Sahifa yuklanmoqda . . .
Tabibo, sharbati o’ynob icharga bermagin pandim,
Labidin talx-u shirin so‘z erur dori-yi gulqandim.
Agar ishqingni tarkin qilmasam javr etma, ey zolim,
Yuzingni mus'hafidin erdi bu so‘zda savgandim.
Kel, ey mashshota, rahm et, yor zulfig‘a tarog’ urma,
Erur jon rishtasidin oni har torig‘a payvandim.
Labidin kom topdim, ey Masiho, urmag’il damkim,
Mani bir so‘z ila tirguzdi ul la’li shakarxandim.
Filotun ishq darsida menga shogird erur, lekin
Xatingni ramzidin ogoh emas ta’bi xiradmandim.
Balodur zulfi purtobi, Amir, andin ko‘ngul uzma,
Ki har bir torig‘a bir payvand erur payvand-payvandim.
(1787-1822) O’zbek adabiyoti tarixida «Qo’qon adabiy muhiti» deb ataladigan estetik hodisaning asoschisi, Qo’qon xoni (1810-1822), iqtidorli shoir va e’tiborli siyosiy arbob Umarxon Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan. U o‘zbek adabiyotining eng yaxshi an’analarini davom ettiradi, xususan, Navoiy va Lutfiy ijodiga katta hurmat bilan qaraydi. Amiriy o‘sha davr an’anasiga muvofiq o‘zbek va fors-tojik tillarida she’rlar yozgan.