Sahifa yuklanmoqda . . .

Oy - Asarlar

Oy - Asarlar - oy so'zi ishtirok etgan barcha asarlar

Tong otdi. Ko’chaning bag’rida Odamlar yuradi o’zicha. Hayotni mo’ltirab kuzatar Daraxtda o’tirgan musicha. Kim daydi yellardek kezinar, Kim ko’zdan ma’nolar o’qiydi. Musicha daraxtda o’tirib, Ming turli falsafa to’qiydi. Bir yerda aqchasiz gadolar, Bir yerda yuraksiz boylarmi?..

32
She'r
Saodat Fayziyeva

Sen bor, men bor, demak, dunyo bor, Yerning ikki qutubi kabi. Demak, shunday taqdiri azal, Demak, shunday umr daftari. Qayda bo‘lsang, men qarshingdaman, Qayda bo‘lsam, sen qarshi tomon. Demak, shunday sevasan, erkam,  Demak, shunday, sevaman, ishon! Yomg‘ir bo‘lding, to‘kilding, toshding, Olovlarga aylanib yondim...

26
She'r
Oygul Asilbek qizi

Jonim,  olovlarim so‘ndi ko‘ksimda. Sermavj to‘lqinlarim,         asov soylarim,              yugurik qonlarim Ilkis oldi tin. Boshimda to‘plangan bulutlar,         do‘llar,              sovuq yomg‘irlarim  Ketmadi lekin. Jonim, yuragimday yondi xazonlar, Mezon bog‘lariga yashillik qaytdi; Yalang‘och qo‘llarin qaylarga cho‘zib, Keksa daraxt menga manzil ko‘rsatdi...

27
She'r
Oygul Asilbek qizi

Yomg‘irlar suratin chizar qumlarga,  To‘lqinlar zarbidan titraydi sohil.  Mayoqlar chorlagan olis ufqlarga,  Dengiz kemalarni kuzatar og‘ir.  Olmos cho‘qqilarni tark etar ellar,  Keskir bo‘ronlarga aylanib minbad.  ellardek o‘tayotgan aziz umrning  Qaylarda nihoya topishi g‘alat.  Necha bor uzilar yurak torlari,  Kimlar qayta bog‘lar bu rishtalarni...

28
She'r
Oygul Asilbek qizi

Shoshilib-shoshilmay oyoq qo‘yamiz,  Baland binolarga boqib odatda.  Zinalarni bosib ko‘tarilamiz,  Hayotda, ilmda, adabiyotda.  Har tong yo‘limizda uzun zinalar,  Har kech qadamimiz ostida yana.  Nafaqat bitondan, toshdan, taxtadan,  Hattoki odamlar bo‘ladi zina. Yuksak-yuksaklarni ko‘zlaydi yurak, Faqat yuksaklarda omad bilinar...

28
She'r
Oygul Asilbek qizi

Qutblar cho‘zilar olis-olisga,  Tayanch nuqtasida aylanar hayot.   Ulkan minoralar, qoyalar, hatto Tayanch nuqtasiga ega koinot. Milliard sayyoralar, milliard zarralar, Milliardta ko‘ngillar, yuzlar turfa xil. Barchasi aylanar, adashar, lekin Tayanch nuqtasiga sodiq muttasil. Sokin oqshomlarning sovuq nafasi Ko‘ksimda huvillab esgan daf'ada...

26
She'r
Oygul Asilbek qizi

Muhabbatning mabdasi ham Alloh. Bandaning eng toza hislari ham Allohdan in'om etilgan va ular yolg'iz Allohga tegishlidir. Ammo bandalar ko'pincha bu dunyo hoy-u havaslariga berilib ketib, o'z Xoliqlarini unutib qo'yadilar. Holbuki, Alloh bizni o'z mehridan yaratgan paytda biz sevgan mol-dunyo qayoqda edi? Shon-shuhrat qayoqda edi? Mansab-amal qayoqda edi? Qayoqda edi bizning internet? Yorimiz qayoqda edi? Aslida bu ne'matlarning hammasi omonat. Ular bari o'tkinchi. Bu ne'matlarga bo'lgan ishtiyoq asl muhabbatimizdan - Allohdan uzoqlashtirmasin bizni...

