Sahifa yuklanmoqda . . .
Jamoling vasfini qildim chamanda,
Qizordi gul uyottin anjumanda.
Tamanno qilg'ali la'lingni ko'nglum,
Kishi bilmas anikim, qoldi qanda.
Chu jonimdin aziz jonona sensen,
Kerakmas jon manga sensiz badanda.
Manga ul dunyoda jannat ne hojat,
Eshiking tuprog'i basdur kafanda.
Solib borma meni, ey Yusufi husn,
Bu kun Ya'qubtek bayt ul-hazanda.
Uzun sochingdin uzmasmen ko'ngulni,
Oyog'ing qayda bo'lsa, boshim anda.
Tilar el mansabi oliy, valekin
Atoyi sarvi ozodinga banda.
O’n beshinchi asrning mashhur shoirlaridan, Alisher Navoiygacha bo’lgan o’zbek adabiyotining iste’dodli vakillaridan biri Atoyidir. Uning she’rlari o’z davrida Movarounnahr hamda Xurosonda shuhrat topganligi ma’lum. Buyuk Navoiy «Majolis un-nafois» («Nafis majlislar») kitobida uning she’rlariga yuqori baho bergan. Atoyi o’z she’rlarida nozik xayol, sinchkov nigoh, baland did egasi ekanligini namoyish etadi. Go’zal, esda qoladigan o’xshatishlar, kutilmagan mubolag’ali tasvirlar yaratadi.