Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu tani xokiyni-yu ruhi ravonni na qilay?!
Bo‘lmasa qoshimda jonon bu jahonni na qilay?!
Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?!
Ibrohimdin qolg‘on ul eski do‘konni na qilay?!
Urayinmu boshima sakkiz behisht-u do‘zaxin,
Bo‘lmasa vasli menga ikki jahonni na qilay?!
Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom,
Oshkora bo‘lmasa sirri nihonni na qilay?!
Arshning kungurasin ustig‘a qo‘ydum oyog‘im,
Lomakondin xabar oldim, bu makonni na qilay?!
Bir xudodin o‘zgasi barcha g‘alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo‘lsa qo‘lumda, ul tikanni na qilay?!
(1653-1711) Boborahim Mullavali o‘g‘li Mashrab mumtoz adiblarimiz orasida o‘zidan keyin alohida va takrorlanmas maktab yaratgan ulug‘ ijodkorlarimizdan biridir. Uning lirik merosi bilan birga «Mabdayi nur» va «Kimyo»asarlari ham yetib kelgan. Mashrab lirikasining mavzu qamrovi juda keng. Unda olam va odamga aloqador bo‘lgan barcha mavzular qamrab olingan deyish mumkin. Ammo ularning barchasi go‘yoki ishq-muhabbat mavzusi atrofiga birlashgandek tuyuladi.