Sahifa yuklanmoqda . . .
Dil - Asarlar - dil so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Ayol muhabbatining o’ziga xosligi shundaki, u naqadar kuchli, naqadar o’tli bo’lmasin, otashin tuyg’ular haqida ochiq aytilmaydi. Ayol qalbi qanchalar nozik bo’lmasin, olovli hislarni berkitishga qodir. Ayol hech kimga aytmagan so’zlarini, ko’ngil sirlarini she’r deb atalmish mo’jiza qatiga singdiribgina yengil tortadi. Mazkur she’r ham ayol muhabbatining samimiy iqroridir.
Muhabbat qanchalar totli azob! Muhabbat qanchalar dardli saodat! Sevmoq og'riq, sog'inmoq g'am, hislarni dilda pinhon tutmoq azob, ishqdan bebahra dillar malomatiga sabr qilmoq mashaqqat, sevgan insonini yo'qotib qo'yishdan qo'rqib yashash dard, ayriliq azobiga bardosh bermoq, kelishiga umid juda oz bo'lgan insonning yo'llariga butun umr ko'z tikib o'tmoq, u bilan xayolan gaplashmoq nima ekanligini faqat bu hisni tuygan kishilargina anglay oladi... Mazkur she'rda ham yori bilan xayolan suhbat qurayotgan ayolning dilidagi dardli savollar aks etgan.
Oshiq inson uchun hamma narsa - bu ishq. Ishq - bu hamma narsa. Oshiqning dardi ham, baxti ham, sevinchi ham, qayg'usi ham, o'ngi ham, tushi ham, hayoti ham, xayoli ham Ishq. U ishq bilan nafas oladi, u ishq bilan tirik. Shu sabab u o'z borlig'ini va bu dunyoda borligini ishqdan ayri tasavvur eta olmaydi. Ushbu she'rda ham aynan oshiq yurakning ko'ngil rozlari qalamga olingan.
Ushbu she'rda buyuk bir muhabbat tarixi yoritilgan. Ayol muhabbati... Qalbidagi ishq to'fonini, yuragidagi ishq otashini barchadan yashirgan, hatto yorning o'zidan ham pinhon tutgan ayolning matonat va sabotga yo'g'rilgan pokiza tuyg'ulari bilan tanishar ekansiz, beixtiyor muallif qalbiga qalban yaqinlik tuyasiz. Mayda tashvishlarga ko'milib yashayotganimiz bu dunyoda ana shunday buyuk dardlar yukini ko'tarib jimgina yashayotgan odamlar borligiga iqror bo'lasiz.
Ushbu she'r hayot haqiqatlarining emas, balki ko‘ngil haqiqatlarining manzarasidir. Shoir she’rda ko‘zning ma’yusligini «yo‘lsiz o‘rmon», qoraligini «qora yorqinlik» deya suratlaydi. U ko‘zni ko‘ribgina qolmaydi, balki tinglaydi. Negaki, yaqin odamlar ko‘z orqali «so‘ylasha» oladilar. Shu bois oshiq ma’shuqaning ko‘zlari «aytgan» so‘zlarni «entikib» tinglaydi. Bunda ruhiy holat turg‘un emas, balki tinimsiz harakat-u o‘zgarishda tasvirlangani bois bir lahzalik hissiyot keyingi kuchli ruhiy to‘lg‘anishlarga sabab bo‘la oladi...
Dunyoda sof va samimiy tuyg'ular juda ko'p. Ammo ular orasida bir tuyg'u ham borki, uning nomini eshitgan zahoti har bir inson qalbi shamolda titragan yaproq kabi titrab ketadi. Xayolot dunyosi uni olis-olis xotiralar qo'yniga yetaklab borar ekan, dunyo tashvishlaridan toliqqan ko'ngil bir nafas ana shu his lazzatidan bahramand bo'ladi. Bu tuyg'u birinchi muhabbatdir. Mazkur she'r mutolaasi sizga ana shunday huzurbaxsh onlarni hadya etishiga ishonamiz.
Mazkur she'r yangi bir asrning ostonasida yozilgan she'r bo'lib, unda shoirning falsafiy o'ylari, fikr va mulohazalari ifodalangan. Uni o'qir ekansiz, qalbingizda o'zbek ekanligingizdan faxr va g'urur hissini tuyasiz. Bu hislar ko'ngilga shunchalar yaqinki, she'r tugagach ham, o'quvchi ko'nglida davom etaveradi.
Ushbu she'rda muallif bahorning gulga burkangan go'zal manzarasini tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo‘llaydi. «Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil - Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y tarqatuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o‘zicha ko‘rk, o‘ziga xos meva-yu hosil beradi. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatlar. Ularning har birining o‘z tarixi, o‘z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog‘da - bir maskanda, ya’ni bir Vatanda - O‘zbekistonda jam bo‘lganlar.
She'rda sokin va go'zal oqshomlarning birida hind diyorida bo'lib o'tgan ajoyib mushoira - shoirlar musobaqasi, ya'ni she'riyat bayrami tasvirlangan. Tadbirning o'ziga xos jihati shunda ediki, u muhtasham zalda emas, balki shundoqqina tabiat qo'ynida - hind xalqi odatiga mos ravishda oddiygina chodirda bo'lib o'tadi. Bir tasavvur qiling-a, bir yoqda oqshom sururi, bir yoqda gullar hidi, bir yoqda salqin shabboda va bir yoqda shoirlar bahsi davom etmoqda...
Bu she'r Zulfiyaning o'z turmush o'rtog'i Hamid Olimjonga bag'ishlab yozgan she'rlari turkumiga mansub. Unda ayriliq dardining chuqur iztiroblari yorqin ifoda etilgan. She'r o'ta samimiy ruhda yozilgani bois uni o'qigan kitobxon muallif ko'nglini yaqindan tuyib, butun qalbida unga nisbatan hamdardlik tuyg'usini his qiladi.
