda... Nigohida oftoblari bor, Nolishlarin javoblari bor, So'ngan sevgi azoblari bor, Bevafo ko'p ekan dunyoda...
Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko'p, Husning oshiqlari - adolaring ko'p. Nimang ko'p, ko'yingda gadolaring ko'p, Ammo men bittaman, men bittadurman. Bek yigit bir sening poyingda xorman, Garchi diydoringga mushtoq-u zorman, Men beun sevarman, men jim sevarman, Qiyomatgacha shul sukutdadurman...
Shamol sabab, ehtimol, Tunda eshik g'ichirlar. Boshlanadi, qishloqda Shunda pichir-pichirlar. Sizga nima? Siz uxlang, Hech ishingiz bo'lmasin. Kimda kimning ko'ngli bor, Qo'yavering, o'ynasin...
Mening shodligimsan, bolaligimsan, Mening g`ussam o`zing, mening armonim. Seni osmonimga olib ketaman, Yerda bizga kun yo`q, kun yo`qdir, jonim!.. Xato qildimmikan men erta kelib, Yo sen adashdingmi kelib keyinmi? Goho kimliging ham bo`lmaydi bilib, Inim deymi seni, sevgilim deymi?..
Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni, Ham oq yuvib-taragansan o`zing bizni. Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib, Kunimizga yaragansan o`zing bizni. Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston, Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!.. Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga, Alpomishlar ruhi yor har o`g`loningga. Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib, Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oningga...
Muhabbat, sen chiroyli, Muhabbat, sen go`zalsan. Tag`in bir zum turaylik, Gapirmayman, uyalsang... So`ng ketarmiz. Sezdimki Men orzuga yetmadim. Seni shunday sevdimki Qo`lingdan ham tutmadim...
Bir sukut yashardi olamda, Mahkam tutib quloqlarini. U asrardi hamma tuyg’udan Nurga tashna qaroqlarini. Eshitmasdi hech bir tovushni, Dunyo go’yo ovozsiz surat. Tashqarida qorni gul bilan Bezar edi o’yinqaroq mart. Shamol tinmay cholg’usidan mung Taratardi telba bog’larga. Sukut hamon begona edi O’zi dalli, ruhi sog’larga...
Sen bor, men bor, demak, dunyo bor, Yerning ikki qutubi kabi. Demak, shunday taqdiri azal, Demak, shunday umr daftari. Qayda bo‘lsang, men qarshingdaman, Qayda bo‘lsam, sen qarshi tomon. Demak, shunday sevasan, erkam, Demak, shunday, sevaman, ishon! Yomg‘ir bo‘lding, to‘kilding, toshding, Olovlarga aylanib yondim...
Bu she'r pokiza va nafis muhabbat qissasidan so'zlaydi. Undagi oshiqlar ko'cha-ko'yda yetaklashib yurmaydi, bir-biriga behayo ko'zlar bilan termulishmaydi. Ular muhabbati ham o'zlari kabi go'zal. Lirik qahramonning oddiygina hayotiga nur bo'lib kirib kelgan bu malak shunchalar hayoli, shunchalar pokizaki, oshiq uning suratiga boqib, "Meni suyasizmi?" deya so'roqlagani uchun hatto surati ham qizarib ketadi...
Har bir inson yuksaklikka intiladi. Yuksalmoq umidida o'qiydi, ilm oladi, mehnat qiladi, kurashadi, to'siqlarni yengadi, ijod qiladi,... U bir kun bu maqsadlarga erishar ham. Uni hamma juda ulug' va yuksak odam deb bilar. Biroq u baribir bir inson uchun oddiygina bola bo'lib qolaveradi. O'sha "katta" odam ham mana shu inson tizzasiga bosh qo'yib, tinchgina orom olishni, uning qoshida o'z dardlari-xatolariga bir-bir iqror bo'lishni tilaydi. Chunki bu inson uni hamisha tushunishi va ovutishiga shubha qilmaydi. U - Onadir.