51
She'r
Nodir Jonuzoq

Ushbu she'r javobsiz muhabbat haqida. Yigit qiz ko'yida sarson-u mubtalo, uning bir nigoh tashlashiga mushtoq. Ammo qiz juda chiroyli, go'zal, mag'rur, xotirjam, sokin, sipo, beparvo, vazmin va osuda. Qalbida ming tug'yonlar bo'lsa-da, dilida vulqon, qonida to'fon uxlasa-da, o'zini beg'am-betashvish tutadi. Yigit sho'rlik tashvishda: bekor unga ko'ngil berdimmi, endi bechora hislarim shamollarda qolib sovriladimi deya...

1
65
She'r
Nodir Jonuzoq

Mazkur she'r noan'anaviy mavzuda bitilgan bo'lib, unda singlisi uzatilib, o'zi turmushga chiqmay qolgan va el nazarida "qariqiz" degan nom olgan qizning og'ir iztiroblari, dardlari o'z ifodasini topgan. Albatta, har narsaning o'z vaqtida bo'lgani yaxshi. Har bir qiz ham o'z baxtini kutib, ne-ne orzular qanotida yashaydi. Ammo hammaning taqdiri har xil. Alloh hammaga har xil sinov beradi... Ushbu she'r o'quvchini o'zgalar dardini ham tushunish va his etishga o'rgatadi.

57
She'r
Nodir Jonuzoq

Ushbu she'r hazilomuz ruhda bo'lib, unda shahardan o'ziga qo'nim topgan qishloqlik shoir yigitning kechinmalari nozik yumor bilan ifodalangan. May oxirlab, o'rim davri boshlansa-da, lirik qahramon qishloqqa qaytmay, shahardan turib, dehqon sha'nini olqishlovchi she'rlar bitishni afzal ko'radi. Ammo uning qalbi shunchalar sodda va beg'uborki, u o'z qilmishidan o'zi uyaladi, ko'chadagi har bir yo'lovchi unga ta'nali nigoh bilan boqayotganday tuyuladi...

36
She'r
Nodir Jonuzoq

Bu she'r pokiza va nafis muhabbat qissasidan so'zlaydi. Undagi oshiqlar ko'cha-ko'yda yetaklashib yurmaydi, bir-biriga behayo ko'zlar bilan termulishmaydi. Ular muhabbati ham o'zlari kabi go'zal. Lirik qahramonning oddiygina hayotiga nur bo'lib kirib kelgan bu malak shunchalar hayoli, shunchalar pokizaki, oshiq uning suratiga boqib, "Meni suyasizmi?" deya so'roqlagani uchun hatto surati ham qizarib ketadi...

36
She'r
Nodir Jonuzoq

Har bir inson yuksaklikka intiladi. Yuksalmoq umidida o'qiydi, ilm oladi, mehnat qiladi, kurashadi, to'siqlarni yengadi, ijod qiladi,... U bir kun bu maqsadlarga erishar ham. Uni hamma juda ulug' va yuksak odam deb bilar. Biroq u baribir bir inson uchun oddiygina bola bo'lib qolaveradi. O'sha "katta" odam ham mana shu inson tizzasiga bosh qo'yib, tinchgina orom olishni, uning qoshida o'z dardlari-xatolariga bir-bir iqror bo'lishni tilaydi. Chunki bu inson uni hamisha tushunishi va ovutishiga shubha qilmaydi. U - Onadir.

26
She'r
Nodir Jonuzoq

Uch og'a-ini botirlar ertagini hamma biladi. Botirlar qarshisidan uch yo'l chiqadi: "Borsa kelar', "Borsa noma'lum", "Borsa kelmas"... She'rning lirik qahramoni - shoir qarshisidan ham ana shu uch yo'l chiqadi. U esa hech ikkilanmay "Borsa kelmas"ni tanlaydi. Chunki uning tabiati mujmal o'yinlarni yoqtirmaydi, uning tabiatida taqdirga tik boqish bor. Zero, "Borsa kelmas" - bu umr yo'lidir...

