Sahifa yuklanmoqda . . .
Lo - Asarlar - lo so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Mazkur g'azalda muhabbat tuyg’usi qalamga olingan. Ilk misrada lirik qahramon o’z oldiga "Nega muncha siyohdur kokul?" deya savol qo’yar ekan, mumtoz adabiyotda ham hech kimning xayoliga kelmagan yo’sinda unga javob topishga erishadi...
Ushbu g'azal favqulodda tasvirga ega. Odatda, she’riyatda inson xatti-harakat va ruhiy holatlarni tabiiy hodisalardan o’rganganligi tasvirlanardi. Bu o’rinda kutilmagan badiiy holat yuzaga keladi. Ya’ni tentaklik daryosi tug’yonni, toshqinni, guvillashni she’r qahramonidan o’rganganligi tasvirlanadi. Shu tariqa baytma-bayt fikrni rivojlantirib borgan shoir so'nggi baytda mumtoz ishqiy lirika tajribasida kamdan-kam bo’ladigan holatni beradi. Ya’ni oshiq dardiga davo topganini ifoda etadi...
Ushbu g'azalda ma’shuqa bergan azoblardan ruhiga taskin izlaydigan oshiq tuyg’ulari g’oyat o’ziga xos tarzda tasvir etiladi.
Ushbu g'azalning o'ziga xosligi shundaki, u ishq quvvatining cheksizligini madh etish yo’sinida borib, maqta’ga kelganda yorning tengsiz go’zalligi va oshiqning unga bo’lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo’lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya’ni odamning ko’ngliga tegishli tuyg’ular ko’ngil kabi pinhon bo’lgani ma'qul.
Ushbu mustazod Shermuhammad Munisning g'oyat san'atkorlik bilan bitilgan asari bo'lib, unda oshiqning mahzun va ayni damda o'z holidan mamnun holati ustalik bilan tasvirlangan.
Ushbu muxammas mashhur shoir Fuzuliyning "Etdigumdandur" radifli g'azaliga bitilgan bo'lib, unda ko'ngil holatining eng yashirin va sirli jihatlari nazokat bilan tasvirlangan.
Mazkur asar hazrat Navoiy g'azaliga bitilgan muxammasdir. Munis hazrat Navoiyni o'ziga ulug' ustoz deb bilgan va butun hayoti davomida qalbida hazrat siymosiga chuqur hurmat va ehtirom saqlagan. Kimsan Navoiy asariga taxmis bog'lash ijodkordan anchayin katta iste'dod va mahoratga ega bo'lishni talab etadi. Munis mazkur muxammasni bitishi orqali o'z iste'dodining ko'lamini namoyish etdi.
Ushbu g'azalda atrofidagi insonlarning nokomilligidan iztirob chekayotgan, shu bilan birga o’zida ezgu fazilatlarni shakllantirishga urinayotgan orif shaxs kayfiyati ifoda etilgan. G’azalning lirik qahramoni topgan oshnolar, orttirgan do’stlar sinovdan o’tolmaganlar, ishonchni oqlolmaganlar. Chunki bundaylar davlatiga qarab do’stlik ixtiyor etgan kimsalardir.
Mashrab she’rlari mazmuniga ko’ra ham, ifodasi jihatidan ham u qadar sodda emas. Chunki Mashrab falsafasining o’zi juda murakkab. Unda bu yorug’ olam Alloh tushunchasi bilan birlashib ketadi. Shoir ijodida biz ko’rib turgan bu atrof-olam hammasi sir-sinoat va unda faqat Alloh namoyon ekani ifodasini topadi. Solih bandaning Allohga bo'lgan ishqini bayon etmoqqa qodir bo'lgan til bormi bu dunyoda? Yo'q, bu imkonsizdir. Nega? Buni shoir shunday izohlaydi:
So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.
Dunyo shunday qurilganki, unga kelgan odam gunoh qilmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, inson degan mavjudotga shunday tabiat berilganki, uning gunoh qilmasdan yashashi mumkin emas. Dunyoning loyi borligi va shoirning unga kelib, bilmay «bota qolishi» shundan. Inson ko’pincha o’z ixtiyoriga zid yashaydi. Ushbu g'azalda ham shoirning ishqi tavsifi barobarida dunyoning ishlari, jumladan, tirikchilik tashvishlari, tan va ruhning rohat-farog’atga moyilligi, bularning esa oxir-oqibatda «ishq»iga xalaqit berishi kabi masalalar ko’tariladi.
Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo’rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvuf uchun bunday maqsad ta’magirlik hisoblanadi. So’fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o’ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do’zaxdan qutulib qolishni niyat qilish -uyat. Chunki go’yo muhabbati uchun haq talab qilganga o’xshab qoladi. Chin ishq beg’araz bo’lmog’i kerak. So'fiyoda uslubda bitilgan mazkur g'azalda shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo’lgan.
