Sahifa yuklanmoqda . . .
Is - Asarlar - is so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Ushbu she’rda Mirtemirning vatanparvarlik tuyg’ulari to‘la namoyon bo‘lgan. U o‘zi tug’ilgan, ulg‘aygan, butun umrini yashab o‘tgan Vatanini butun o’ziga xosliklari bilan ta’riflab, yurt dushmanlariga nisbatan nafratini izhor qiladi.
Ushbu asar avtobiografik xarakterga ega. Garchi shoir unda ismlarni o'zgartirib tasvirlagan bo'lsa-da, sinchkov o'quvchi uning dastlabki satrlaridanoq shoirning armonli va alamli muhabbat qissasini ko'ra oladi. «Surat» bir necha lirik she’rlardan tarkib topgan. Ayni paytda ular o‘zaro yagona lirik sujet mehvariga terilgani uchun bizni bir insonning butun boshli taqdiri bilan tanishtiradi...
Mumtoz o‘zbek she’riyatida kiprik, odatda, ayol go‘zalligini tasvirlashda poetik obraz sifatida qo‘llanib kelgan. Mirtemir Sharq mumtoz adabiyotining bu doimiy poetik obrazlaridan biriga mutlaqo o‘zgacha g‘oyaviy yuk bag‘ishladi. U o‘zi parvarishlab o‘stirayotgan ijodkor yoshlarni kipriklarim deb atadiki, natijada kiprik poetik obrazi an’anaviy obraz darajasidan ko‘tarilib, yangi zamonaviy mazmun bilan sug‘orildi.
O‘zbek qishloqlari hamisha to‘kinlik va saxovat ramzi bo‘lgan. Qishloqqa borgan odam hech qachon e’tiborsiz qolmaydi. Mehmonni otaday ulug‘lash, unga bor mehrini berib, ehtirom ko‘rsatish qishloqlarimizda azal-azaldan qolgan udum. Har bir xonadon egasi uyiga kirgan qo‘noqni tansiq taomlar bilan siylashga harakat qiladi, borini mehmonning oldiga to‘kadi. Mazkur she’rda ham shoir qishloqning o’ziga xos qiyofasini chizadi.
Mazkur she’rda lirik qahramon suv bo‘yida baliqlarning suzib, o‘ynoqlashini tomosha qilib o‘tirarkan, biror kattaroq baliqni ushlash ilinjida suvga non ushoqlarini tashlaydi. Buni ko‘rib toshlar orasiga bekinib yotgan baliqlar suzib keladi. Bolaning mo‘ljali ulkan baliqni tutib buvisiga olib borsa-yu, undan maqtov eshitsa. Biroq qo‘liga sira baliq ilinmaydi. Sirg‘alib chiqib ketadi-yu, tutqich bermay qochadi. Shunda bola to‘r tashlab, bitta emas, barchasini ushlab olishni mo‘ljallaydi…
Bulut — bu yomg‘ir darakchisi. Osmonda bulut paydo bo‘lishi bilan barchaning xayolidan yomg‘ir yog‘adi degan fikr o‘tadi. Shunga yarasha taraddud va ehtiyot choralari ko‘riladi. Albatta, bemavrid yomg‘ir yog‘sa, kayfiyat buziladi, ko‘ngil g‘ash tortadi. Bu, odatda, qop-qora bulut butun osmonni qoplab, kunni tundek qorong‘ilikka chulg‘agan damlarda bo‘ladi. Ammo shoirning qo‘liga qalam tutqizgan bu tabiat hodisasi yorug‘lik, to‘kinlik belgisi...
Shoir bu she’rda ifodalangan mazmunni pardalash maqsadida, sarlavhadan keyin, «Tagorga ergashib...», deya she’rga izoh bergan. Ammo she'r satrlarini diqqat bilan o'qisangiz, unda shoirning butun hayoti va ichki dunyosi yaqqol aks etganligiga guvoh bo'lasiz...
To‘ra Sulaymonning «Iltijo» she’ri bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi. Biroq banddan bandga shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassam, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.
G'.G'ulom bu she'rda «o‘zbek otasi»ning bo‘rtma, umumiy, hamma uchun tanish, yaxlit siymosini aks ettirgan. Unda otalarimizga xos bo‘lgan jamiki fazilatlar o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ularning samimiyligi, jonsarakligi, har doim ham oshkor qilinavermaydigan farzandga mehr-u muhabbati, kuzatuvchanligi, tantiligi, andishasi... barcha-barchasi shu she’rda namoyon bo‘ladi.
Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi.
Ushbu shoir otashin qalb sohibi bo'lmish shoirning o'z sevgan yoriga dil izhori bo'lib, unda oshiq o'z ma'shuqasiga ko'ngil sirlarini bayon etar ekan, agar vatan chorlagudek bo'lsa, qo'lyozmalarini tashlab, shinel kiyib, janglarga kirishga ham tayyorligini aytadi.
Ushbu she'r U.Nosirning Samarqanddan onasiga yozgan she’riy maktubi bo'lib, unda shoir bolaligida ko‘rgan sargardonliklarini tabiat manzaralariga uyg‘un holda qayta jonlantiradi, o‘quvchini o‘z xotiralariga oshno etadi.
Ushbu she'r orqali shoir go'yo g'aflat uyqusidagi millatni uyg'otishga intilgan edi. Hamza nazarida, chalajon millatni tiriltiruvchi, qayta oyoqqa qo‘yuvchi darmon ilm-ma’rifatdir. Shu bois u xalqni ilm olib, taraqqiyot sari intilishga chorlaydi.
Ushbu g'azal muhabbatning go'zal bir madhi bo'lib, u qalbingizda go'zal hislar uyg'otishiga ishonamiz.
Mazkur she'r Vatan haqida bo'lib, u o'quvchilar qalbida vatanga muhabbat hissini oshirishga qaratilgan.
Ushbu she'rda maktabning barcha ezgu jihatlari ulug'lanadi va shoir barchani maktabga borib, ilm olib, ma'rifatga yuzlanishga chorlaydi.
Ushbu she'rda millatimizga xos bo'lgan qusurlar fosh etiladi. Bu orqali shoir o'z millatini ana shu illatlardan xoli bo'lib, tamaddunga yuz tutishini orzu qiladi.
Shoir hayotida chuqur iz qoldirgan iztirobli sevgi tarixi bu she’rning yozilishiga turtki bergan. Unda ko‘nglining suygan yoridan ayrilgan lirik qahramon iztiroblari quyuq badiiy bo‘yoqlarda ta’sirli ifodalangan.
Shoir «O‘gut»da o‘zi va millati dardlariga najot topganday bo‘ladi. Bu najot - xalqning og‘ir-vazmin, mulohazakor, biroq ko‘zlari yoniq farzandlari - yigitlaridir! Bu yigitlarning nurli ko‘zlarida shoir millatning ertangi kunini, baxt-u iqbolini ko‘radi. Zero, har qanday xalqning kelajagi uning bag‘ridan yetishib chiqajak avlodga, bu avlodning millat orzularini qanchalik chuqur anglashiga bogliqdir.
«Mirrix yulduziga» she’rida Turkiston o‘lkasi XX asr boshlarida tushib qolgan g‘oyat achinarli holat o‘z ifodasini topgan. Jafokash Vatan vujudiga joylashib olib, qonini zulukdayin so‘rgan kimsalar kirdikoridan ozorlangan lirik qahramon xayolan Mirrix yulduziga murojaat etadi. Bu murojaat boshdan-oyoq achchiq savollardan tashkil topgan. Afsuski, «yerimizning eng qadrli tuqg‘ani» — go‘zal Mirrix ham bu holdan lol qotgan...
Ushbu she'rda Cho'lponning buyuk va xassos qalbini ko'rgandek bo'lasiz. She'r hamdardlik hislariga to'la bo'lib, uni o'qigach, shoir "Binafsha" so'zi ostiga qanday mazmunni berkitganini bilib olishingiz mumkin.
Agar siz Cho'lponning xalqqa bergan ta'rifini bilmoqchi bo'lsangiz, albatta, ushbu she'r bilan tanishing. Shuningdek, unda shoirning yurt ozodligi haqidagi yorug' o'ylari ham o'z ifodasini topgan.
Kuz qo'ynida turgan shoir "Bahorni sog'indim" der ekan, bahor shunchaki yil fasligina emas, balki majoziy ma'no ham kasb etadi. Shoir uchun mustamlakachilik davri go'yo kuz izg'irini kabi bo'lsa, bahor istiqlol va porloq istiqbol haqidagi "ezgu tilaklar"ni anglatardi...