42
She'r
Usmon Azim

Oshiqlar uchun bu hayot butkul o'zgacha ma'no kasb etadi. Ular goho otashin hislar qanotida samolar qo'ynida parvoz etsa, gohida tuproqqa aylanib, ma'shuqa oyoqlari ostiga to'kiladi. Ba'zan bahor bo'lib, qalbida yangi-yangi orzu-umidlar gullasa, ba'zida kuzga aylanib, hislari ming bir xazonlarga do'nib, taqdir shamollarida sarsari kezadi. Oshiqlar ko'ziga dunyo boshqacha ko'rinadi. Ular uchun yorning o'zi butun bir olamdir. Ular o'z dunyosini yordan ayri holda tasavvur eta olmaydilar. Ushbu she'r ham chin oshiqning ko'ngil nolalaridir.

742
She'r
Usmon Azim

Aslida mehr-u muhabbatdan hech kim to'ymaydi. Ammo ko'pincha yonimizdan oqqan suvning qadri bo'lmaydi. Hayotda ba'zi insonlar havoga o'xshaydi: yoningizda ekanliklarida ko'zga ilmaysiz, ammo ularsiz bir daqiqa ham yasholmaysiz. Buyuk qalb sohiblarida tuyg'ular ham ulug'vor bo'ladi: buyuk muhabbat, buyuk g'urur, buyuk andisha. Biroq ko'pincha bu baland g'urur shamollarida pokiza ishq olis-olislarga uchib ketadi va insonning buyuk qalbi ham maydalashib, kuni oddiy munosabatlarga qoladi...

1
30
She'r
Usmon Azim

Shoirning yuragi ulkan bo'ladi. Busiz iloj yo'q. Sababi u shu yuragiga butun olam haqiqatlarini, quvonch-u tashvishlarini, dardlarini joylay olishi lozim. Dunyo bozorida har kim o'zida bori bilan savdo qiladi. Kimdir riyokorlik bilan, kimdir fosiqlik bilan... Shoir esa odamlarga o'z yuragini taqdim etmoq niyatida. Doim dunyo tashvishlariga ko'milib, nimadandir norozi yuradigan odamlar hayotiga ozgina bo'lsa ham nur baxsh eta olsa bo'lgani. Ammo bu yurak shunchalar ulkanki, uni hech kim butunlay o'ziga ololmaydi va ular qo'llariga xanjar olib, uni burdalay boshlaydilar...

64
She'r
Usmon Azim

Muhabbat dardiga davo bormi? Oshiq o'z ma'shuqasini unutmoqqa har qancha urinmasin, besamar. Kunduzlar o'zini hayot tashvishlariga alahsitsa-da, kechalar yana uning yodi yurakka qaytadi va shu zahoti oshiq jism-u jonini zabt etadi. Shunda u munavvar tunga boqib, yig'lagan ko'yi yor ismini takrorlaydi. O'rtada masofa olis. Mahbuba o'z oshig'ining ovozini eshitmas. Biroq shunda ham oshiq ming andisha bilan yoridan mabodo uning ovozini eshitib qolsa, ishonmasligini, yig'lamaslini so'rar ekan, bir o'tinchdan o'zini tuya olmaydi: "Unutma faqat..."

38
She'r
Usmon Azim

Hijron og'ir. Visol rohatbaxsh. Ammo bir necha soniyadan so'ng hijron kelishi kutilayotgan damlardagi visol-chi? Bu baxtmi yo dard? Azobmi yo rohat? Tun. Yomg'ir mayda-maydalab yog'moqda. Oshiq yuragi ham tilka-pora. So'nggi tun. Visolning so'nggi damlari. Tong ularni ajratishi muqarrar. Ammo ular hozircha birga... Tong otgach ularni qanday taqdir kutib turibdi? She'r ana shu dardli o'ylarning otashin ifodasi yanglig' dunyoga kelgan.

