Sahifa yuklanmoqda . . .
(O’zbek xalq ertagi)
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, baland tog‘ bag‘ridagi sero‘t, ko‘m-ko‘k vodiyda bir echki o‘z bolalari bilan yashar ekan. Birinchi bolasi Bulbuli, ikkinchisi Gulsari, uchinchisi Sarguli, to‘rtinchisi Xamirturush, beshinchisi Mirvaxo‘rish, oltinchisi Lolaqizg‘aldoq deb atalar ekan.
Echki bolalarini juda ham sevar, ular uchun hatto o‘z jonini ham ayamas ekan. U har kuni tog‘ bag‘ridagi o‘tloqqa o‘tlagani chiqib ketar ekan. Bolalariga esa, eshikni ichkaridan tambalab olishni, uydan hech yoqqa chiqmaslikni tayinlar ekan. Shundan keyin ko‘m-ko‘k o‘tloqdagi barra o‘tlardan to‘kib-to‘yib yer, baland tog‘ bag‘ridan sharqillab oqib tushayotgan shishadek tiniq buloq suvlaridan qonib-qonib ichar ekan. Uning butun fikri-zikri bolalarini boqish ekan. Bolalari uchun tog‘dagi qalin, barra o‘tlardan yig‘ib qopga solib, ularni ko‘tarib uyga qaytar ekan, u eshikni ohista taqillatib, muloyim ozoz bilan bolalarini chaqirib shunday der ekan:
Bulbulijon bolam,
Sargulijon bolam,
Gulsarijon bolam,
Xamirturush bolam,
Mirzaxo‘rish bolam,
Lolaqizg‘aldoq bolam,
Och eshikni, jon bolam,
Qopim to‘la o‘t keltirdim,
Yelinim to‘la sut keltirdim,
Och eshikni, jon bolam!
Shunda echkichalar quvonishib, eshikni ochar ekanlar. Ona echki keltirgan maysa o‘ti va shirin suti bilan bolalarini xo‘p to‘yg‘izar ekan. So‘ngra ularni yalab-yulqab, erkalab uxlatar ekan. Ertasiga echki yana bolalarini emizib, ularning oldiga barra o‘tlarni tashlab, o‘tloqqa jo‘nar ekan.
Ular shunday rohatda yashab yurganlarida boshlariga bir ish tushibdi. Shu yaqindagi g‘orda bir bo‘ri paydo bo‘lib qolibdi. Bu och bo‘ri keksaligidan o‘z to‘dasidan ajralib, shu yerda qolgan ekan. Uning niyati shu oradagi kuchsiz hayvonlarni tutib yeb, kun ko‘rish ekan.
Ona echki o‘tloqda o‘tlab yurgan vaqtida bo‘ri ham uyqusidan uyg‘onib g‘ordan chiqibdi va rohat qilib kerishibdi. Uning qorni o‘lgidek och ekan. U tumshug‘ini yuqori ko‘tarib havoni iskabdi va uvlab yuboribdi:
— Auuuvvv! Echki isi kelyapti. Shu yaqin o‘rtada echkilar borga o‘xshaydi, qornim ham ochgan edi, cho‘qqi soqol befahmlarni maza qilib yeydigan bo‘ldim, — deb o‘ylabdi bo‘ri. U shunday debdi-yu, dumini qisib g‘ordan vodiyga qarab sekin yo‘l olibdi. O’tlab yurgan ona echki o‘ziga qarab kelayotgan bo‘rini ko‘rib, yelkasidagi o‘tni bir chekkaga qo‘yibdi, nayzaga o‘xshash shoxli kallasini bo‘ri tomonga qaratib olibdi. Ayyor bo‘ri echkini chalg‘itib, uning yon tomonidan yaqinlashmoqchi ekan, ona echki o‘zini o‘nglab, bo‘rini shunday suzibdiki, o‘tkir nayzadek shoxining uchlari bo‘rining qornini yorib yuborishga oz qolibdi. Bo‘ri dumini qisib undan chetlanibdi, unga qarab:
— Shoshmay tur, la’nati, sen bilan boshqacha gaplashaman, — debdi.