"Shu kunlarda bahorga zorman"... Qiziq, shoira bahor deganda nimani nazarda tutdi ekan? Yoshliknimi? Muhabbatnimi? Yorqin hislarnimi? Ilhomnimi? Yoxud sevgan yoriga bo'lgan sog'inchni ifoda etdimikan u? Bu haqda darhol hukm chiqarib yuborishdan yiroqmiz. Har bir o'quvchi mazkur she'r mutolaasi orqali o'z fikr-mulohazalariga ega bo'lgani ma'qul...
Ushbu asar inson sha'niga bitilgan qasidadir. Unda insonning botiniy va zohiriy olamidagi chigalliklar va murakkabliklar o'ta nozik tarzda ifodalangan. Xususan, shoir unda insonning bugungi kamoloti, inson dahosining zakovati, fan-texnika bobida erishgan mislsiz zafarlari haqida yozar ekan, bu taraqqiyot tufayli bugungi kunda inson jahon ayvoniga "arkon" (ustun) darajasiga ko‘tarilganini ayta turib, shu "arkon" ayni paytda "vayron" ekanini ham pisanda qilib o‘tadi...
Mazkur she'r muhabbatga egiz tuyg'u rashk xususida. Lirik qahramon sevgan yorini begonalar tugul hatto o'zidan ham qizg'onib, uzoqroq termulib qolsa, ko'zidan ham g'ash bo'lib yurishini aytar ekan, o'quvchi qalbi ham bu go'zal tasvir ta'sirida ana shunday go'zal hislarga oshno bo'lishiga ishonamiz.
She'rda o'zbek millati vakillari uchun hazrat Navoiyni o'qish zarurati borasida so'z boradi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy asarlari bizga iymon-e'tiqod, or-nomus, vafo-sadoqat, hayo-yu iffat, ishq-u oshiqlikdan saboq beradi. Modomiki, ajdodlari ma'rifatga oshno el farzandlari ulardan bebahra ekan, bu katta kulfat. Shu bois hazrat Navoiy hikmatlaridan ta'lim olmoq bizning burchimizdir.
Qadim-qadimdan urushlar tufayli qanchadan qancha odamlar qurbon bo‘lgan, ayollar tul, bolalar yetim qolgan, gullab-yashnab yotgan shahar-u qishloqlar kultepaga aylangan. Shuning uchun ham yuragida odamzodga mehr-muhabbat bo‘lgan har qanday inson hamisha janglarga qarshi chiqqan. "Nido" dostonida ham insoniyat boshiga katta kulfatlar keltiruvchi balo - urush qattiq qoralanadi. Asar avtobiografik xarakterga ega...
Firoq mavzusida bitilgan bu she'rda shoir dastlab uch holat haqida fikr yuritadi: sevishganlarning bir-biridan judoligi, yorning tashlab ketishi, javobsiz muhabbat. Bularning hech biri chinakam firoq emas -, deydi shoir, - zero, bu dardlarning barchasiga davo bor. Ammo chinakam firoq - bu kim bilandir hayotingni bog'lab, bir umr birga yashasang-u, biroq qalban yaqin bo'lmasang... Bu dardga davo yo'q. Negaki chinakam olislik jismlarning emas, qalblarning bir-biridan olisligidir...
Mazkur she'rda sof va beg'ubor muhabbat Mirtemirning o'ziga xos sodda va o'ynoqi ohanglarda kuylanadi. Undagi oshiqning xokisorligi va yor yo'lida sobitligi, samimiy tuyg'ulari g'oyat xalqona aks ettirilgan.
Ushbu asar avtobiografik xarakterga ega. Garchi shoir unda ismlarni o'zgartirib tasvirlagan bo'lsa-da, sinchkov o'quvchi uning dastlabki satrlaridanoq shoirning armonli va alamli muhabbat qissasini ko'ra oladi. «Surat» bir necha lirik she’rlardan tarkib topgan. Ayni paytda ular o‘zaro yagona lirik sujet mehvariga terilgani uchun bizni bir insonning butun boshli taqdiri bilan tanishtiradi...
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi.
«Yo‘lchi» she’rini o‘qirkan, chinakam muxlis ko‘ngli bir narsani aniq ilg‘aydi. U ham bo‘lsa, lirik qahramon — shoir ko‘pchilik oddiy odamlar singari yetishish mumkin bo‘lgan orzular ko‘yida yurgan odam emas. Uning talpingan manzili «murodga qasd qilib yugurish»ni talab qiladi. Bu manzillarga yetmoq hali ne-ne mehnat va g‘amni, qanchalar shiddatli bo‘ronlarni uning boshiga solajak...
Bu she’rda go‘yo hali bolalik zavqidan voz kechishni istamagan shoir ko‘ngli bilan real hayotning achchiq-chuchugini totib, sergak torta boshlagan shoir aqli o‘zaro muloqotga kirishadi.
She’rning birinchi misrasidanoq ko‘kda go‘yo jim turgandek tuyuladigan oy harakatga tushadi. U shoirga hamroh tutinib, ko‘m-ko‘k o‘rmon oralab birga kezinadi. Bu holat shoirga hozirga qadar izlab yurgani tanqis muhitni — sokinlik, tinchlikni hadya etadi...
Ushbu g'azal muhabbatning go'zal bir madhi bo'lib, u qalbingizda go'zal hislar uyg'otishiga ishonamiz.
Bu she'r Abdulla Avloniyning ma’rifatparvarlikni targ‘ib etuvchi asarlaridan biri bo'lib, unda shoir maktabning ilm-madaniyat manbai ekaniga alohida e'tibor qaratadi.