97
She'r
Usmon Azim

Muhabbat va rashk. Ikkisi egiz tushunchalar. Sababi biri ikkinchisisiz mavjud bo'la olmaydi. Inson o'z sevganini dunyoda hamma-hammadan - hatto oy-u yulduzlardan, gul-u giyohlardan, bahor-u yozlardan qizg'onadi. Oshiq ma'shuqasini o'z qalbi qadar yaqin ko'radi. Qalbsiz yashab bo'lmagani kabi mahbubasidan ham yiroq hayot kechirishni tasavvur eta olmaydi. U butun borlig'i bilan sevgilisiga qarata: "Sen faqat menikisan! Men seni hech kimga bermayman!" deydi...

95
She'r
Usmon Azim

Ushbu she'rda insonning yurak qatlarida bo'ladigan, hatto eng yaqin do'stga ham aytish, tushuntirish imkonsiz bo'lgan hislar juda ta'sirchan va sof holda ifoda etilgan. Alloh qaysidir bandasiga ulkan dard - shoirlik qismatini berar ekan, unga shu dardni ko'tara oluvchi ulkan yurak ham beradi. Binobarin, bunday ulkan yurak bilan inson kichikkina qishloqqa sig'maydi. U bu yerdan ketishga majbur. Ammo qayerga bormasin, dasht - vatani unga hamisha hamrohlik qiladi...

118
She'r
Usmon Azim

Beayb Parvardigor. Hammamiz ham gunohkor bandamiz. Hech bir kishi illatdan xoli emas. Kimdir - o'g'ri, kimdir - poraxo'r, ...Biroq dunyodagi eng katta illatlardan biri - bu loqaydlikdir. Do'stdan qo'rqma - nari borsa, seni sotadi, dushmandan qo'rqma - nari borsa, seni o'ldiradi, ammo loqayd insondan qo'rq, deydilar. Ular zohiran hech qanday yomonlik qilmaganday ko'rinsalar-da, botinan atrofda bo'layotgan xunrezliklarga befarqliklari bilan katta fojialarga sababchi bo'ladilar. Ushbu falsafiy she'rda ana shu hayot haqiqati yoritilgan.

64
She'r
Usmon Azim

Biz hammamiz yo'llardamiz. Har bir inson yo'lchi. Tug'ilish umr yo'lining boshlang'ich nuqtasi bo'lsa, o'lim uning so'nggi nuqtasi. Bu asosiy yo'l ichra yana ko'plab so'qmoqlar mavjud: yaxshilik yo'li, yomonlik yo'li, adolat yo'li, razolat yo'li... Har bir so'qmoqning ham shahobchalari bor: ilm yo'li, ijod yo'li, san'at yo'li... Xullas, bu she'r yo'l haqida bitilgan go'zal asardir.

306
She'r
Asqad Muxtor
Faxriddin Shamsimatov

Hayot juda go'zal. Yashamoq zavqli. Har bir nihoyaning ibtidosi bor. Qish qahratonidan so'ng bahor quyoshining zarrin yog'dusi olamni munavvar etib, dillarga hayot zavqini qaytaradi. Borliq nurlarga, gullarga va ko'm-ko'k maysalarga to'ladi. Maysalar qatida hayot toshadi. Maysalar bomba o'pqonlari-yu yong'in bo'lgan joylarni ham chetlab o'tmaydi. Borliqning barcha ayblarini yopib, odamlarga dunyoni yanada go'zal ko'rsatadi...

63
She'r
Asqad Muxtor
Asqad Muxtor

XX asr. Qanchadan qancha kashfiyotlar, qanchadan qancha ixtirolar, qanchadan qancha o'zgarishlar davri! XX asr. Qanchadan qancha yovuzliklar, qanchadan qancha qonxo'rliklar, qanchadan qancha xunrezliklar davri. Bu asr katta taraqqiyot va tanazzul olib keldi insoniyatga. Insoniyat bu davrda juda ko'p narsa topdi va yo'qotdi. Ushbu she'r o'tgan asrning butun saodati va fojiasini ko'rsatib beruvchi yorqin ko'zgudir.

79
She'r
Asqad Muxtor
Asqad Muxtor