Sahifa yuklanmoqda . . .
Ey begim, ushbu yuz, degul, shams bila qamarmudur?
Ey begim, ushbu so'z degul, shahd bila shakarmudur.
Ko'z uchidan qiyo-qiyo sheva bila boqishlaring,
Jon tamurin qiyor uchun tig'mu yo nazarmudur?
Bodi saboki, kelturur jong'a soching nasimini,
Shahri Saboning elchisi hudhudi xushxabarmudur?
Zulfi muanbaringkim, ul ko'zdin uchar uzun kecha,
Sarvi sahining ustida zog'u abiri tarmudur?
Zori-yu nola kam qilay, rost ayt, ey posbon,
Itlaringa bu noladin har kecha dardisarmudur?
La'li labing xayolidin bir guzar aylayin dedim,
Joni azizdin, vale odamig'a guzarmudur?
So'rsang Atoyi holidin netti, ey podshohi husn,
Lutf-u karam gadoyig'a tengri uchun, zararmudur?
O’n beshinchi asrning mashhur shoirlaridan, Alisher Navoiygacha bo’lgan o’zbek adabiyotining iste’dodli vakillaridan biri Atoyidir. Uning she’rlari o’z davrida Movarounnahr hamda Xurosonda shuhrat topganligi ma’lum. Buyuk Navoiy «Majolis un-nafois» («Nafis majlislar») kitobida uning she’rlariga yuqori baho bergan. Atoyi o’z she’rlarida nozik xayol, sinchkov nigoh, baland did egasi ekanligini namoyish etadi. Go’zal, esda qoladigan o’xshatishlar, kutilmagan mubolag’ali tasvirlar yaratadi.