Sahifa yuklanmoqda . . .
Sev - Asarlar - sev so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
«Yo‘lchi» she’rini o‘qirkan, chinakam muxlis ko‘ngli bir narsani aniq ilg‘aydi. U ham bo‘lsa, lirik qahramon — shoir ko‘pchilik oddiy odamlar singari yetishish mumkin bo‘lgan orzular ko‘yida yurgan odam emas. Uning talpingan manzili «murodga qasd qilib yugurish»ni talab qiladi. Bu manzillarga yetmoq hali ne-ne mehnat va g‘amni, qanchalar shiddatli bo‘ronlarni uning boshiga solajak...
Ushbu she'rda Cho'lponning buyuk va xassos qalbini ko'rgandek bo'lasiz. She'r hamdardlik hislariga to'la bo'lib, uni o'qigach, shoir "Binafsha" so'zi ostiga qanday mazmunni berkitganini bilib olishingiz mumkin.
Cho'lpon she'rlari ko'povozlidir. Ularni o'qigan har bir kitobxon o'z bilimi va saviyasiga ko'ra xulosa chiqaradi. Jumladan, ushbu she'rda ham lirik qahramon "Go'zal"ni so'roqlab, yulduzga, oyga, quyosh-u shamolga murojaat qiladi. Kim edi u go'zal? Odam timsolimi, ozodlik ramzimi, baxtmi yoki taqdir ifodasimi? Xulosa qilish sizdan...
Ushbu murabba’ adabiyot ixlosmandlari o’rtasida juda mashhur bo’lib, dastlabki misralardanoq chuqur dard, qayg’uli ohang kishini o’z og’ushiga oladi. Ammo aynan shu dard o’quvchini o’ziga maftun qiladi. Zero, dard insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi sehrli kuchga ega…
G‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzusi qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak. G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy – tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.
"Odamlarga beg'araz kulgi ulashib, ularning qalbidan g'uborlarni ketkazuvchi hazil chinakam hazil, aks holda, u bema'nilikdan o'zga narsa emas", deydilar. Ushbu hikoya qahramonlari ham katta odamlar bo'lishiga qaramay, ana shunday bema'nilikni o'ziga odat qilgan kishilardir. Hikoya bilan tanishish jarayonida ba'zi hazillarning tagi zil ekaniga o'zingiz ham amin bo'lasiz.
Bahor. Borliqda turfa go'zallik. Olam zarrin nurlar va gullarga burkangan. Barcha bu latofat qarshisida mast. Biroq lirik qahramon qalbi nechukdir bezovta. U atrofidagi go'zallikni yana kimgadir ilinadi. Usiz hayot zavqsiz, olam nursiz, hatto bahor ham g'aribdir. U uchun borliqda faqat bir savol kezadi: "Sen bahorni sog'inmadingmi?.."
Shodlik va baxt kuychisi Hamid Olimjonning „Xayolimda bo’lding uzun kun...“ she’ri yuksak san'atkorlik va badiiy did mahsuli bo'lib,unda poetik kashfiyotni ko‘ramiz, uning mutanosibligidan, qalb torlarini sehrli tebratishidan hayajonga tushamiz, „hiylagar oy, sehrgar dilbar kimnidir yodimizga solib qo‘yganidan“ huzur va soginch tuyamiz.
She’r hozirgi O‘zbek Milliy teatri sahnasida «Hamlet» spektaklining qo‘yilishi munosabati bilan 1936-yilda yozilgan. O‘zbek sahnasining go‘zal yulduzlaridan biri Shohida Mahzumova mazkur spektaklda Ofeliya obrazini shunday qoyilmaqom qilib yaratgan ediki, Hamid Olimjon, shoira Zulfiyaning aytishicha, uning ijrosidan uzoq vaqtgacha qattiq hayajonda yurgan. Ammo she’rni o‘qir ekanmiz, unda ijrochini emas, balki Ofeliyaning o‘zini butun go‘zalligi, dardlari, armonlari va fojiasi bilan ko‘rgandek bo‘lamiz.
"...Men uchun nihoyat aziz satrlar... Bu she’r menga bag‘ishlangani uchungina emas, balki ulug‘ shoirning buloq suvlaridek musaffo qalbi mavj etib turgani uchun ham sevaman uni. Bu she’rni o‘qib, hasratlarim, dardlarim, tashvishlarim erib yo‘qolgandek bo‘ladi". (Zarifa Saidnosirova)
Tabiat lirikasining benazir namunasi bo’lmish bu she’rni o‘qir ekanmiz, quyosh botishi oldidagi manzara ko‘z oldimizda butun ilohiy go‘zalligi bilan jonlanadi. Quyosh tog‘lar bag‘riga singib borar ekan, ufq shafaqning qonli ranglariga belanadi. Quyosh botishi bilan lirik qahramonning ruhiy hayotida ham so‘lg‘inlik boshlanib, «umid tosi» singandek bo‘ladi, bu tosning sinayotgan paytdagi ovozi esa uning qalbini shu qadar pora-pora qiladiki, na xayol va na sevgi ro‘yosi lirik qahramonni yupata olmaydi…