Sahifa yuklanmoqda . . .
Davlating boridadurlar barcha olam oshno,
Qaytgach davlat, jahonda topilur kam oshno.
O’yla bekaslik meni mahzung‘a topmish dastkim,
Bir kishi yo‘qdur mango juz kulfat-u g‘am oshno.
Baski, davron xohishi begonalig’ solmoqdurur,
Bir-biriga bo‘la olmas ikki hamdam oshno.
Kimki bo‘ldi oshno, bot ayladi begonalig’,
Topmadim bu davr aro bir ahdi mahkam oshno.
Gar vafo bo‘lsa, birida bo‘lg‘ay erdi, ko‘rmadim,
Bo‘ldilar har nechakim avlodi odam oshno.
Hajr ranjidin o‘larga yetmishamkim, ko‘rsalar
Holima tutg‘ay azo begona, motam oshno.
Ishq aro ul nav erur vahshat meni majnung‘akim,
O‘zgani demay, bo‘la olmas ko‘ngul ham oshno.
Dard chekmak, ashk to’kmak ishq eliga xosdur,
Har ko‘ngulga dard, har ko‘zga emas nam oshno.
Muniso, davron g‘ami begona bo‘lsa, tong emas
Kim, senga bo‘lmish biyik donishvar Akram oshno.
(1778-1829) Shermuhammad Amir Avazmuhammad o‘g‘li MunisXorazmiy Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida dunyoga kelgan. U madaniyatimiz tarixida shoir, tarixchi, tarjimon, xattot va ma’rifatparvar shaxs sifatida nom qoldirgan. Xiva xoni Shermuhammadni saroyga farmonnavis kotib qilib tayinlaydi. Munis butun ongli faoliyati davomida ilm-fan, madaniyat va san’at kishilariga homiylik qiladi.