Oshiqlar uchun bu hayot butkul o'zgacha ma'no kasb etadi. Ular goho otashin hislar qanotida samolar qo'ynida parvoz etsa, gohida tuproqqa aylanib, ma'shuqa oyoqlari ostiga to'kiladi. Ba'zan bahor bo'lib, qalbida yangi-yangi orzu-umidlar gullasa, ba'zida kuzga aylanib, hislari ming bir xazonlarga do'nib, taqdir shamollarida sarsari kezadi. Oshiqlar ko'ziga dunyo boshqacha ko'rinadi. Ular uchun yorning o'zi butun bir olamdir. Ular o'z dunyosini yordan ayri holda tasavvur eta olmaydilar. Ushbu she'r ham chin oshiqning ko'ngil nolalaridir.
Sevgi inson uchun eng ardoqli tuyg'u bo'lsa, andisha ham g'oyat qadrli tuyg'udir. Mazkur she'rning lirik qahramoni ham kimgadir ko'ngil bergan, ammo buni oshkor eta olmagan. U hayotda hamisha nimanidir, kimnidir kutib yashagan. Undagi oq sochlar, ajinlar bundan guvohlik bermoqda. Biroq... U chinakam oshiqlarga xos ravishda ishqini ta'na qilmaydi. Toki ma'shuqqa ozor yetmasin. Axir o'rtada bor: yillar, andisha va oshkor etilmagan muhabbat...
Hijron og'ir. Visol rohatbaxsh. Ammo bir necha soniyadan so'ng hijron kelishi kutilayotgan damlardagi visol-chi? Bu baxtmi yo dard? Azobmi yo rohat? Tun. Yomg'ir mayda-maydalab yog'moqda. Oshiq yuragi ham tilka-pora. So'nggi tun. Visolning so'nggi damlari. Tong ularni ajratishi muqarrar. Ammo ular hozircha birga... Tong otgach ularni qanday taqdir kutib turibdi? She'r ana shu dardli o'ylarning otashin ifodasi yanglig' dunyoga kelgan.
Ushbu she'rda g'oyat maftunkor manzara chiziladi: Tun. Borliqda yomg'ir ohistagina yog'moqda, shamol ham ohistagina qo'zg'oladi, bulutlar bag'ridan ko'ringan hilol ham ohistagina yumshoq nur to'kmoqda. Tun qo'ynida bir qizning ohistagina yig'layotgan tovushi quloqqa chalinadi. Qiz dardlari kaptar patidan ham mayin go'yo. Borliqni nafis tug'yonlar qoplagan...
Inson ona zamindagi eng mukarram va ayni chog'da eng ojiz xilqat. Negaki har qanday inson mehrga tashna. Nafaqat hech kimi yo'q, g'arib-bechoralar, balki shon-shuhratdan boshi osmonga yetgan mashhur zotlar ham chin qalbdan samimiy aytilgan ikki og'izgina shirin so'zga muhtoj. Soxtaliklar va sun'iyliklar urchigan bu zamonda tabiiylik, samimiyat anqoning urug'i go'yo. Hamma uni izlaydi, hamma unga talpinadi...
Beayb Parvardigor. Hammamiz ham gunohkor bandamiz. Hech bir kishi illatdan xoli emas. Kimdir - o'g'ri, kimdir - poraxo'r, ...Biroq dunyodagi eng katta illatlardan biri - bu loqaydlikdir. Do'stdan qo'rqma - nari borsa, seni sotadi, dushmandan qo'rqma - nari borsa, seni o'ldiradi, ammo loqayd insondan qo'rq, deydilar. Ular zohiran hech qanday yomonlik qilmaganday ko'rinsalar-da, botinan atrofda bo'layotgan xunrezliklarga befarqliklari bilan katta fojialarga sababchi bo'ladilar. Ushbu falsafiy she'rda ana shu hayot haqiqati yoritilgan.
