Sahifa yuklanmoqda . . .
(hikoya)
Men idorada ishlardim. Odatda Nyu York hayoti haqida kichik hikoyalar yozardim.
Bir kuni har doimgiday o‘z idoramda ish bilan mashg‘ul bo‘lib turganimda xonamga Tripp kirib keldi. Men Tripning aniq qayerda ishlashini bilmasam-da, lekin uning juda ham kambag‘al ekanligini – bilardim. Tripning ko‘rinishi juda nimjon, nosog‘lom, yuzi esa dokadek oppoq edi. U mening oldimga qachon kelmasin, viski ichish uchun bir dollar so‘rashini bilardim.
Bu safar Tripp avvalgilarga nisbatan ancha g‘amgin ko‘rindi.
– Xo‘sh, Tripp, qalaysan, ishlaring yaxshimi?" – dedim men.
– Bir dollaringiz bormi, janob Chalmers? –so‘radi Tripp. – Sizga hikoyangiz uchun yaxshi bir g‘oya kerakmi? Menda ajoyib bir g‘oya bor. Bu sizga bir yoki ikki dollarga tushadi, xolos.
– Qanday hikoya, nima haqida? – deya qiziqib so‘radim men.
– Bir qiz haqida. Juda ham go‘zal, sohibjamol bir qiz haqida. U yigirma yildan beri kichkinagina bir qishloqda yashaydi, u hech qachon Nyu York shahrini ko‘rmagan ekan. Men uni ko‘chada uchratib qoldim. Men ko‘chani kesib o‘tayotganimda u mendan Jorj Braunni qaerdan topishi mumkinligini so‘radi. U fermadan boshqa hech qaerni ko‘rmaganini va kichkinagina qishloqdan kelganini aytdi. Men Nyu Yorkdek katta shaharda adashib qolishidan qo‘rqib, u bilan suhbatlashishga qaror qildim. U menga kelasi haftada fermer yigitga turmushga chiqayotganini, lekin hozir bir necha yil ilgari qishloqdan shaharga pul topish uchun jo‘nab ketgan Jorj Braunni izlab kelganligini ta’kidladi. Chunki Jorj Braun qishloqqa qaytib bormagan. Biroq, Ada – uning ismi Ada – fermer yigitga turmushga chiqishidan avval Jorj Braunni topib, u bilan suhbatlashishini istaydi. Ha, aftidan uning ko‘nglida hali ham Jorj Braunga nisbatan iliqlik borga o‘xshaydi. Shuning uchun ham u Nyu York shahriga kelgan. Men uning bitta o‘zini yolg‘iz tashlab qo‘ya olmayman. U menga bor pulini ishlatib bo‘lganligini va bundan keyin nima qilishini, qayerga borishini bilolmayotganligini aytdi. Shuning uchun men uni pansionga olib borib, o‘sha yerda qoldirdim. Uni ko‘rgani men bilan birga borishingiz kerak.
– Nima deb aljirayapsan, Tripp, – dedim men. – Men rostdan ham hikoya uchun yaxshi bir g‘oyang bor deb o‘ylabman.
– Unday demang, sizni ishontirib aytamanki, bu voqeadan ajoyib bir hikoya yaratsa bo‘ladi, — dedi Tripp. — Siz qiz va chin muhabbatni go‘zal va maftunkor qilib tasvirlab, yaxshigina bir hikoya yozishingiz mumkin. Axir bu qo‘lingizdan keladi-ku, qolaversa, bu sizga faqatgina to‘rt dollarga tushadi, xolos.
– Qanday qilib bu menga to‘rt dollarga tushishi mumkin?— deb so‘radim men.
– Juda oddiy. Bir dollar pansionning egasi uchun, — javob qildi Tripp, — va ikki dollar qizning qaytib ketishi uchun, yo‘l kirasi uchun. Shu xolos.
– To‘rtinchi dollar-chi? — so‘radim men.
– Ha, bir dollar menga, — javob berdi Tripp, — viski uchun. Xo‘sh, berasizmi?
Garchi bu vaziyatda hech nima qilib bo‘lmasa-da, men o‘zimga Tripp uchun bir dollar bermaslikka va’da berdim. Go‘yo dunyodagi hech bir narsa meni bu qarorimdan qaytarolmasdi. Shundan so‘ng garchi jahlim chiqqan bo‘lsa-da, men Trippga hamroh bo‘ldim. Tripp haq ekan, u qiz juda ham go‘zal edi. Xonaga kirganimizda biz Adani bir kursida, yig‘lab o‘tirgan holatda uchratdik. U menga hammasini aytib berdi.
U Jorj Braun haqida gapirar ekan, ko‘zlaridan dur donalaridek shashqator yosh oqardi. Bu vaziyatda nima ham qila olardim? Axir men Jorj Braun emasdim.
– Jorj va men, — deya davom etdi u,— bir-birimizni juda ham sevardik. U o‘n to‘qqiz yoshida, bundan olti yil avval qishloqni tashlab Nyu Yorkka pul topgani ketgan edi. U men uchun albatta qishloqqa qaytib kelishini aytgandi. Lekin o‘shandan beri men undan hech qanday xat-xabar olmadim. Biz ajrashgan o‘sha paytda, ikkimiz tangani ikki bo‘lakka bo‘lib, bir bo‘lagini men va ikkinchi bo‘lagini u olgandi. Qo‘limizda tanganing ikki qismini ushlab, bir-birimizni hamisha sevish va sodiq bo‘lishga ahdlashgan edik. Unga biror narsa bo‘lganiga ishongim kelmayapti. Men uni bu yerga izlab kelganim g‘irt ahmoqlik-a? Men hech qachon Nyu Yorkni bunchalik katta deb o‘ylamagandim.
Shundan so‘ng biz ikkovimiz Ada bilan omadsiz Jorjni izlashni to‘xtatib, uyiga qaytishini qanchalik muhim ekanligi xususida suhbatlashdik.
Men pansion egasiga bir dollar to‘ladim va shundan so‘ng biz uchchovimiz uni tark etdik.
Biz Adani kuzatish uchun temir yo‘l bekatiga keldik. Men Ada uchun chipta va qizil atirguldan guldasta sotib oldim. Biz u bilan xayrlashdik va u o‘z qishlog‘iga jo‘nab ketdi. Tripp odatdagiga nisbatan ancha g‘amgin va baxtsiz ko‘rinardi.
– Bu voqeani hikoya qilib yoza olasanmi? — deb so‘radi u mendan.
– Bu kichkinagina bir sarguzasht-da, hech bir qiziqarli narsaning o‘zi yo‘q, lekin biz Adaga yordam berdik. Kel, buni unutmaylik, — dedim.
Men Trippga viski ichishi uchun pul berishni istamadim.
Avtobus bekati tomon ketayotib, Tripp o‘zining parshonini yechdi va men u yerda arzongina bir kumush zanjirni ko‘rdim. Nimadir zanjirda osilib turardi. Bu bo‘lakka bo‘lingan tanganing yarim qismi edi!
– Bu nima?! — dedim men unga hayrat bilan tikilib.
– Ha, — deb javob qildi u, — mening haqiqiy ismim Jorj Braun. Lekin bundan nima foyda?!
Shundan so‘ng men bir og‘iz so‘zsiz karmonimdan Trippning viskisi uchun bir dollar oldim-da, uning qo‘liga tutqazdim.
Ingliz tilidan Bobur Nazarmuhammad tarjimasi