Sahifa yuklanmoqda . . .

Lo - Asarlar

Lo - Asarlar - lo so'zi ishtirok etgan barcha asarlar

Ushbu g'azal ham ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan bo'lib, u "devona ko'ngli"ning yana ishq dardiga mubtalo bo'lganidan yozg'irishdan boshlanadi, so'ngra shoir har bir baytda o'ziga xos bir muammo - qalbini azoblayotgan dardlarini birma-bir to'kib soladi. Biroq shunda ham, u taqdirdan rozi: Allohga shukr etib, dilini shodlikka oshno etmoqqa tutinadi.

175
Parokanda g'azal
Gadoiy

Ushbu tuyuq "toq" so'zi tajnisiga asoslangan bo'lib, misralar mazmunini chiqarsak, hozirgi tilimizda quyidagicha jumlalar hosil bo‘ladi: "Qoshlaring — yaxshi lojuvard-u (yaltirab turibdi-yu) yolg‘iz-yolg‘iz, yaxshilar ichida benazir-u yakka-yu yagona. Firoqing (dardini) torta olmasman, nima qilay, qildek tanga bari ishqing toqatni to qiladigan darajada (yuk) bo‘ldi".

131
Tuyuq
Lutfiy

Mazkur g’azalda shoirning shaxsiy kechinmalari kutilmaganda ijtimoiy xususiyat kasb etadi. U befavo yordan shikoyat qila turib, birdaniga umumlashma xulosa chiqarishga, hayotning adolatsizligini baralla aytishga tutinadi. Odatda, ma’shuqadan yozg’irilmaydi. Oshiqlik odobi ham, solikning sadoqati ham shuni taqozo qiladi. Lekin har qanday sabr-toqatning ham chegarasi borligi chin bo’lsa kerakki, shoir kimnidir «nodon» degan yorliq bilan siylaydi. Ehtimol, bu sifat yor qoshidan joy olgan raqibga atalgandir, ehtimol ma’shuqaga? Har holda shoir shaxsiy dardini she’ridan umumlashtiruvchi xulosa chiqarishning vositasiga aylantiradi.

278
Yakpora g'azal
Lutfiy

Ushbu qasidasida shoir Mirzo Ulug’bekning taxtga chiqishini muborakbod etadi, hukmdor shaxsiyatidagi adolat-u jangchilik jihatlari tavsifiga alohida e’tibor qiladi. Uning ovozasini «Sulaymoni zamon»ga, adolatini «No’shiravon»ga, mehribonligini «ato»ga qiyos etadi. Bir so’z bilan «shohi dono» deb ta’riflaydi. Shoir quruq maqtash yo’lidan bormay, tuyg’ularini obrazli tarzda ifodalashga intiladi.

190
Qasida
Sakkokiy

Ushbu g'azalda yorga sitam berishdan charchamaydigan ma'shuqa va boshiga necha-necha sinovlar tushsa ham, yor ko'yidan qaytmaydigan oshiqning poetik surati chizilgan. Oshiqning yuzi hijron azobi va yor noz-u firoqlaridan kahrabo yanglig’ sarg’aygan. «Qani» radifi so’z va rang jilvasiga alohida bir urg’u beradi. Fikr salmog’i va tasvir ta’sirchanligini kuchaytiradi...

166
Yakpora g'azal
Sakkokiy

Mazkur g’azalda oshiq iztiroblari, visol ilinji, hijron azobining quyuq tasviri berilgan. Lirik qahramon ko’ngil qo’ygan chog’dayoq muhabbat dardidan «o’lmakdan o’zga davo» yo’qligini biladi. Lekin ko’ngil dardiga chora yo’q. Unga buyurib bo’lmaydi. Ma’shuqaning yuzi shu darajada go’zalki, tiniqligi bilan maqtanadigan ko’zgu qizning yuzini ko’rgach, o’zining safosi -tiniqligi yo’qligiga iqror bo’ladi…

196
Yakpora g'azal
Sakkokiy

Muhabbat! Eng nafis tuyg'u! Biz muhabbat mavzusidagi asar deganda o'ta kelishgan yigit va husnda tengsiz qiz o'rtasidagi munosabatlar haqidagi asarlarga o'rganib qolganmiz. Ammo oddiy odamlar o'rtasidagi sevgi-chi? Yoki ularda bunday hislar bo'lmaydimi? Bo'ladi, albatta. Faqat ulardagi tuyg'u shu qadar o'ziga xos, shu qadar betakrorki, u sizni ham maftun qilishi ayon. Odatiy mavzuning yangicha talqini. O'qing. Bu juda qiziq.

243
Romantik hikoya
Murod Muhammad Do'st

Ushbu hikoyada bir inson taqdiri misolida hayotning murakkab qiyofasi, inson umrining silsilalari haqqoniy tarzda yoritib berilgan. Asarni o'qir ekansiz, beixtiyor dunyo, hayot, taqdir, umr mazmuni haqida chuqur mushohadalarga borasiz...