Echki uyiga qaytibdi. Bo‘ri ham uning orqasidan qorama-qora bora beribdi. Echki o‘z uyiga yaqinlashganda, bo‘ri shu uy yaqinidagi o‘pqonga tushib olib echkini kuzatib turibdi. Echki esa, mayin ovoz bilan bolalarini erkalab chaqirib eshikni ochishlarini so‘rabdi. Bolalari eshikni ochishib, ona echki ichkariga kiribdi.
— Bolalarim, — debdi echki, — endi ehtiyot bo‘linglar, o‘tlog‘imizda bir yovuz bo‘ri paydo bo‘libdi. U menga hujum qildi, men zo‘rg‘a qutulib qoldim. Men yo‘q paytda eshikka chiqmanglar, tag‘in bo‘ri kelib sizlarni yeb ketmasin.
— Xo‘p, onajon, ehtiyot bo‘lamiz, — debdi echkichalar. O’pqondan o‘tirgan bo‘ri echki uyga kirishi bilan u yerdan chiqib, «hay-hay» debdi lablarini yalab, «men onasini yemoqchi edim, bu yoqda semiz-semiz bolalari bor ekan. Onasining go‘shtiga tishim ham o‘tmas edi, bolalarining go‘shti menday keksa bo‘ri uchun yaxshi, ertagayoq onasi ketgan mahalda kelganim bo‘lsin» deb o‘ylabdi va g‘orga qaytibdi. Ertasi ona echki o‘tlagani ketganida bo‘ri echkining uyiga kelib, xuddi ona echkidek eshikni tiqillatibdi va qo‘pol xirildoq ovoz bilan ashula boshlabdi:
Bulbuli bolam,
Lolaqizg‘aldoq bolam,
Orqam to‘la o‘t obkeldim
Emchagim to‘la sut obkeldim,
Eshikni och, bolalarim!
Echki bolalari: «Bu xirildoq tovush bilan ashula aytayotgan kim?»—deb so‘rabdilar.
— Men oyilaring bo‘laman, — debdi bo‘ri.
Echkilar bu chaqirgan o‘z onalari emasligini sezib qolishibdi.
— Yo‘q, sen bizning onamiz emassan, onamizning ovozi senikiga o‘xshash xirildoq emas, onamiz oppoq, qoshlarida o‘sma, ko‘zlarida surmalari bor, — debdi, echki bolalaridan biri.
Shunda bo‘ri hech narsa qilolmay tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, qaytib ketibdi. U shu ketgancha to‘g‘ri tog‘ bag‘ridagi katta archa tagiga borib o‘tirib, echki bolalarini qanday qilib qo‘lga tushirish haqida o‘ylay boshlabdi. O’ylab-o‘ylab oxiri bir yo‘l topibdi. U tiniq buloq suviga tushib, tanasi qurimasdan turib, tog‘lar orasidagi ohakli joyga boribdi va kukundek bo‘lib yotgan ohakning ustiga ag‘anab olibdi. Shunda uning junlari xuddi ona echkinikiga o‘xshab oppoq bo‘lib qolibdi. Bo‘ri qoshiga o‘sma, ko‘ziga surma qo‘yib olibdi-da, yana echkining uyiga kelibdi. Eshik tirqishidan qarasa, uyda echki bolalari o‘ynab yurgan ekanlar. Shu vaqt eshik oldiga kelibdi-da, eshikni ohista tiqillatib, ovozini ona echkinikiga o‘xshatib ashula boshlabdi:
Bulbulijon bolam,
Sargulijon bolam,
Gulsarijon bolam,
Xamirturush bolam,
Mirzaxo‘rish bolam,
Lolaqizg‘aldoq bolam
Och eshikni, jon bolam!
Qopim to‘la o‘t keltirdim,
Yelinim to‘la sut keltirdim,
Och eshikni, jon bolam!
Echki bolalari o‘z onalarining tovushiga o‘xshagan bu tovushni eshitib, sevinib eshik oldiga kelibdilar. Gulsarijon eshik zanjirini endigina tushirgan ekan hamki, sabri chidamagan bo‘ri bor kuchi bilan ichkariga intilibdi. «Qochinglar, bo‘ri ekan», deb qichqiribdi Sargulijon va o‘zi o‘sha zahoti eshik orqasiga bekinibdi. Qolganlari esa duch kelgan joyga: biri o‘choqning ichiga, biri sandiqning ichiga, biri uyning tokchasiga bekinishibdi...
