Sahifa yuklanmoqda . . .
Sanam, sochingdan ham shaydolaring ko'p,
Husning oshiqlari - adolaring ko'p.
Nimang ko'p, ko'yingda gadolaring ko'p,
Ammo men bittaman, men bittadurman.
Bek yigit bir sening poyingda xorman,
Garchi diydoringga mushtoq-u zorman,
Men beun sevarman, men jim sevarman,
Qiyomatgacha shul sukutdadurman.
Deydilar: muhabbat bilmas masofa,
Ayriliqni pisand qilmas masofa.
Kelursan o'zing deb bir kun insofa -
Gohi Toshkent, gohi Urgutdadurman.
Tiling bilmasam ham tushungandayman,
Sen bilan gohi do'st tutingandayman.
Gohi bu do'stlikdan o'kingandayman,
Ming bir xayol ichra ming bittadurman.
Suymoq - bu gulxanda kuymoq azali,
Men shahar erkasi, sen tog' go'zali.
Eslab yur yodingga tushgan mahali -
Shaydolaring ko'p-u, men bittadurman!..
Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.