Sahifa yuklanmoqda . . .


Ne baloga etding mubtalo

O’tdi oylar g’am bilan oqib,
Dil topmadi zarra tasallo.
Firoqingda qoldim tutoqib,
Ne baloga etding mubtalo!

Ko’z ochgani qo’ymaydi alam,
Boshim qo’ysam kuydirar bolish.
Yupatolmas kitob va qalam,
Misralarim ko’tarar nolish.

Nahot shuncha mas’um, shuncha pok
Sevishmoqda alam bor shuncha?
Bardosh bermas iroda, idrok,
Tamoman lol aql, tushuncha.

Tog’day bor deb bilgan yuragim
Qush boshicha qolmadi chog’i?
G’amni yengarman deganim sarim
Yana ortar alami, dog’i.

Erib ketmagandim sevgingdan,
Bo’lmaslik-chun baxtingdan judo,
Birga qolish uchun sen bilan
Kuyaman-u, bo’lmayman ado.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 27-Fevralda yuklangan

2337 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
oy g'am dil zarra tasallo firoq balo mubtalo ko'z alam bosh bolish kitob qalam misra nola sevgi bardosh iroda idrok aql tushuncha tog' yurak qush dog' baxt judolik ado
Muallif
Zulfiya

Zulfiya

Yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining barkamol ijod sohibasi. She’riyatida inson ruhiyatining shodon, mahzun xilma-xil kechinmalari, davr to’fonlari va yashash mohiyatiga doir ulug’vor falsafiy qarashlar mujassam. She’r-u dostonlari umumbashariy g’oyalari bilan, ularning jozibali hamda san’atkorona ifodasi bilan o’zbek va dunyodagi boshqa ko‘plab xalqlar she’riyat muxlislarining qalbidan mustahkam joy olgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Zulfiya She'rlari Zulfiya asarlari