Sahifa yuklanmoqda . . .
Bosh - Asarlar - bosh so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Baxt va armonning mezoni mavjudmi? Kim baxtli va kim baxtsiz ekanini bexato topa oluvchi kishi ham bormikan dunyoda? Axir har bir inson ochilmagan kitob, javobi topilmagan jumboq. Ko’pincha biz baxtiyor deb havas qilgan odamlarning hayoti armonlarga belangan, umri to’la gul deganimizning yo’li to’la tikan, boshidan nur yog’ilib yashayapti deganimizning dilidan qon sizib yashayotgan bo’ladi. Demak, insonning asl haqiqatlarini yolg’iz Alloh, keyin esa bandaning yolg’iz o’zi biladi…
Ayriliq. Poyonsiz dard, cheksiz iztirob. Biroq ko’pincha oshiq ko’ngil buni qabul qilolmaydi va shu bois yordan judolik azoblarini tan olmaydi. To’g’rirog’i, u boshqalarga bu holni “yaxshi bo’ldi” deb izohlar ekan, bunga ko’proq o’zini ishontirgisi keladi. Ammo uning har bir kalomi ostida beadad g’am, tabassumi ortida ko’zyoshi yashiringan bo’ladi.
Bu she'rda g'oyat murakkab ijtimoiy-ruhiy manzara mahorat bilan aks ettirilgan. Toqatning haddan ortiqligi, andishaning keragidan mo‘lligi vatanni o‘limga, xalqni yo'qlik ostonasiga olib kelganligi she’rda o‘ta darajada ta’sirli ifoda etiladi. O‘zgalarni ayab, o‘zini o‘ylamaydigan, tarqoq xalqqa qarata she’rda: «Vahki, otangni ot, onangni o‘ldir... Bo‘g‘izla tole'siz bolalaringni» tarzida iddao qilinadi. Bu shoir isyoni, noroziligining avj nuqtasidir. She’rning har bir bandida takrorlanib keladigan «Assalomu alaykum, dorning og‘ochi» satri dor yoqasiga keltirib qo‘yilgan xalqqa uyg‘oq va erkin ruhning chaqirig‘ini ifoda etgan.
Bu she’rda imon, e’tiqod, halollik yo‘liga tushgan solih inson ruhiy holati aks etgan. Lirik qahramon atrofidan ezgulik nishonalarini izlaydi va topolmagani uchun unga olam kir, sovuq, vayrona holida ko‘rinadi. Bu holat shoirni muvozanatdan chiqaradi, umidsizlantiradi. U olam tartibotining asosi, mavjudlikning mohiyati haqida og‘ir va xavotirli o‘yga botadi...
Shubhasiz, shayton insoniyatning dushmanidir. Eng qiyini, u odamga faqat tashqi tomondan emas, ko'pincha ichki tomondan - uning o'z nafsi orqali yaqinlashadi va ko'ngliga qutqu solib, uni turli yovuz maqsadlarga, qing'ir yo'llarga boshlaydi. Binobarin, tashqi dushman bilan kurashib, uni yengish oson, biroq o'z nafsini jilovlamoq, nafsoniy istaklarni yengmoq anchayin mushkuldir. Bu o'ta mas'uliyatli ish inson zimmasiga yuklangan muhim bir vazifa bo'lib, buni uddalay olgan kishilargina tom ma'noda shaytonni yenggan zotlardir.
Ota so'zini eshitganda har bir farzandning qalbi allanechuk bir hisni tuyadi. Bu bir hiski, unda ham cheksiz viqor, ham xokisorlik, ham suron, ham samimiyat mavjud. Bolalar oila qo'rg'onini but saqlamoqni, or-nomusni baland tutmoqni, yurt koriga kamarbasta bo'lmoqni aynan otalaridan o'rganadilar. Ushbu she'rda otaning chuqur mehr ila qilgan duosi aks etgan.