Hayot qiziq. Inson agar tabiatga mehr qo'ysa, quyoshni, oyni, yulduzni, tog'-u toshlarni, gullarni sevsa, bunga hech kim qarshilik qilmaydi, man etmaydi. Ammo... inson o'zi kabi boshqa bir insonga ko'ngil qo'yar ekan, ming xil to'g'anoqlar boshida aylana boshlaydi. Tahdid, qarg'ish, tahqir, istehzo, zaharhanda gaplar, mish-mishlar... muhabbat yo'liga rahna soladi. Inson o'zi o'ylab topgan sun'iy shartlar chirmovug'ini yorib chiqa olmaydi. Balki, shuning uchun ham dunyoda qahr beadad-u muhabbat bebahodir...
Inson tabiati qiziq. Ba'zida o'z yuragini ushlab, uning davr dardlaridan majruh ekanligini sezib qoladi va og'ir xayollarga botadi. Tafakkur zalvoridan qadamlar sekinlashadi, inson o'yga toladi "Bu umr deganlari buncha uzoq yo'l bo'lmasa?.." Shunday damlarda yonida sevgan insoni - suyanchig'i bo'lsa, u dil dardlariga malham bo'ladi. Bunday chog'lar yurakda yashamoq zavqi to'lib, qadamlar ham birdan jadallashadi. Inson esa yana o'yga toladi "Bu umr deganlari buncha qisqa yo'l bo'lmasa?.."
XX asr. Qanchadan qancha kashfiyotlar, qanchadan qancha ixtirolar, qanchadan qancha o'zgarishlar davri! XX asr. Qanchadan qancha yovuzliklar, qanchadan qancha qonxo'rliklar, qanchadan qancha xunrezliklar davri. Bu asr katta taraqqiyot va tanazzul olib keldi insoniyatga. Insoniyat bu davrda juda ko'p narsa topdi va yo'qotdi. Ushbu she'r o'tgan asrning butun saodati va fojiasini ko'rsatib beruvchi yorqin ko'zgudir.
Ayol baxt nimada? Zeb-u ziynatdami? Shon-u shuhratda? Yuksak unvondami? Olqishlardami? Yo’q! Ayol baxti o’z sevgan yorining mehrini his qilmoqlikdadir. Ko’pincha erkak zoti ayolimga hamma narsani muhayyo qilib bersam ham, nega ko’ngli to’lmaydi, unga nima yetishmaydi o’zi, deb xunob bo’lib yuradi. Aslida ayolga ko’p narsa kerakmas. Ayollar dilidagi eng aziz tilak: “Menga mehr ko’rgaz, mehribonlik qil”…
Biz vatan haqida yozilgan ko’plab bir-biriga o’xshash, siyqa satrlardan zerikkanmiz. Ba’zi shoirlarning vatan haqida ham she’r yozib qo’yishim kerak deya zo’rma-zo’rakilik bilan bitgan she’rlari tufayli bu mavzudagi she’rlarga ishtiyoq susaygan. Chunki soxtalik bilan aytilgan kalom hech qachon dillarga yetib bormaydi. Biroq ushbu she’rda shoira vatanni shunchalar samimiy tarannum etadiki, uni o’qir ekansiz, bu so’zlar yuragingizning tub-tubiga yo’l olganini tuyasiz.
Ayriliq. Poyonsiz dard, cheksiz iztirob. Biroq ko’pincha oshiq ko’ngil buni qabul qilolmaydi va shu bois yordan judolik azoblarini tan olmaydi. To’g’rirog’i, u boshqalarga bu holni “yaxshi bo’ldi” deb izohlar ekan, bunga ko’proq o’zini ishontirgisi keladi. Ammo uning har bir kalomi ostida beadad g’am, tabassumi ortida ko’zyoshi yashiringan bo’ladi.
Ushbu she’r muhabbatning shirin azoblari mahsuli bo’lib, undagi o’ynoqi ohanglarda ana shu mo’jizakor tuyg’u va u tufayli dilda paydo bo’lgan kechinmalar tarannum etilgan. Shoira o’z yoriga qarata chin dildan “San o‘zing do‘stijonim, Ham o‘zing qasdi jonim”, der ekan, bu iqrorning o’ta samimiyligi va sofligidan zavq tuyasiz.