Mazkur muxammasda bir tomondan, shoirning shirin o’tmish xotiralari, ikkinchi tomondan, oyoqosti qilingan izzat-nafs, bir vaqtlar saltanatning yuksak maqomlarida bo’lgan arbobning tuban ijtimoiy mavqega tushib qolganidagi iztirobli o’ylari aks ettirilgan.
Turdining uch baytdangina iborat «Turdiman» radifli g‘azali hasbi hol — o‘z ahvolini bayon etish tarzida yaratilgan. Unda ma’lum darajada shoirning taqdiri, kechmishlari aks etgan deyish mumkin.
Turdining bor-yo’g’i uch baytdan iborat ixchamgina bu g’azali ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan. G'azal matnini hozirgi tilimizga tabdil qilsak, quyidagi ma'no chiqadi: "Ko’ngil bezagi bo’lgan bu sho’x go’zal shiddatli (turkona) yurish qilib keldi. Yor ko’zining bir cheti bilan ko’ngul mamlakatini talon-taroj etdi, bosib oldi. Tuproqda gul emas, jon unsa ajablanmang, zero, bu shahlo ko’zlar qanchadan-qancha sarvqomat go’zallarni yerga kirgizmadi. Tong yoqasini yirtmaguncha, quyosh paydo bo’lmaganidek, har qayerda ham g’amning do’sti dili g’amdan pora bo’lgan do’stni istaydi".
Bobur -hamma mutafakkirlar singari olam, odam va ularning sirlari haqida ko’p o’ylaydigan kishi. O’zi komillik yo’liga tushgan bir solik sifatida o’zgalardan ham yuksak ma’naviy sifatlarga egalik, baland odamgarchilik kutadi. Ammo hayotning o’yinlari ham shundaki, kutilgan ezgu mo’ljallarga kamdan-kam hollardagina erishiladi. Bu hol ta’sirchan, shoirona qalbdan ushbu norozilik otilib chiqishiga sabab bo’ladi...
Boburning mazkur g’azalida visol sog’inchi ifodalangan. Shoir kuz manzarasini chizadi. Bu manzara podshoh shoirning taqdiriga mos keladi. Muallifning munosabati hamda tuyg’ulari sharhi she’rdagi sog’inch va dardni, ayriliq fojiasini kuchaytirib boradi. Shoir umrning ayriliqda o’tayotganidan zorlanib, «lolarux» (lola yuzli)dan rahm qilishini o'tinadi. Kuz ko’klamdan qanchalik uzoq bo’lsa, oshiq ham ma’shuqadan o’shanchalik yiroq...
Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.
Mazkur g’azal ishqiy mavzuda. Unda iztirob va tasalli ajib bir uyg’unlikda tasvirlangan. She’r an’anaviy, oshiqning ma’shuqaga dil izhori bilan boshlanadi: oshiq-yor husnini ko’rishga zor. U ishq deb atalgan dardga mubtalo bo’lgan. Shu sababli, u yor bilan oshno bo’lgan kunni «balolig’» kun deb hisoblaydi...
Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".
Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.
Mazkur qit'a ham g'oyat ibratli bo'lib, unda ko'p narsa insonning o'ziga bog'liqligi aytiladi. Darhaqiqat, dunyoda shunday kimsalar ham borki, ularga odamiylik sifatlari mutlaqo begona. Siz ularni "odam" qilaman deb har qancha urinmang, foydasi yo'q. Axir kuchuk bilan xo'tikni qancha tarbiya qilsangiz ham, ular kelajakda faqat it va eshak bo'ladi xolos-ku!
Ushbu qit'a hazrat Navoiyning eng mashhur qit'alaridan bo'lib, unda insoniyat uchun o'ta muhim bo'lgan ezgu amalga undaladi: «Olam uyi»ga -dunyoga kelganingdan keyin kamolotni «kasb et», komil shaxs bo’l. Bu dunyodan kamolotga erishmay ketmoq, ya’ni «g’amnok chiqmoq» hammomga kirib, poklanmay chiqishday gap. Buyuk shoir komillikka erishmaslikni «farz o’lmag’ay» deb juda keskin qo’yadi...
Ushbu ruboiy hasbi hol xarakteriga ega. Buyuk shoir o’z fikr-qarashlari bilan zamonasidan ancha ilgarilab ketgan edi. Uni anglaydigan, tushunadigan kishilar nihoyatda oz edi. Uning uchqur xayoli nurli kelajak, inson sha’nini tahqir etuvchi har qanday mute’likdan, ijtimoiy-ma’naviy bandlardan ozod, obod va farovon istiqbol uzra charx urardi. Ammo hayot boshqacha, xalq zabun edi. Bu hol mutafakkir shoirni tizginsiz savollar ustida o’ylashga majbur etardi.