564
Falsafiy hikoya
Nazar Eshonqul

Mazkur hikoya o'zbek adabiyotidagi fantastik asarlar "ota"si Hojiakbar Shayxov qalamiga mansub bo'lib, unda olov qa'ridan chiqqan yigit - Nurbekning boshdan kechirgan ajobtovur sarguzashtlari, yurtni g'animlardan himoya qilish yo'lida ko'rsatgan jasorati va go'zal qizga bo'lgan pokiza muhabbati tasvirlangan.

733
Fantastik hikoya
Hojiakbar Shayxov

Shiroq - turon xalqlarining sevimli qahramoni. U o'zi oddiy cho'pon bo'lishiga qaramay, harbiy hiyla yordamida butun dushman qo'shinini yo'ldan adashtirib, o'z yurtini bosqinchilar hujumidan himoya qilgan. Uning bu qahramonligi mashhur tarixchi Polienning "Harbiy hiylalar" asarida ham keltirilgan bo'lib, ushbu hikoyada ana shu mashhur voqea mahorat bilan tasvirlanadi.

262
Tarixiy hikoya
Mirkarim Osim

«Qoplon» hikoyasi satirik asarning yaxshi namunasi bo‘lib, kishilardagi xushomadgo‘ylik, laganbardorlik, o‘z manfaati yo‘lida andisha-mulohazaga bormay surbetlarcha ish tutishi, odamlarni amal kursisiga qarab munosabat ko‘rsatishi kabi yaramas illatlar tanqidiga bag‘ishlangan. Hikoyadagi Qurbonboy obrazi misolida yozuvchi o‘zini hali tanimagan rahbarlar pinjiga kirishning nozik yo‘llarini topib olgan, hech bir istiholasiz laganbardorligini oshkora ko‘rsatib yurishdan orlanmaydigan, vaqti kelganda shartta yangi boshliqqa xizmat qilib ketaveradigan oriyatsiz, ablah bir shaxs qiyofasini ko‘rsatib beradi.

263
Satirik hikoya
Said Ahmad

O‘tgan zamonda Qo‘qon shahrida bir podsho yashagan ekan. Bu podshoning bitta-yu bitta jonon piyolasi bor ekan. Yer yuzini ming marta aylanib chiqsangiz ham bunaqangi piyolani topolmas ekansiz. U shu qadar chiroyli ekanki, qorong‘i tunni oy nuri kabi yoritar ekan. Podsho piyolani tilla sandiqning ichida saqlar ekan. Piyola turgan uyning atrofida bir qancha qo‘riqchilar turar ekan. Agarda podshoning choy ichkisi kelsa, ishonchli odamini yuborib, jonon piyolasini oldirtirar ekan...

865
Sehrli ertak
Xalq og'zaki ijodi

Uch og‘a-ini ovga chiqibdi. Qosh qoraygach, bir o‘rmonzorga kelib yotishmoqchi bo‘lishibdi. Birinchi kun kechasi katta akasi poyloqchilik qilibdi. Yarim kechadan so‘ng uxlab qolibdi, qozondagi ovqatni kimdir yeb ketibdi. O‘rtancha og‘asi poyloqchilik qilgan kechada ham shu hodisa takror-lanibdi. Uchinchi kuni kechasi Kenja botir poyloqchilik qilibdi, yarim kechadan keyin...

475
Sehrli ertak
Xalq og'zaki ijodi

Bir bor ekan, bir yo'q ekan. Qadim o'tgan zamonda er-xotin, ularning qizaloqlari va kichik o'g'illari birga yashagan ekan. "Qizalog'im, - debdi oyisi, - biz ishga borib kelaylik, sen ukangga qarab o'tirgin, aqlli qiz bo'lib uydan chiqmay o'tirsang, biz qaytishda senga chiroyli ro'mol olib kelamiz", - debdi. Ota-onalari ketishibdi, biroz vaqt o'tgach...

741
Sehrli ertak
Xalq og'zaki ijodi

O‘tgan zamonda bir katta tog‘ning kamarida qo‘rqinchli g‘or bor ekan. Ovloqda yashashni ixtiyor qilgan kishilar shu g‘orni makon qilishar ekan. Kunlardan bir kuni ota-onasi o‘lib, yoshligidan yetim qolgan bechora bir qiz o‘sha vahimali g‘orni o‘ziga makon qilibdi. Bu qizning bir shol-lungidan boshqa kiyishga kiyimi, yotishga ko‘rpa-to‘shagi ham yo‘q ekan. Shunday bo‘lsa ham qiz o‘zining husn-jamoli, qaddi-barkamoli bilan to‘lin oyni ham xira qilar ekan...

529
Sehrli ertak
Xalq og'zaki ijodi

Bir cho‘pon daladan qaytayotganda, katta ariqning narigi yog‘idagi to‘qayga o‘t ketganini ko‘ribdi. Bir vaqt suv bo‘yiga kelib qarasa, qamish ichida bir katta ilon vishillab kuyib ketayotgan emish. Cho‘ponning rahmi kelibdi, qo‘lidagi uzun tayoqning uchiga xaltani boylab ilon tomonga uzatibdi. Ilon jon holatda o‘zini xaltaga uribdi, cho‘pon xaltani tortib olib, og‘zini ochibdi...

