Sahifa yuklanmoqda . . .


Inson

Qasida

Sobit-ul sayyorada inson o‘zing, inson o‘zing,

Mulki olam ichra bir xoqon o‘zing, sulton o‘zing.

 

Sobit o‘z ma’vosida, sayyor fazo dunyosida,

Koinot sahrosida karvon o‘zing, sarbon o‘zing.

 

Shams — dil taftingdadur, sayyoralar kaftingdadur,

Keng jahon zabtingdadur, bog‘bon o‘zing, posbon o‘zing.

 

Bu yorug‘ dunyo nadur? Koshonadur, vayronadur,

Senga mehmonxonadur, mehmon o‘zing, mezbon o‘zing.

 

Bunda oq birla qaro, zulmat, ziyo, shoh-u gado,

Jang qilurlar doimo ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.

 

Sen balo, ham mubtalo, xayr ila kin, rost-u riyo,

Fitnagar olam aro fatton o‘zing, qurbon o‘zing.

 

Goh adolat bog‘ida, piri adovat gohida,

O‘z diling dargohida shayton o‘zing, g‘ilmon o‘zing.

 

Xormisan yo gulmisan, tojdormisan yo qulmisan,

Cho‘g‘zmisan, bulbulmisan, nodon o‘zing, xushxon o‘zing.

 

Bu hayot o‘rmon ekan, jon borki, qasdi jon ekan,

Bunda qatl oson ekan, sirtlon o‘zing, jayron o‘zing.

 

Bu hayot ummon ekan, ummon abad gardon ekan,

Qatradek sarson ekan, sarson o‘zing, gardon o‘zing.

 

Mash’ali fikrat — sening, ham changali vahshat sening,

G‘ayrat-u g‘aflat sening, javlon o‘zing, uryon o‘zing.

 

Qilding-u oyda xirom, ham yerda qon to‘kding harom,

Ushbu holingdan mudom xandon o‘zing, giryon o‘zing.

 

Minding ilm narvoniga, chiqding funun osmoniga,

Bu jahon ayvoniga arkon o‘zing, vayron o‘zing.

 

Zarrani ijod etib, dahshat balo bunyod etib,

Oqibatni yod etib, hayron o‘zing, hayron o‘zing.

 

Bog‘i arz obod erur sendin agar imdod erur,

Yo‘qsa u barbod erur, to‘fon o‘zing, to‘g‘on o‘zing.

 

Sen hilol, yulduz, salib, Tavrot, Zaburdin yuksalib,

Boymisan yoki g‘arib, komron o‘zing, yakson o‘zing.

 

Kim farangi, kim habash, irq, qon talash, iymon talash,

Shulmi insondek yashash, armon o‘zing, afg‘on o‘zing.

 

Mamlakatga mamlakat, millatga millat bo‘lsa qasd,

Qilg‘uchi so‘ng oqibat armon o‘zing, afg‘on o‘zing.

 

Onayizoring — zamin, tanho yo‘g‘-u boring — zamin,

Xasta bemoring — zamin, o‘g‘lon o‘zing, darmon o‘zing.

 

Bag‘rida yotquchi — sen, ne’matlarin totquchi — sen,

Tig‘ bo‘lib botquchi — sen, paykon o‘zing, qalqon o‘zing.

 

Marsga to‘p otquchi — sen, Zuhroni uyg‘otquchi — sen,

Uyquda qotquchi — sen, uyg‘on o‘zing, uyg‘on o‘zing.

 

Kelding olamga, demak, etmas uni so‘rmak, yemak,

Yerni etmog‘ing kerak bo‘ston o‘zing, rizvon o‘zing.

 

So‘zga ham poyon bo‘lur, yozsam yana devon bo‘lur,

Rustami doston bo‘lur, doston o‘zing, devon o‘zing.

 

Bo‘lmasin subhing qaro, bor bo‘l mudom borliq aro,

O‘zni etgil doimo inson o‘zing, inson o‘zing.

 

Ey, sen Erkin, sen bukun yozding dilingdan bir tugun,

Sen kim-u ne dahri dun, biyron o‘zing, nodon o‘zing.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 22-Fevralda yuklangan

2944 marta ko'rildi

23 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
inson sobit sayyora mulk olam xoqon sulton fazo koinot sahro karvon sarbon shams dil taft kaft jahon bog'bon posbon dunyo vayrona koshona mehmon mezbon zulmat ziyo shoh gado jang balo fitna xayr
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi Qasidalar Erkin Vohidov Qasidalari Erkin Vohidov asarlari