Sahifa yuklanmoqda . . .
Daryoga aylandim,
o'ychan daryoga,
ruhimda qadimgi osoyishtalik.
Qa'rimga berkitdim dolg'alarimni,
ruhimga bo'ysundi dunyo ishlari.
O'ylayman yashamoq mohiyatini,
qattiq nigohlarim osmon xatida.
Vujudim sezmayman,
lazzat olaman
har fikr – ruhimning harakatidan.
Biroq o'jar kunduz
tovlanar ekan,
yashil zamzamali yiroq tog'lardan
irmoqlar – jodugar pari qizlarni
boshlab kelar toshloq qirg'oqlarimga.
Qizlar ko'ylaklarin
o'tlarga yoyib,
o'ynatib jarangdor tovushlarini,
xayolchan yuzimga oqshomga qadar
otib o'tirishar mayda toshlarni.
Ruhim harakati to'xtamas, biroq
har kun davom etar bu go'zal yovlik.
Menga osoyishta lahzalar kerak,
jodugar qizlarga –
sho'xlik, asovlik.
1983
Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida o’ziga xos iz qoldirgan Shavkat Rahmon O’sh shahrida tavallud topgan. Shavkat Rahmon chinakam otashnafas millatsevar shoir edi. U o‘z kayfiyatlarini tasvir etish bilangina kifoyalanadigan shoirlar sirasidan emasdi. U hamisha millat dardini, xalqining armonlarini ifodalashga intilardi. Chunki u o‘z taqdirini, hayotini millatining hayoti va taqdiridan ayri tasavvur etmasdi. U har bir millatdoshining ko‘ngil mulkiga kirib borishni orzu qilib, shu yo‘lda tinimsiz dard chekib yashagan shoirdir.