Sahifa yuklanmoqda . . .
(O’zbek xalq ertagi)
O‘tgan zamonda bir katta tog‘ning kamarida qo‘rqinchli g‘or bor ekan. Ovloqda yashashni ixtiyor qilgan kishilar shu g‘orni makon qilishar ekan. Kunlardan bir kuni ota-onasi o‘lib, yoshligidan yetim qolgan bechora bir qiz o‘sha vahimali g‘orni o‘ziga makon qilibdi. Bu qizning bir shol-lungidan boshqa kiyishga kiyimi, yotishga ko‘rpa-to‘shagi ham yo‘q ekan. Shunday bo‘lsa ham qiz o‘zining husn-jamoli, qaddi-barkamoli bilan to‘lin oyni ham xira qilar ekan. G‘or tepasidagi teshiklardan burgut, lochinlar changalidan tushib qolgan kichik go‘sht parchalari qizning kundalik ovqati uchun kifoya qilar ekan. O‘tkinchilarning shu g‘or yonidan guzari tushib qolsa, g‘ordagi qizni ko‘rib, bu g‘orni bir parizod makon qilibdi, deb ketar ekanlar. Kundan kunga el-yurt orasida bu gap tarqala boshlabdi. Kichik bolalar g‘or yaqiniga yo‘lay olmay “parizod bor” deb qo‘rqib qochar ekanlar. Shu g‘or yaqinidagi bir daraxtda keksayib qolgan ajdar qush ham yashar ekan. Bir kuni ajdar qush qizni ko‘rib oshiq bo‘libdi. U shu vahimali g‘ordagi qiz yoniga kelib, qizning jamoliga tikilib tomosha qilar ekan. Shunday qilib, ajdar qush ham g‘orni o‘ziga makon qilibdi. O‘zi ketganda qizni g‘or ichida qoldirib, g‘orning og‘ziga katta tosh qo‘yib, tilla shoxi bilan tilsimlab ketar ekan. Qaytib kelib tilsimli tilla shoxi bilan g‘or og‘zidan toshni olib, yana qizning jamoliga tikilib yotar ekan. Har kuni oqshom bo‘lganda g‘ordan chiqib, dumini bilanglatib qishloqlar ustida uchib yurar, o‘shqirib odamlarni damiga tortar ekan. Uchganda quyruqli yulduzning quyrug‘iday ko‘ringanidan odamlar juda qo‘rqar ekanlar. Oydan oy o‘tibdi, yildan yil o‘tibdi. Bu gap podshoning qulog‘iga yetibdi.
Podshoning qizi “Kimki shu ajdar qushni o‘ldirsa, shu odamga tegaman”, deb jar soldiribdi. Hech kim yurak botinib, ajdar qushni o‘ldirish uchun bel bog‘lab chiqmabdi. Ajdar qush oqshomda shahar ustigacha keladigan bo‘libdi.
Shu shahar yaqinida bir botir yigit bor ekan. U o‘z g‘ayratiga chiday olmay, har kuni og‘zi ko‘pirib mast bo‘lgandan, tog‘larga chiqib toshni toshga urishtirib, arslon ovlab yurar ekan.
Bir kuni podsho “Тog‘lar orasida toshni toshga urishtirib yurgan yo‘lbars bilakli, arslon yurakli polvon yigit bor emish”, deb eshitibdi-da, o‘z odamlarini yuborib, yigitni chaqirtirib kelibdi. Podshoning qizi yigitni yoniga chaqirib, ajdar qushni o‘ldirishga buyuribdi-da, “Ajdarni o‘ldirsang, senga tegaman”, debdi.
Yigit rozi bo‘lib ajdar qush yashagan g‘or tomonga yo‘l olibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib ajdar qush yashagan tog‘ga yetibdi. Тog‘ning past tomonga engashib turgan cho‘qqilariga qarab, ajdar qushning uyasi qaysi ekanini bilmay o‘tirgan ekan, kun botib, olam qorong‘ilashganda ajdar qush uyasidan dumini bilanglatib, toshlarni dumalatib, changallarni ildizi bilan ag‘darib chiqib kela beribdi. Polvon shunday qarasa, ajdar qush kelayotibdi, ikki yonida rosa to‘rt qulochdan sakkiz quloch qanoti bor. Badanidagi nuqtalaridan yalt-yalt etib olov shu’lasi chiqib turibdi. Haybatidan ulug‘ daraxtlar yiqilib ketayotgan emish. Polvon ham uni ko‘rib dovdirab, oyoqlari unda-bunda bo‘lib, keyin o‘zini tiklab olibdi. Polvonning karkidon shoxidan qilingan o‘q-yoyi bor ekan. Yerga oyog‘ini tirab, Allohdan madad tilab, ajdar qushning qoq manglayidan ko‘zlab otibdi. O‘q borib ajdar qushning manglayiga to‘rt qarich botibdi, ajdar qush uchmoqchi bo‘lgan ekan, ucholmabdi, birdan yerga ag‘darilib tushib o‘libdi. Polvon ajdar qushning tilla shoxini cho‘ntagiga solib qo‘yibdi. So‘ngra biroz damini olib, ko‘ngli tinib tog‘ cho‘qqisiga chiqib o‘tiribdi. Polvon yana ilgarigidek tog‘dagi toshlarni bir-biriga to‘qnashtirish bilan mashg‘ul bo‘lib, podsho qizi bilan qilgan shartini ham esidan chiqarib yuboribdi.