Bo‘ri tandir ichiga eshik orqasiga va taxmonga bekinib olgan echkilardan boshqa uchta echki bolasini yeb, chiqib ketibdi.
Bir ozdan so‘ng ona echki o‘tloqdan qaytib kelibdi. U eshikning ochiq qolganini, uydagi hamma narsaning ag‘dar-to‘ntar bo‘lganini ko‘rib, yugurib uyga kirsa, hech kim ko‘rinmabdi. U titroq tovush bilan bolalarini chaqiribdi. Hech kim javob bermabdi. Ikkinchi qayta chaqirganda taxmonga, tandir ichiga va eshik orqasiga yashiringan uch bolasi oldida paydo bo‘libdi. Ular onalariga yig‘lab-siqtab bo‘lgan voqeani aytib beribdilar.
Ona echki qattiq qayg‘uribdi. U bo‘ridan qanday qilib o‘ch olish yo‘lini izlay boshlabdi. O’ylab-o‘ylab axiri bir yo‘l topibdi.
Echkining hovlisida eski o‘rasi bor ekan; echki bu o‘raga olov yoqibdi, olov laxcha cho‘g‘ bo‘lgach, o‘raning ustiga bir eski bo‘yrani tashlab, uning ustiga sholcha yozibdi. Sholcha ustiga ko‘rpachalarni solib, dasturxon yasabdi. O’zi esa o‘sha zahoti qozon-tovoqqa unnab, oshning harakatiga tushibdi, oshga guruch solib damlabdi. Bolalarini uyda qoldirib, o‘zi bo‘rini izlab ketibdi. Qidirib-qidirib uni topibdi. Bo‘ri g‘or oldidagi supachada dam olib yotgan ekan. Echki unga ta’zim qilib, salom beribdi va qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Bo‘ri aka, — debdi, — kecha men yo‘g‘imda bolalarim dan uchtasini qandaydir noma’lum maxluq yeb ketibdi. Men shunga xudoyi qildim, agar janobingizning ko‘ngillari tilasa, bizning uyimizga qadam ranjida qilsalar.
Qorni o‘lgudek to‘q bo‘lishiga qaramay, bo‘ri darrov ko‘na qolibdi. Ular echkining uyiga kelibdilar. Nozi-ne’mat bilan to‘la dasturxonni ko‘rgan bo‘ri, o‘ra ustiga solingan qalin ko‘rpacha ustiga endi o‘tirmoqchi bo‘lgan ekan, bo‘yra o‘pirilib, bo‘ri o‘ra ichiga ag‘anab tushibdi. Laxcha cho‘g‘ ustiga tushgan bo‘ri birdan dodlab yuboribdi.
— Voy-dod, — debdi bo‘ri o‘ra ichida o‘zini har tomonga urib, — voy-dod, kuyib ketyapman, qutqaringlar! La’nati echki meni tortib ol.
Shunda echki kulib:
— Hechqisi yo‘q, taqsir, — debdi, — menda kuyganning dorisi bor. Shunda bo‘ri o‘ra ichida dodlab turib:
— Kuyganga nima dori? — debdi.
— Garimdori dori, — deb javob beribdi echki.
— Tashla garimdoringni!
Echki o‘raga bir shoda garimdori tashlabdi. Bo‘ri uni kuygan joylariga ishqagan ekan, bir alami o‘n bo‘lib yana baqiribdi:
— Kuyganga nima dori? — deb so‘rabdi.
— Tuz dori, — deb javob beribdi echki. — Tashla tuzingni! — debdi bo‘ri. Echki bir xumcha tuz tashlabdi.
Bo‘ri tuzni badaniga surtib yana dodlabdi.
— Kuyganga nima dori?
— Chaqirtikanak dori, — debdi echki.
U bir quchoq chaqirtikanak tashlabdi. Bo‘ri unga ag‘anabdi, uning azobi yuz barobar ko‘payibdi. U qattiq-qattiq qichqirib, oxiri azob bilan jon beribdi. Echki omon qrlgan bolalari bilan tinch yashabdi.