Urush. Qanchadan qancha mamlakatlarning vayronaga aylanishiga, qanchadan qancha odamlarning boshpanasiz qolishiga sabab bo'lgan, otani o'g'ildan, o'g'ilni esa otadan ayirgan dahshatli ofat. Ushbu she'rda shoiraning ona qalbi urushga qarshi oyoqqa turadi va unga qarata: "Urush, noming o'chsin jahonda!" deya baralla hayqiradi...
Bu she'r Zulfiyaning o'z turmush o'rtog'i Hamid Olimjonga bag'ishlab yozgan she'rlari turkumiga mansub. Unda ayriliq dardining chuqur iztiroblari yorqin ifoda etilgan. She'r o'ta samimiy ruhda yozilgani bois uni o'qigan kitobxon muallif ko'nglini yaqindan tuyib, butun qalbida unga nisbatan hamdardlik tuyg'usini his qiladi.
Zulfiyaxonim vafo va sadoqat ramziga aylangan o'zbek shoirasidir. Ushbu she'r butun umr o'z yoriga sodiq o'tgan ayol qalbi navolaridir. Unda yolg'izlik iztirobi va ayollik irodasi o'ziga xos tarzda samimiy ifoda etilgan. Unda naqoratday takrorlanuvchi "Tirik ekan nega tashlab ketmading?!" kalimasi o'quvchi qalbini larzaga solishi shubhasiz.
Xayol va haqiqat... Ular har doim ham bir-biriga uyg'un bo'lavermaydi. Ko'pincha xayolimizdagi narsalar haqiqatda buning aksi bo'lib chiqadi. Chindan ham, xayol shirin, xayol sururbaxsh, xayol go'zaldir. Haqiqat esa achchiq, qo'pol va qo'rqinchli. Shu boisdan har bir inson o'zining xayolot dunyosida qurgan go'zal olamida yashaydi va bu olamning yolg'onligini bilsa-da, undan voz kechgisi kelmaydi...
Mazkur she'r chuqur insoniy iztiroblarni, umidlarni, hayotga chanqoq muhabbat bilan qorishiq ishtibohlarni va ulardan yangi unib chiquvchi umid kurtaklarini teran tasvirlash jihatidan qimmatlidir. Undagi lirik qahramon timsolida zamonga katta umid bilan qaragan, lekin umidlari erta xazon bo‘la boshlagan, katta va’dalarga uchib, sarosimalar girdobida qolgan avlodning umumlashma qiyofasi aks etadi.
Bu she’r Shavkat Rahmonning o’z o’limi haqida bitgan bashorat she’ridir. U o'limini erkakchasiga qarshi oldi. Chunki bu dunyoga u shunchaki kelmaganidek, shunchaki ham yashab o'tmagan edi. Har kim qatori u ham bir vazifa bilan keldi va shu vazifasini maromiga etkazib bajardi. So'ngra vaqtinchaga bizlarni tashlab, erta bir kun hammamiz ham boradigan makonga − bu dunyodagi xizmatlarining mukofotini olishga ketdi. Jisman o'limi esa biz muxlislarini ma'naviy shaxsi − she'rlari atrofida birlashtirdi.
“Sokin isyon”... Bu ikki so'z aslida bir qozonda qaynamaydi − sokinlik isyonni, isyon sokinlikni inkor etadi. Hech ham qovushmaydi ular go'yo. Lekin Shavkat Rahmonning o’zini shaxsan tanigan, yaqindan bilganlar bu ikki ters holat uning shaxsiyatida nihoyatda munosib ravishda qovushganini, bir-biri bilan rosa chiqishganini ko'radi. Shoirning bu sokin isyoni qayg'uli yoki g'azabga minilgan onlardagina emas, balki “eng baxtiyor lahzalarda ham” so'nmaydi. Chunki uning tuyg'ulari yuzada emas...