Kunlardan bir kun yigit yurib-yurib yana ajdar qush yashagan g‘orga borib qolibdi. G‘or og‘zida ajdar qushning izlari hali ham turgan emish. Polvon yigit “Ajdar qushning g‘ori shu ekan”, deb g‘or ichiga kiribdi. U g‘orning to‘rida katta bir tosh turganini ko‘ribdi. Тoshni oyog‘i bilan itarib ko‘ribdi, tosh qimirlamabdi. Yigit hayron bo‘lib toshning u yoq-bu yog‘iga qarabdi. Qarasa, toshning chetida “Men tilsimli toshdirman, yuz ming polvon ko‘tarsa ham ochilmayman. Mening kalitim ajdar qushning shoxi”, deb yozilgan xati bor emish, polvon uning tilsimli tosh ekanini bilib, darrov cho‘ntagidan ajdar qushning shoxini olib toshga tekkizibdi. Тosh birdan sharaqlab ag‘darilib ketibdi. Polvon yigit ichkariga kirib qarasa, bir chiroyli qiz o‘tirgan emish. Qiz ham ro‘parasida turgan yigitni ko‘ribdi. Yigit qizning qaddi-qomatiga, chiroyiga boqib, uning husnini ko‘rib, unga mehr qo‘yibdi. Shunday qilib, polvon bilan qiz bir-birlariga muhabbat qo‘yib, birga yashay boshlashibdi.
Polvon har kuni tog‘larga chiqib ov ovlab, kiyik va turli jonivorlarni tutib kelar ekan. Yigit qiz bilan g‘orda vatan-ro‘zg‘or qilib yashay beribdilar.
Ajdar qush o‘lgandan keyin xalqning ko‘ngli tinibdi. Podshoning qizi esa ajdar qushni o‘ldirgan polvon yigit kelmagandan keyin, biror joyda o‘lib qolgan bo‘lsa kerak, deb vazirning o‘g‘liga tegibdi.
Kunlardan bir kuni podsho “Polvon yigitning zarbidan ajdar qush o‘lgan emish, g‘orda yashovchi qizni olgan emish, shuning uchun kelmay qolgan emish” deb eshitibdi. Podsho g‘ordagi parizodga g‘oyibona oshiq bo‘libdi. U bir qancha askarlarini olib shu g‘or tomonga yo‘l olibdi. Yo‘l yursa ham mo‘l yurib, uch kun deganda g‘orga yetibdi. Тog‘ning cho‘qqilariga qaratib to‘plarni ota beribdi. G‘orning atrofini askar tutibdi. Yigit tog‘ cho‘qqisidan turib bir katta toshni dumalatib yuboribdi. Dumalagan tosh boshqa toshlarga urilib o‘zi bilan bir qancha toshlarni dumalatib tushibdi. Dushmanning ko‘p askarlari tog‘ tagida yanchilibdi, qolganlari qochib ketibdi. Polvon yigit g‘orga qaytib kelib, xotini bilan davrni suraveribdi. Odamlar bu voqeani eshitib, polvonga ixlos qo‘yishibdi. Uning xizmatiga kela boshlashibdi.
Podshodan xalqning ixlosi kundan-kunga susaya beribdi. Polvon yashagan g‘orga har kuni yuzlab, minglab mehmonlar kelar ekan. Lekin ularni mehmon qilish uchun polvon hech narsasi bo‘lmaganidan xafa bo‘lar ekan. Kunlardan bir kuni polvon yigit uyqusidan uyg‘onib ko‘zini ochib qarasa, qorong‘i g‘orning to‘rida ninaning ko‘ziday yorug‘lik shu’lasini ko‘ribdi. Borib teshikni kattaroq o‘yib qarasa, u tomonda katta bog‘, o‘rtada chiroyli qasrlar, saroylar oldida turli-tuman daraxtlar mevalari pishgan, pishib tagiga tushgan emish.
Shisha hovuzlar atrofi gulzor, marmar supalar, jodu ko‘zli, shirin so‘zli qizlar ovqatlar tayyorlab yurgan emish. Polvon yigit teshik yonidagi katta toshni ag‘darib tashlab qiz bilan o‘sha bog‘ga o‘tishibdi. Qizlar ularni hurmat bilan kutib olishibdi. Shu bog‘ni qiz bilan yigit o‘zlariga makon qilib, tinch yashay boshlashibdi. Shu bog‘-saroylarda har kuni yuzlab va minglab mehmonlarni kutadigan bo‘lishibdi. Bu bog‘i chorbog‘ qizning azob chekkan kunlarida ko‘zidan oqqan yoshidan paydo bo‘lgan ekan.