Sahifa yuklanmoqda . . .


Sensiz

Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida cho’kkanimda tiz,
Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon,
Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga.
Birov azasida yig’layman qon-qon,
To’yida yayrayman o’xshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuyg’ular zoriga solganda quloq.
O’zni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz so’roq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading?
Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrog’i tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer go’zali,
Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dog’I og’irmish,
Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu-mudhish egovga berardim turish,
Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,
Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim,
Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Ma’yus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 26-Fevralda yuklangan

5475 marta ko'rildi

10 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sensiz umr shodlik tobut bosh farzand qo'l qalqon baxt bahor qish qayg'u aza yig'i qon to'y ohu qalb tuyg'u quloq so'roq tirik nafis husn oshiq jannat nigoh majnun go'zal rashk halok qarg'ish soya g'am ishq
Muallif
Zulfiya

Zulfiya

Yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining barkamol ijod sohibasi. She’riyatida inson ruhiyatining shodon, mahzun xilma-xil kechinmalari, davr to’fonlari va yashash mohiyatiga doir ulug’vor falsafiy qarashlar mujassam. She’r-u dostonlari umumbashariy g’oyalari bilan, ularning jozibali hamda san’atkorona ifodasi bilan o’zbek va dunyodagi boshqa ko‘plab xalqlar she’riyat muxlislarining qalbidan mustahkam joy olgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Zulfiya She'rlari Zulfiya asarlari