Sahifa yuklanmoqda . . .
Ari - Asarlar - ari so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Har bir inson yuksaklikka intiladi. Yuksalmoq umidida o'qiydi, ilm oladi, mehnat qiladi, kurashadi, to'siqlarni yengadi, ijod qiladi,... U bir kun bu maqsadlarga erishar ham. Uni hamma juda ulug' va yuksak odam deb bilar. Biroq u baribir bir inson uchun oddiygina bola bo'lib qolaveradi. O'sha "katta" odam ham mana shu inson tizzasiga bosh qo'yib, tinchgina orom olishni, uning qoshida o'z dardlari-xatolariga bir-bir iqror bo'lishni tilaydi. Chunki bu inson uni hamisha tushunishi va ovutishiga shubha qilmaydi. U - Onadir.
To‘rtburchak dunyoni devorga osdim... Dunyo oshiq uchun yorning o'zidan iborat. Ishqqa oshno ko'ngilga yorning quvonchlari - dunyo quvonchi, yorning g'amlari - dunyo g'ami. Ammo yor uning dunyosini tark etsa-chi? Bunda oshiq hayot ma'nosini yo'qotmaslik uchun yor suratini devorga iladi. Qalbidagi so'nggi umid bilan yor yo'lini poylaydi. Bu yo'llar - yor ketgan yo'llar. Bu yo'llar - yor qaytmas yo'llardir. Hozir uni oppoq qor bosgan...
Dunyoda bir narsaga qarab har kim har xil narsani ko'radi, his qiladi. Masalan, yomg'ir. Kim uchundir u oddiy bir tabiat hodisasi, kim uchundir xotira, kim uchundir esa taskin, ... Ushbu she'rning lirik qahramoni ham tashqarida yog'ayotgan yomg'irga boqib, og'ir xayollarga beriladi. Go'yo uning dardlarini tushunmaydigan, ko'ngil azoblaridan bebahra, yuraksiz odamlarga to'la dunyo uzra yurak yog'moqda, bag'ir yog'moqda...
Sevgi inson uchun eng ardoqli tuyg'u bo'lsa, andisha ham g'oyat qadrli tuyg'udir. Mazkur she'rning lirik qahramoni ham kimgadir ko'ngil bergan, ammo buni oshkor eta olmagan. U hayotda hamisha nimanidir, kimnidir kutib yashagan. Undagi oq sochlar, ajinlar bundan guvohlik bermoqda. Biroq... U chinakam oshiqlarga xos ravishda ishqini ta'na qilmaydi. Toki ma'shuqqa ozor yetmasin. Axir o'rtada bor: yillar, andisha va oshkor etilmagan muhabbat...
Muhabbat dardiga davo bormi? Oshiq o'z ma'shuqasini unutmoqqa har qancha urinmasin, besamar. Kunduzlar o'zini hayot tashvishlariga alahsitsa-da, kechalar yana uning yodi yurakka qaytadi va shu zahoti oshiq jism-u jonini zabt etadi. Shunda u munavvar tunga boqib, yig'lagan ko'yi yor ismini takrorlaydi. O'rtada masofa olis. Mahbuba o'z oshig'ining ovozini eshitmas. Biroq shunda ham oshiq ming andisha bilan yoridan mabodo uning ovozini eshitib qolsa, ishonmasligini, yig'lamaslini so'rar ekan, bir o'tinchdan o'zini tuya olmaydi: "Unutma faqat..."
Ushbu she'rda sokingina umr kechirib, hamma narsaga sekin-astalik bilan erishgan insonning ko'ngil kechinmalari yoritilgan. Lirik qahramon: "Muhabbat ham hayallab keldi menga, aqlni ham kech yig'dim, bilimni ham asta orttirdim, tajribani ham uzoq vaqtda yig'dim, shu tariqa shoshilmaslikka o'rganib ketdim. Endi qarilik, xastalik va o'lim ham shoshilmasa yaxshi bo'lardi", der ekan, uning ichki dunyosi naqadar toza va go'zal ekanligiga guvoh bo'lib, ko'nglingizda bu insonga nisbatan yaqinlik tuyasiz.
