Sahifa yuklanmoqda . . .
(hikoya)
Yangi hovli Tillayevga yoqdi. Yuklarni mashinadan tushirayotganda Qurbonboy bir gap aytib qoldi:
- Sizga endi it lozim, o‘rtoq Tillayev. It uyning savlati bo‘ladi. Albatta it boqing. O‘zim g‘alatisini topib beraman.
Tillayevning itga unchalik xushi yo‘q edi, indamay qo‘ya qoldi. Qurbonboy xotinlarning hayhaylashiga qaramay, polni ham o‘zi yuvdi, gilamni ham o‘zi olib chiqib, qoqib keldi.
- Iya, iya, biz turganda siz nega pol yuvarkansiz, opa? O‘zimiz qotirib tashlaymiz. Men gilam qoqayin-u, siz tomosha qiling. Ammo-lekin itning g‘alatisini boqish kerak. Ko‘chadan kirgan odam kiroyi direktor bo‘lsang, shunaqa it boq, deb havas qiladigan bo‘lsin.
Qurbonboy uyni saranjom qilib bo'lgandan keyin ham darrov keta qolmadi. Hovlida ancha aylanib yurdi. It bog‘laydigan joyni o‘zi belgiladi.
- Yo‘q, o‘rtoq Tillayev, it masalasini bizga qo‘yib beravering. Mana, itning joyi shu. Kichkinagina, ixchamgina uycha qurib berilsa, itning ham joni kirib qoladi. Xo‘p, biz ketdik.
Qurbonboy ketdi.
- Bu kishi kim bo‘ladilar? - dedi Tillayevning xotini orqasidan eshikni ilgaklab qaytarkan.
- Judayam anig‘ini bilmayman, garajimizda ishlasa kerak. Ko‘chishga mashina so‘raganimda zavgar qarashib yuboradi, deb qo‘shib bergan edi, - dedi Tillayev.
- Durust odamga o‘xshaydi. Chaqqongina ekan.
Ertasi Tillayev ishdan qaytib yuvinayotganda Qurbonboy kattakon it yetaklab keldi. U itni ayvonning ustuniga boylab, iljaydi:
- Oti Qoplon, Tillayev aka. Odamning yaxshisini darrov taniydi. Sizga tez o‘rganib ketadi. Ertaga yaxshilab uycha yasab berib ketaman. U qo‘lini yuvib kelib, yarim soatcha itning ta’rifmi qilib o‘tirdi.
- It hamma gapni tushunadi, faqat jonivorning tili yo‘q. Qurbonboy bir so‘zli kishi ekan, aytganini qildi. Tillayev ishga ketganida zambilg‘altakda g‘isht olib kelib, itga uycha yasab beribdi. Tillayev idoradan chiqib, endi mashinaga o‘tiraman deb turganda, yugurib kelib qog‘ozga o‘rogiiq narsa uzatdi:
- Xo‘jayin, Qoplonga nasiba. Kabobchi oshnamga tayinlab qo‘ygan edim, suyakni begona qilma, deb.
- Qurbonboyingiz yaxshi odam ekan, - dedi xotini Tillayev uyga kelganda, -bechora jonini fido qivoraman deydi-ya. Bola-chaqali, kamxarj odamga o‘xshaydi. Imoratini yetti yildan beri bitkazolmasmish. Un-cha-munchasiga qarashib yuboring.
Tillayev xotinining gaplariga parvo qilmay choy ichardi.
Tillayev bilan Qurbonboy o‘rtasida yaqinlik paydo bo‘ldi. Bir kuni gap orasida u ro‘zg‘ordan orttirib uchastkasining tomini yopolmayotganligini aytib qoldi:
- Ayb o‘zimda, yoshligimdan shunaqaman, o‘zimga qaramayman, oshna-og‘aynilarning ishi bitsin, deyman. Ha, odam bolasidan shu qolar ekan. Bo‘lmasa, promkombinatda ham, raypoda ham oshnam bor, yuztagina shifer so‘rasam, yo‘q demaydi. So‘ramayman. Aslo so‘ramayman.
- Nechta shifer yetmayapti? - dedi Tillayev beparvo.
- Yo‘q, xo‘jayin so‘ramang. Siz bilan shu maqsadda oshno bo‘lmaganman. Bunaqa gapni aytsangiz uyingizga ikkinchi qadam bosmay ketaman.
Shu-shu bo‘ldi-yu, Tillayevning unga ixlosi oshib ketdi. Shundoq odam garajda mashina yuvib o‘tirmasin, deb uni garaj mudiriga muovin qilib qo‘ydi. Uyiga bir yuz saksonta shifer, o‘ttizta tunuka tushirib berdi. Qurbonboy ham har kuni tushlikka kelib, Qoplonni o‘ynatib ketishni tark qilmadi. Bu orada Tillayevning eski bod kasali tutib, yotib qoldi. Avvaliga Qurbonboy kelib uning holidan xabar olib turdi. Doktorlar endi bo‘lmadi, pensiyaga chiqing, deb maslahat berishgandan keyin Tillayev ministrlikka ariza yozib, ishdan bo‘shatishlarini so‘radi. Ministrlik uning talabini qondirib, o‘rniga boshqa direktor tayinladi. Qurbonboy o‘sha kuni kelib, Qoplonni aylantirgani olib chiqib ketdi-yu, qaytib kelmadi. Tillayev Qoplonga ancha o‘rganib qolgan ekan, to yarim kechagacha ikki ko‘zi to‘rt bo‘lib, itni poyladi. Yo‘q, Qoplon bedarak ketdi. Qurbonboy ham qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi.
Oradan anchagina vaqt o‘tdi. Tillayev hassaga tayanib ko‘cha aylangani chiqdi. Bir mahal qarasa, ko‘chaning narigi betida Qurbonboy Qoplonni yetaklab yuribdi. Chaqirsa it qaradi-yu, Qurbonboy qaramadi. O‘sha kuni yangi direktor o‘g‘lining tug‘ilgan kuniga o‘tirish qilib berayotgan ekan. Tillayevga mashina yuboribdi. Er-xotin borishdi. Darvozadan kirishlari bilan yo‘lakda yotgan Qoplon ularni ko‘rib, dumini likillatib erkalandi.
- Bizning it qalay? - dedi yangi direktor.
- Bu itni taniyman, - dedi Tillayev va nariroqda yangi direktorning charm to‘nini tuflab artayotgan Qurbonboyga bir qarab, uyga kirib ketdi.
(1920-2007) Adibning aksar hikoya, qissa va romanlari xalqning yaqin o’tmishda kechgan murakkab hayotini, olijanob insonlarning el-yurt manfaati uchun mardona kurashlarini aks ettiradi. Dramatik turdagi asarlari, xususan, «Kelinlar qo’zg’oloni» komediyasi dunyo teatrlari sahnasida e’tibor qozongan. Hajviy ifoda yo’sini Said Ahmad ijodining muhim qirralaridan biri.