Sahifa yuklanmoqda . . .
Go‘zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqg‘ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg‘a tushibsan,
Tuvg‘aningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
So‘yla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo‘lib turgan tubanliklar, xo‘rliklar,
So‘yla, yulduz, sening dag‘i quchog‘ingda bo‘lurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
O‘rtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o‘ksuz yo‘qsulning qonin
-Gurunglashib, chog‘ir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O‘z qopchig‘in to‘ldirg‘ali buzg‘anlar.
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yo‘lida
Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar?
1920
(1886-1938) Abdurauf Fitrat o‘zbek xalqi hayotida XX asr tongida boshlangan Yangi Milliy Uyg‘onish davri va uyg‘onish adabiyotining buyuk vakilidir. Fitrat o‘zbek adabiyotini istiqlol ruhidagi ajoyib she’rlar, publitsistik maqolalar, nasriy asarlar, dramalar hamda tilshunoslik va adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan teran tadqiqotlar bilan boyitdi.