Hayot nega buncha berahm? Umr nega buncha beshafqat? Vaqt ne uchun bunchalar shoshqin? Ko’pincha unda inson baxt manzili sari yo’lga otlanadi. Bu yo’lda ne-ne kurashlar, sinovlar, mashaqqatlarga duch kelib, ularni sabr-u sabot bilan yengib o’tadi. U hayot dashtlarida emaklab, sinov tog’lariga tirnoqlari bilan tirmashib chiqib yo’l qidiradi – baxt izlaydi. Ammo… shunday onlar ham bo’ladiki, inson o’ylanib qoladi, baxtli bo’lishga kechikdimmi deb…
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Oshiq inson uchun hamma narsa - bu ishq. Ishq - bu hamma narsa. Oshiqning dardi ham, baxti ham, sevinchi ham, qayg'usi ham, o'ngi ham, tushi ham, hayoti ham, xayoli ham Ishq. U ishq bilan nafas oladi, u ishq bilan tirik. Shu sabab u o'z borlig'ini va bu dunyoda borligini ishqdan ayri tasavvur eta olmaydi. Ushbu she'rda ham aynan oshiq yurakning ko'ngil rozlari qalamga olingan.
Ota so'zini eshitganda har bir farzandning qalbi allanechuk bir hisni tuyadi. Bu bir hiski, unda ham cheksiz viqor, ham xokisorlik, ham suron, ham samimiyat mavjud. Bolalar oila qo'rg'onini but saqlamoqni, or-nomusni baland tutmoqni, yurt koriga kamarbasta bo'lmoqni aynan otalaridan o'rganadilar. Ushbu she'rda otaning chuqur mehr ila qilgan duosi aks etgan.
Mazkur she'r yangi bir asrning ostonasida yozilgan she'r bo'lib, unda shoirning falsafiy o'ylari, fikr va mulohazalari ifodalangan. Uni o'qir ekansiz, qalbingizda o'zbek ekanligingizdan faxr va g'urur hissini tuyasiz. Bu hislar ko'ngilga shunchalar yaqinki, she'r tugagach ham, o'quvchi ko'nglida davom etaveradi.
Ushbu she'rda chuqur hayot falsafasi ifodalangan. O'g'lon dunyoning yarmini sayr etib, ota huzuriga qaytadi va unga chin do'st topolmaganini aytadi. Ota esa jim. O'g'lon yana dunyo kezadi. Bu safar u otasiga vafo topolmaganini aytadi. Ota hamon sukutda. Oxiri o'g'ilning toqati toq bo'lib, otasidan javob berishini so'raydi. Shunda ota...
Ushbu she'rda muallif bahorning gulga burkangan go'zal manzarasini tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo‘llaydi. «Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil - Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y tarqatuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o‘zicha ko‘rk, o‘ziga xos meva-yu hosil beradi. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatlar. Ularning har birining o‘z tarixi, o‘z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog‘da - bir maskanda, ya’ni bir Vatanda - O‘zbekistonda jam bo‘lganlar.
Mazkur she'r Zulfiya o'z umr yo'ldoshining porloq xotirasiga atab yozgan asarlardandir. U bahor faslining kirib kelishi tasviri bilan boshlanadi. Odatda ko'klam kelishi quvonch-u shodlik bilan qarshi olinsa, bu bahor alam va ko'zyosh bilan kutib olinadi. Bahor esa hayron boqqancha shoiradan yori qaydaligini so'roqlaydi. Ayolning tillari bir javob aytishga ojiz bo'lganidan uni jimgina shoir qabriga boshlab boradi...
Ishq va Oshiqlik... Bu so'zlarni ta'riflamoqqa, uning mazmunini sharh etmoqqa zabonlar zabun-u qalamlar ojiz. Oshiqning ishq makon etgan ko'nglidan qanday hislar kechishini hech kim mukammal tasvirlab berolmaydi. Uni faqat chinakam oshiqlargina his etishi mumkin. Mazkur she'rni oshiq yurakning ko'ngil rozlari sifatida qabul etish mumkin.
