Sahifa yuklanmoqda . . .


Mushoira

Go’zal tuproq uzra quyiladi oqshom,

Kunduz olar dam,

Jo’shqin mushoira etadi davom,

Do’stim, kel sen ham!

 

Bunda uzoqdagi do’st bo’lar yaqin,

San’at, mahoratning bayrami bunda.

Qofiya, so’z, misra bahslari qizg’in,

Yuraklar davraga kiradi bunda.

 

Qay dil chamani boy, jozib nafasi,

Kimning fikri o’tkir, teran, bokira?

Bu gurung –shoirlar musobaqasi –

Sharq she’riy chamani, bu mushoira.

 

Hind tuprog’i uzra quyilib oqshom,

Kunduz olgach dam,

Jo’shqin mushoira etadi davom,

Do’stlar bo’lib jam.

 

Yuraklar jo’r ekan, ovoz hamohang,

Zarra ehtiyoj yo’q muhtasham zalga.

Bu she’r bog’ida go’zal, rang-barang

Qo’shiq solib kelgan har shoir dilga.

 

Nil qudratin jo’shib kuylar bir shoir,

O’zgasi Gang misol qilar zamzama.

Faqat mango nusxa ajoyib chodir

Bu go’zal davraga ajib boshpana.

 

Bengal ko’rfaziday ko’k edi oqshom,

Atrofda tabiat olardi nafas.

Rang-barang chiroqlar shu’lasi beson –

Osmon ko’zlarida etar edi aks.

 

Salqin sohillardan esgan shabboda

Goh olib kelardi gullar bo’yini.

Goh hindu qiz kuyin, goh yaqin bog’da –

Sayragan anvoi qushlar kuyini.

 

Lekin hokim edi davrda ilhom

Va jasur qalam.

Jo’shqin mushoira etardi davom,

Do’stlar bo’lib jam.

 

O’zbek supasiday sahnada gilam

Chiroqda yonardi go’yo kamalak.

Sehr-u muhabbatin ko’rardi baham

Haqiqat va nurga intilgan yurak.

 

Sahnaga chiqardi sipo va vazmin

Chinor ham, nihol ham she’r chamanidan.

Keksa-yu yosh ota-yu farzandday yaqin

Yonma-yon do’stlikning bu bayramida!

 

Sharqning ham buzilmas odatlari bor,

Hindlar udumiga qilamiz amal.

Chordana quramiz mehmon va mezbon

Kamalakrang gilam uzra bemalol.

 

Poygakda yechilgan xil-xil poyafzal,

Mening nazarimda o’zi bir dunyo.

Har biri o’zida mehnat va go’zal

Eli tuprog’ini keltirgan go’yo.

 

Ajib Hindistonning mohir, mirishkor

Kosibin san’atin qilib namoyish

Hindlar sandallari tizilgan qator.

(Sandal daraxtidan yasalgan emish).

 

Juda soz! Albatta kiyib birini

Safarga do’stlar-la men ham chiqaman.

Har qo’lga tutqazib xalqim mehrini,

Buyuk Hindistonni yayov kezaman!

 

Xitoyning bejirim, Bog’dodning puxta

Oyoq kiyimlari turar yonma-yon.

Qarayman, Seylon bor va boshqa juftda

Eron kosibining san’ati ayon.

 

Mo’g’ulcha etiklar Panjob kashfiga

Ertak so’zlaganday egilib turar...

Ko’zlar quvonadi inson ishiga,

Shod etar tuprog’-u, mehnat va hunar.

 

So’ngra tevarakka sezdirmay sekin

Men ham tuflimga tashladim ko’zim.

Yomon emas, Ahmad, mohir, kamtarin

Vatandosh, ishingga olqish o’qidim.

 

Bilaman, sening ham bunda do’sting bor,

Balki Bombeyda u, balki Kashmirda.

Qayerda bo’lmasin xuddi sen misol

Yashaydi davrada yangragan she’rda!

 

Chodir ichi gavjum, ko’zlar muntazir,

Mikrofon oldida davr sohibi:

Kumushday sochida jilvalanar nur,

Ko’zida yoshlikning so’nmas yolqini.

 

Nelarni ko’rmadi bu ko’zlar? Yurtda

Ko’z yoshi daryoday oqqanin eslar.

Iroda va umid toblanib o’tda,

Qari haqsizlikni yoqqanin eslar.

 

Endi Hindistonning ustida oftob,

Shuning-chun yosh, dadil, munavvar boqar,

Bizni she’r bahsiga qiladi xitob,

Qo’shiq yuraklardan daryoday oqar.

