Sahifa yuklanmoqda . . .


Farhod va Shirin

(O'zbek xalq ertagi)

Qadim zamonda bir podshohning qizi bo‘lgan ekan. Qizning oy desa og‘zi, kun desa ko‘zi bo‘lib, kulsa og‘zidan gullar to‘kilar, yursa oyog‘idan tilla sochilar ekan. Qiz gulbog‘da qirq qizlari bilan sayr etib yurar ekan. Nima uchundir qiz yoshligidan beri doimo g‘amgin ko‘rinar ekan. Qirq qiz Shirinning har qancha ko‘nglini olish uchun urinsalar ham o‘ynab-kulib, ochilib yurmas ekan.
Bir kun kanizaklardan biri:
— Hech narsadan kamchiligingiz bo‘lmasa, nima uchun doimo xafa ko‘rinasiz, — deb so‘rabdi. Shunda Shirin:
Men o‘ynab, davron surib kulib yursam, boshqalar qayg‘u-g‘amda bo‘lsa, undan nima foyda? — degan javobni qaytaribdi.
Bir kun Shirin daryo bo‘yida sochini yuvib o‘tirgan ekan. Uning qoshiga bir kampir kelib:
— Qizim, qani sening bu bo‘yingga munosib yigit bo‘lsa, — debdi. Shirin:
— Men ham o‘sha siz aytgan yigitni istar edim, — debdi. Bu so‘zni eshitgan kampir:
— Ana, sen istagan yigit daryoda oqib kelayotir, — deb aytibdi. Shirin daryoga qarayman deganda, boshidagi tilla tarog‘i suvga tushib ketibdi.
Ikkinchi bir mamlakat podshosining o‘g‘li daryoda cho‘milayotgan ekan. Тilla taroqni tutib olib, “Shu taroqning egasi kim bo‘lsa, o‘shani olaman”, deb ahd qilibdi. Elda yurib surishtira boshlabdi. Bir kampir bu taroqning egasi Shirin ekanligini aytibdi. Yigit qizni axtarib yo‘lga chiqibdi.
Kunchiqarda bir podshoh bor ekan, uning birgina Farhod nomli o‘g‘li bo‘lgan ekan. Farhod qayg‘urib, g‘amgin bo‘lib yurar ekan. Bir kun otasi o‘g‘lini qirq yigiti bilan sayrga chiqaribdi. Farhodning ko‘zi tosh yo‘nib turgan ustaga tushibdi. Shu hunarga ishqiboz bo‘lib, uni o‘rgana boshlabdi. Otasi uni bu ishdan qaytarsa ham unamabdi, o‘z bilganidan qolmabdi. Kunlardan bir kun Farhod otasining xazinasiga kirib qolibdi. Undagi tosh sandiqni ochib, oyinayi jahonnamoga qarabdi. Oynada avval Guliqahqah parini ko‘ribdi. Keyin kunbotar tomonda Shirinning arg‘imchoq uchib turganini ko‘ribdi. Qizga oshiq bo‘lib, boshidan hushi ketib yiqilgach, qo‘lidagi oyna yerga tushib sinibdi. Farhod Shirinni qidirib yo‘lga chiqibdi.
Yo‘lda bir daraxtning soyasida bir yigitning uxlab yotganini ko‘ribdi. Daraxt tepasidan bir ilon tushib yigitga zahar solay deb turganida, Farhod yugurib kelib xanjar bilan ilonni o‘ldiribdi. Yigit cho‘chib uyg‘onibdi va Farhodga: “Hozir tushimda bir kishi “Tur, do‘sting keldi”, deb aytdi”, debdi va bu fojianing oldini olib qutqargani uchun Farhodga rahmat aytibdi. U bilan umrbod do‘st bo‘libdi.
Bular yo‘l yurib, Shirinning mamlakatiga yetib kelishibdi, Farhod bir tog‘ tagida bir necha ming askar to‘planib turganini ko‘ribdi, bir cho‘pondan bu askarlar kimniki ekanini bilib olibdi. Shu vaqt Shirin qirq kanizagi bilan kelibdi. Shamol Shirinning yuzidagi pardasini ko‘taribdi. Farhod uni ko‘rib oshig‘-u beqaror bo‘lib hushidan ketibdi. Do‘sti suyab uni o‘ziga keltiribdi. Biroq Shirin va qirq qiz ketib qolgan ekan. Farhod Shirinning qayerga ketganini so‘rabdi. Do‘sti: “Shirin shu tog‘ga suv chiqargan yigitga tegaman, deb aytdi”, — debdi. Shu so‘zni eshitgan Farhod g‘ayratga kelib, tog‘-toshni qo‘pora boshlabdi. Oxiri bu ishni tugatib, tog‘ga suv chiqaribdi. Do‘sti tog‘ning bir tomoniga Shirinning, ikkinchi tomoniga Farhodning rasmini chizibdi.
Bir kuni Shirin tog‘ etagida Farhod qurgan hovuzni ko‘rish uchun qirq kanizagi bilan kelibdi. Shirin mevali daraxtlar bilan bezangan obod joyni ko‘ribdi. Bu cho‘lni suvga serob qilib, bog‘-u bo‘stonga aylantirgan bahodir Farhodni ko‘rib Shirin ham uni sevib qolibdi. Farhodni o‘z qasriga olib borib, ziyofat qilibdi.
Shunday qilib, ular murod-maqsadlariga yetibdilar.


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi Hayotiy-maishiy ertaklar Xalq og'zaki ijodi Hayotiy-maishiy ertaklari Xalq og'zaki ijodi asarlari