She'r hayotning go'zal bir oni - tong lavhasidan hikoya qiladi. U majoziy xarakterda. Tong ko'zlarini erinib ochar ekan, butun olam munavvar bo'lib, yorishib ketadi. Tabiatdagi har bir mavjudot, hatto mitti hasharotlar ham bu go'zallikni his etadi, qalbi zavq-u shavqqa, betimsol lazzatga to'ladi. She'rning shu yerida badiiy kashfiyot bor: shoir chumolining shu paytga qadar ulug'lanib kelgan xislati - mehnatkashligiga salbiy munosabatini bildiradi! Turmushning ikir-chikirlari bilan o'ralashib, hayotning unutilmas lahzalariga beparvo qarash, uning go'zalligini ko'rmay olamdan o'tib ketish dunyoni masxara qilish bilan teng, deydi shoir...
Ushbu she'rda shoir o'zini tinchoqar daryoga o'xshatadi. Daryo dolg'asiz bo'ladimi?! Yo'q, bo'lmaydi. Ammo Shavkat Rahmon sharqiroq, yengiltak soy emas, dolg'alarini qa'riga − chuqurliklariga berkitgan bosiq-og'ir, o'ychan daryodir. “Ruhida qadimgi osoyishtalik”ni saqlagan bunday o'ychan daryo bir dolg'alanmasin! Sokinlik bag'ridagi dolg'a agar yuzaga chiqsa, nimalar yuz berishi hayotda ko’p ko’rilgan…
Sharq mumtoz she’riyatida qasidalar asosan podshohlar, amir-u xonlar sha’niga, ular tomonidan qilingan xayrli ishlarni olqishlash maqsadida bitilardi. Erkin Vohidov esa ona xalqi — O‘zbegimga qasida bag‘ishlaydi! Bu ijodiy jasorat yana shunisi bilan muhimki, u yozilgan paytlari sobiq sho‘ro mamlakatidagi barcha millatlar «sovet xalqi» degan umumiy, sun’iy nom bilan atalar, odamlarning muayyan millat vakili ekani bilan faxrlanishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasdi....
«Monolog» she’ri sevgi-muhabbat mavzusi mutlaqo yangi nuqtayi nazardan turib yoritilgan, talqin etilgan o‘lmas asar hisoblanadi.She’r lirik qahramoni shunga qadar hamma qulluq qilib turgan, ta’rifiga tahsinlar keltirayotgan sevgiga... qarshi bosh ko‘taradi...
Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!
Ushbu she'r U.Nosirning Samarqanddan onasiga yozgan she’riy maktubi bo'lib, unda shoir bolaligida ko‘rgan sargardonliklarini tabiat manzaralariga uyg‘un holda qayta jonlantiradi, o‘quvchini o‘z xotiralariga oshno etadi.
Ushbu g'azal muhabbatning go'zal bir madhi bo'lib, u qalbingizda go'zal hislar uyg'otishiga ishonamiz.
Mazkur g‘azal Fuzuliy ijodi ta’sirida paydo bo‘lgan. Furqatning ijodiy mahorati shundaki, u o‘zga shoirning misrasiga tayangan holda tasvir qudrati, ifoda ta’sirchanligi, chizgilarning nozikligi jihatidan oldingidan balandroq badiiy natijaga erisha olgan. Natijada ma’shuqa tasviri devorga ilib qo‘yilgan surat emas, balki o‘quvchining ko‘nglidan joy olgan harakatdagi suratga aylangan.
Navbahor-erta ko‘klam, borliqning endigina uyg‘ona boshlagan payti. Tabiatning shu palladagi ko‘rinishi shoirni hayajonga soladi, u poetik so‘z yordamida ko‘klamning tarovatli manzarasini chizadi. Lekin shoir uchun atrof go‘zalligining o‘zi kifoya emas. U shunday damlarda yaqin kishilar bilan bo‘lgisi keladi…