 

Go’zal tarjimondir zangori oqshom,

Har yurak hamdam.

Bizning mushoira etadi davom,

Do’stim, kel sen ham!

 

Mana, musiqaday, sevgiday mayin

Davraga kiradi Panjob bulbuli.

Nafis satrlari yoniq o’tdayin,

Jasur jaranglaydi onalik dili.

 

She’r o’qiydi Nepal, Vetnam, Xitoy,

Rus, tojik o’qiydi she’rini sarbast.

Qora alangaday soqolli singxlar,

Qorday oq libosli bengallar, hindlar.

 

Zavqidan tebranib naq to’lqinli soy,

Tinglardi hayajon og’ushida mast.

Qo’shiq-chi?

Goh kurash, goh qiz sevgisi.

 

Goh ko’kdan non kutib ko’r bo’lgan nigoh,

Goh go’dak kulgusi, goh banan isi,

Surmali ko’zlarning nozi bo’lib goh,

Goh bo’g’iq haqiqat dod, hayqirig’i,

 

Gohi yulduz kabi yiroq, yorqin baxt.

Qullikka sanchilgan g’azabning tig’i,

Goh erk tantanasi bergan adolat

Osiyo, Afrika kartasi bo’lib,

 

Hayot alamiga, baxtiga to’lib,

Kirib kelar edi dildan dillarga.

Yellar misralarni dillardan yulib

Million yo’llar bilan butun ellarga

 

Ketardi go’yo bir samimiy sayyoh,

Yolqin qanotida do’stlik va mehr.

Go’yo sharqliklarning baxtiga guvoh,

G’arbni chorlar edi davraga she’r.

 

Ey latif, fusunkor hind oqshomlari,

Ne sehr bor edi zangor qo’yningda?

Tinglovchi va shoir hayajonlari

Bu ulkan qalb bo’lib tepar to’lqinda.

 

Yangi kuy, yangi o’y olib shoirlar,

Daraga kelardi, kelardi hamon.

Dillarni payvandlar edi satrlar

Do’stlik, qardoshlikning ko‘prigisimon.

 

Yor-u birodarning mehriga serob.

Yurakday davramiz borar kengayib,

Jafokash qoniga solib oftob,

Ko’zida qalbning oqligi yonib

 

Afrika farzandi o’qiydi she’r.

Irmoqday quyilar tinchlik so’zlari.

Orom og’ushiga kirgan bo’lar yer,

Yorqinroq chaqnaydi ko’k yudduzlari.

 

Sen ermak emassan, sen non, sen orom,

Orzu pokiza.

Sen hayot! Hayotni kuyla sen mudom,

Ey, mushoira!

 

Sen chorla, ovozing eshitsin jahon!

She’rning urib turgan yuragi bo’lib,

Hayotning eng ajib kuyiga to’lib.

 

Davramizga kirsin ishchi va dehqon,

Hayot san’atkori eng oddiy inson.

 

Balki u she’r yozib, o’qimagan ham,

Ijodning lazzatli dardi begona.

 

Kurashi –qalbida qaynagan ilhom,

Kitobi –erkka ishq, orzu va g’oya.

 

Mayli, o’rin olsin, bu shonli safdan,

Shoirlar kuyiga bo’lsin hamovoz.

Mehnat-la yaratgan saodat, baxtdan

Naql etgan misralar keng qilsin parvoz.

 

Hayot go’zalligi she’riyatining

Yoniq nafasiga to’lsin bu jahon.

Xavfdan xalos bo’lgan bashariyatning

Qo’shig’in to’qisin ozod, tinch inson.

 

Davramiz mehrga to’liq bir olam,

Do’stlar bari jam,

Buyuk mushoira etadi davom,

Kelingiz, siz ham!

1958


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 28-Fevralda yuklangan

1171 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
mushoira go'zal tuproq oqshom kunduz dam do'st san'at mahorat bayram qofiya so'z misra bahs yurak davra dil chaman nafas fikr bokira shoir musobaqa sharq she'r hind ovoz ohang bog' nil qudrat kuy qo'shiq
Muallif
Zulfiya

Zulfiya

Yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining barkamol ijod sohibasi. She’riyatida inson ruhiyatining shodon, mahzun xilma-xil kechinmalari, davr to’fonlari va yashash mohiyatiga doir ulug’vor falsafiy qarashlar mujassam. She’r-u dostonlari umumbashariy g’oyalari bilan, ularning jozibali hamda san’atkorona ifodasi bilan o’zbek va dunyodagi boshqa ko‘plab xalqlar she’riyat muxlislarining qalbidan mustahkam joy olgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Zulfiya She'rlari Zulfiya asarlari