Sahifa yuklanmoqda . . .
Jonim,
olovlarim so‘ndi ko‘ksimda.
Sermavj to‘lqinlarim,
asov soylarim,
yugurik qonlarim
Ilkis oldi tin.
Boshimda to‘plangan bulutlar,
do‘llar,
sovuq yomg‘irlarim
Ketmadi lekin.
Jonim, yuragimday yondi xazonlar,
Mezon bog‘lariga yashillik qaytdi;
Yalang‘och qo‘llarin qaylarga cho‘zib,
Keksa daraxt menga manzil ko‘rsatdi.
Moviy gumbazlari olis ko‘ringan,
Qirra minoralar ufqlarga yon.
Karvon qadamlarin ko‘ksida tuyib,
Bunda qadim yo‘llar mudraydi shoyon.
Bunda somon yo‘li yulduzlarining
Qaylarga ko‘chadi yorug‘ saflari.
Xuddi tole’ingga va'da berganday
Ko‘hna ehromlarning taqdiri kabi.
Jonim, bolaligim qoldi olisda,
Yashil vodiylarda, moviy tog‘larda.
Kaftingga chizilgan yo‘llarga qarab,
Meni izlab borgin o‘sha yoqlarga.
O’zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olgan. “Ostona” va “Shoir xayollari” she’riy to’plamlari muallifi. Somerset Moem, S.A.Tolstaya, O.Genri, R.Agutagava ijodidan qilgan tarjimalari e’lon qilingan.