378
Hayvonlar haqidagi ertak
Xalq og'zaki ijodi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, baland tog‘ bag‘ridagi sero‘t, ko‘m-ko‘k vodiyda bir echki o‘z bolalari bilan yashar ekan. Birinchi bolasi Bulbuli, ikkinchisi Gulsari, uchinchisi Sarguli, to‘rtinchisi Xamirturush, beshinchisi Mirvaxo‘rish, oltinchisi Lolaqizg‘aldoq deb atalar ekan...

1113
Hayvonlar haqidagi ertak
Xalq og'zaki ijodi

Toshkentda bir lopchi bor ekan. U o‘zini birdan-bir lopchi deb bilar ekan. U bir kuni Qo‘qonda ham bir katta lopchi borligini eshitibdi. Uni mot qilib kelish uchun Qo‘qonga jo‘nabdi. Qo‘qonga borgach, lopchining uyini qidirib topibdi. Eshikni taqillatibdi. Lopchi uyida yo‘q ekan. Ichkaridan bir qiz chiqib...

218
Hajviy ertak
Xalq og'zaki ijodi

Bor ekan, yo'q ekan, bir zamonda bir kishi bo'lgan ekan. Boy ham, kambag'al ham emas ekan. Uning uchta o'g'li bor ekan, uchovi ham o'qigan, oq-u qorani tanigan, yuzlari oyday, o'zlari toyday, yomon bilan yurmagan, yomon joyda turmagan ekanlar. To'ng'ichi yigirma bir yoshda, o'rtanchasi o'n sakkiz yoshda, kenjasi o'n olti yoshda ekan. Otasi bir kuni ularni oldiga chaqirib...

226
Hayotiy-maishiy ertak
Xalq og'zaki ijodi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podshoh bor ekan. Lekin uning farzandi yo‘q ekan. Kunlardan bir kun o‘ylab, xafa bo‘lib o‘tirsa, o‘ng qo‘l vaziri so‘rabdi: — E podshohi olam, nega xafasiz? Davlatingiz bor. Hamma fuqaro sizning ixtiyoringizda bo‘lgandan keyin, buncha xafagarchilikning nima keragi bor?..

594
Hayotiy-maishiy ertak
Xalq og'zaki ijodi

Bir chol bor ekan. Uning uchta o‘g‘li bor ekan. Bir kun chol o‘libdi. Choldan bolalariga uchta narsa: keli, kelisop, narvoncha qolibdi. Katta o‘g‘li, kelini, o‘rtanchasi kelisopni, kichigi narvonchani olibdi. Kichik o‘g‘il narvonchani ko‘tarib yetti kunlik yo‘lga tushibdi. Bir joyga borsa, bir boyning uyidan tutun chiqib turgan emish. Narvonchadan tuynukka chiqib qarasa, bir xotin hadeb har xil ovqatlarni pishirib, yashirib qo‘yayotgan emish. Bola hammasini aniq ko‘rib olibdi. Pastga tushib o‘tiribdi. Bir qancha vaqtdan keyin...

289
Hayotiy-maishiy ertak
Xalq og'zaki ijodi

Qadim zamonda bir podshohning qizi bo‘lgan ekan. Qizning oy desa og‘zi, kun desa ko‘zi bo‘lib, kulsa og‘zidan gullar to‘kilar, yursa oyog‘idan tilla sochilar ekan. Qiz gulbog‘da qirq qizlari bilan sayr etib yurar ekan. Nima uchundir qiz yoshligidan beri doimo g‘amgin ko‘rinar ekan. Qirq qiz Shirinning har qancha ko‘nglini olish uchun urinsalar ham o‘ynab-kulib, ochilib yurmas ekan...

364
Hayotiy-maishiy ertak
Xalq og'zaki ijodi

Hamma narsaning o'z me'yorida bo'lgani yaxshi. Me'yorga yetmagan taom dasturxonga noloyiq bo'lgani kabi me'yoridan ortiq pishirilgan ovqat ham kuyundiga aylanadi. Dono xalqimiz bu borada "Asalning ham ozi shirin", deydi. Ammo afsuski ba'zan hayotda chegarani bilmaydigan kishilarga ham duch kelamiz. Ularning bu odatlari nafaqat o'zlariga, balki atrofdagilarga ham noqulaylik tug'diradi. Mazkur hikoyada ana shu illat ustidan zaharxandalik bilan kulinadi.

300
Satirik hikoya
Anton Pavlovich Chexov

Har bir inson hayoti bir hikoya va u har qanday buyuk yozuvchining hikoyalaridan ko'ra qiziqroqdir. Sababi hikoyalar ko'pincha muallif tomonidan o'ylab topilgan bo'ladi. Inson taqdiri esa Alloh tomonidan bitilgan. Shu bois har bir inson taqdiri betakror. Ushbu asarda ham hech kim e'tibor bermaydigan oddiygina bir insonning hayratomuz taqdiri hikoya qilinadi.

133
Romantik hikoya
O'Genri