Sahifa yuklanmoqda . . .
O'lim birlashtirar
begonalarni,
odamlar bir yoqdan yig'ila kelar,
bir ko'zdan tikilar “jabrlangan”ga,
faqat bir yurakdan yig'ilar kelar.
O'lim birlashtirar
beparvolarni
kibr-u aldovlarning niqobin yirtar,
yirtqichmas,
dushmanmas odamga odam,
birodar ekanin eslatib ketar.
...Mana, begonalar,
beparvolar yo'q,
nihoyat odamlar birodar – tengdir.
O'limga bosh egdim,
qo'rqqanimdanmas,
hurmat qilganimdan boshimni egdim.
1983
Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida o’ziga xos iz qoldirgan Shavkat Rahmon O’sh shahrida tavallud topgan. Shavkat Rahmon chinakam otashnafas millatsevar shoir edi. U o‘z kayfiyatlarini tasvir etish bilangina kifoyalanadigan shoirlar sirasidan emasdi. U hamisha millat dardini, xalqining armonlarini ifodalashga intilardi. Chunki u o‘z taqdirini, hayotini millatining hayoti va taqdiridan ayri tasavvur etmasdi. U har bir millatdoshining ko‘ngil mulkiga kirib borishni orzu qilib, shu yo‘lda tinimsiz dard chekib yashagan shoirdir.