Sahifa yuklanmoqda . . .
Kimki bir ko‘ngli buzug'ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.
Garchi xalq ozodasimen, yor agar bandarn desa,
Andin ortuq anglakim, bir banda ozod aylagay.
Yordin har kimki bir so‘z der, tuganmasdin burun,
Istaramkim, avvalidin yona bunyod aylagay.
Yor hijronidin o‘lgumdur, bu nav ermish sazo,
Ul kishigakim, biravga o‘zni mu'tod aylagay.
Necha sabr avroqi yozg'ay ko‘nglum-u bir oh ila,
Sarsari ishqing yetib, borini barbod aylagay.
Shayxdin zuhdi riyoyi kasb o‘lur, yo Rab, qani,
Dayr pirikim, fano rasmini irshod aylagay.
Odam avlodida kamdur odamiyliq shevasi,
Odam ermas, ulki mayli odamizod aylagay.
Ne balodurkim, falak har kimga cheksa tig'i kin,
Yongilib avval mening jonimg'a bedod aylagay.
Besha ichra devlar maqtuli o‘lsun, ey pari,
Gar Navoiy yona azmi Astrobod aylagay.
(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.