She'rda o'zbek millati vakillari uchun hazrat Navoiyni o'qish zarurati borasida so'z boradi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy asarlari bizga iymon-e'tiqod, or-nomus, vafo-sadoqat, hayo-yu iffat, ishq-u oshiqlikdan saboq beradi. Modomiki, ajdodlari ma'rifatga oshno el farzandlari ulardan bebahra ekan, bu katta kulfat. Shu bois hazrat Navoiy hikmatlaridan ta'lim olmoq bizning burchimizdir.
Sharq mumtoz she’riyatida qasidalar asosan podshohlar, amir-u xonlar sha’niga, ular tomonidan qilingan xayrli ishlarni olqishlash maqsadida bitilardi. Erkin Vohidov esa ona xalqi — O‘zbegimga qasida bag‘ishlaydi! Bu ijodiy jasorat yana shunisi bilan muhimki, u yozilgan paytlari sobiq sho‘ro mamlakatidagi barcha millatlar «sovet xalqi» degan umumiy, sun’iy nom bilan atalar, odamlarning muayyan millat vakili ekani bilan faxrlanishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasdi....
Mazkur she'rda shoirning olamni teran nigohlar ila kuzatib, oddiygina hayot manzaralaridan buyuk go'zallik kashf eta olish mahoratini ko'rish mumkin. She'rda sarlavhadan ayon bo'lganidek, tong lavhasi o'ziga xos tarzda g'oyat tabiiy va betakror ifoda etiladi.
Ushbu she’rda Mirtemirning vatanparvarlik tuyg’ulari to‘la namoyon bo‘lgan. U o‘zi tug’ilgan, ulg‘aygan, butun umrini yashab o‘tgan Vatanini butun o’ziga xosliklari bilan ta’riflab, yurt dushmanlariga nisbatan nafratini izhor qiladi.
Ushbu she’rda shoir to’rg’ay qushini tongni ardoqlaguvchi, hayotni maqtaguvchi ezgulik darakchisi sifatida ko’rsatadi.Bu shunchaki qushni maqtash, uning bir xislatini namoyish etish emas. Balki to‘rg‘ay misolida shoirning o‘ziga va o‘z hamkasblariga «haqiqiy shoir o‘z xalqining ovozi bo‘lishi, uni ezgu ishlarga chorlashi, yorug‘ tuyg‘ularni kuylashi kerak» degan murojaatidek tuyuladi...
Ushbu she'r onalar sha'niga bitilgan madhiya bo'lib, unda onaning xokisorligi, mushfiq va mehribonligi, farzandi uchun hamma narsaga tayyorligi ifodalangan.
To‘ra Sulaymonning «Iltijo» she’ri bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi. Biroq banddan bandga shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassam, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.
Ushbu shoir otashin qalb sohibi bo'lmish shoirning o'z sevgan yoriga dil izhori bo'lib, unda oshiq o'z ma'shuqasiga ko'ngil sirlarini bayon etar ekan, agar vatan chorlagudek bo'lsa, qo'lyozmalarini tashlab, shinel kiyib, janglarga kirishga ham tayyorligini aytadi.
Mazkur she'r Vatan haqida bo'lib, u o'quvchilar qalbida vatanga muhabbat hissini oshirishga qaratilgan.
Cho‘lponning mazkur she’ri bolsheviklar qirg‘ini, sho‘ro mustamlakachilari tomonidan o‘lkamizning vayronaga, o‘likxonaga aylantirilgani haqida bo'lib, unda yurtimiz boshiga tushgan musibatlar o'ta haqqoniy va ayni paytda ta'sirchan qilib tasvirlangan.
Agar siz Cho'lponning xalqqa bergan ta'rifini bilmoqchi bo'lsangiz, albatta, ushbu she'r bilan tanishing. Shuningdek, unda shoirning yurt ozodligi haqidagi yorug' o'ylari ham o'z ifodasini topgan.