Sahifa yuklanmoqda . . .
Amon - Asarlar - amon so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Ushbu she'r shoirning Ka'batullohga qilgan muborak haj safari taassurotlari mahsuli bo'lib, u Yaratganga munojot tarzida bitilgan. Unda muallif Allohdan nafaqat o'zi uchun, balki o'z eli-yurti uchun mag'firat va madad tilaydi. Agar she'rni sinchiklab o'qisangiz, unda shoirning hech kimga aytmagan ichki dardlari ham yashirin ekanini his qilishingiz mumkin.
Xorijiy safar taassurotlari asosida yaratilgan bu she’r qaramlikka, mutelikka qarshi o‘tkir aybnoma kabi yangraydi. Faqat bugina emas, unda qaramlik dunyosining shafqatsizligi-tirikchilik, kundalik hayot tashvishlari tirik mavjudotni, odam zotini ne ko‘ylarga solishi ramziy tarzda butun dramasi, keskinligi bilan ko‘rsatiladi. She'rni o‘qib, alam-iztirob bilan qalamga olingan hodisa, ya’ni to‘qaylar podshohi arslonni charsillab yonib turgan olov halqa ichidan sakrab o‘tishga majbur qilgan, sher zotini masxaraboz qo‘liga berib, gumroh tomoshabin-olomon uchun ermak-tomoshaga aylantirgan kuch nima, degan savolga o‘zingiz javob topasiz.
Noan'anaviy mavzuda bitilgan noan'anaviy she'r. Unda shoir dastlab bir qiziq savolni o'rtaga qo'yadi: "Qarsak nima o'zi?" Javob yanada g'ayrioddiy: "Ikkita kaftning orasidan potrab chiqadigan sas". Shu xolos. U qarsak chalinuvchining buyuk insonligini ham, aytilgan gapning olamshumulnigini ham anglatmaydi. Chinakam shoir qarsaklar-u shuhrat uchun emas, xalq uchun so'zlaydi. Biroq ming afsuski, hozir "Vijdonsiz shoirlar ko‘paygan juda". Ularga esa maqtov u yoqda tursin, qarsak ham uvol...
Lahza nima? Ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan fursat. Go‘yo e’tiborga, diqqatga arzimaydi. O‘z umrini poyonsiz deb o‘ylaydigan aksariyat odamlar uchun lahzaning sariq chaqalik qimmati bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq... Biroq shoir bu she'ri orqali butun insoniyat hayoti - uning quvonch-u tashvishlari, hatto qismati ham mana shu lahzalarga jo ekanini favqulodda misollar bilan isbotlab beradi.
Siz har kecha ko‘radigan oy va uning nurlari, bahor chog‘i gullagan bodomning oydin kechadagi suratini shoir oddiy so‘zlar bilan qanday chizganini ko'rishni istasangiz, imkoniyatni qo'ldan boy bermang...
Xalqimiz «Til bilgan el biladi», deb bejizga aytmaydi. Ushbu she'r ham chet tillarini o‘rganishga da’vat qilishi bilan muhimdir. Shoir tilni insonlar, turli millatga mansub kishilarni birlashtiradigan, do‘stlashtiradigan «robitai olamiyon» - kishilarning aloqa vositasi deb ataydi. Shuning uchun ham o‘zgalar tilini ona tilidek bilish «foydai kondir» deydi.
Ushbu g‘azalida shoirning mazlum xalq ahvoliga achinishi, uning mashaqqatli hayotidan cheksiz afsuslanishi yaqqol sezilib turadi. Unda shoir o‘zi mansub xalqqa jonini fido qilishga ham tayyorligini ochiq aytadi.
Ushbu she'r chin do'stlik haqidagi qiziq bir hikoya bo'lib, unda safarga chiqqan ikki do'stning bir-birlariga qanchalik vafodor ekanliklari ko'rsatiladi.
Mazkur she'r Vatan haqida bo'lib, u o'quvchilar qalbida vatanga muhabbat hissini oshirishga qaratilgan.
Ushbu she'rda millatimizga xos bo'lgan qusurlar fosh etiladi. Bu orqali shoir o'z millatini ana shu illatlardan xoli bo'lib, tamaddunga yuz tutishini orzu qiladi.
Shoir hayotida chuqur iz qoldirgan iztirobli sevgi tarixi bu she’rning yozilishiga turtki bergan. Unda ko‘nglining suygan yoridan ayrilgan lirik qahramon iztiroblari quyuq badiiy bo‘yoqlarda ta’sirli ifodalangan.
Cho‘lponning «Men shoirmi?» deb nomlangan she’ri 20-yillarda Toshkentdagi O‘lka o‘zbek bilim yurti o‘qituvchilarining iltimosi bilan shoirning lirik tarjimayi holi sifatida yozilgan. Cho‘lpon bu «lirik tarjimayi holi»da, o‘qituvchilar xohlaganidek, o‘z hayot yo‘lini emas, balki o'ziga xos shoirona o'ylari va kechinmalarini tasvirlagan.
Mazkur g‘azal Fuzuliy ijodi ta’sirida paydo bo‘lgan. Furqatning ijodiy mahorati shundaki, u o‘zga shoirning misrasiga tayangan holda tasvir qudrati, ifoda ta’sirchanligi, chizgilarning nozikligi jihatidan oldingidan balandroq badiiy natijaga erisha olgan. Natijada ma’shuqa tasviri devorga ilib qo‘yilgan surat emas, balki o‘quvchining ko‘nglidan joy olgan harakatdagi suratga aylangan.
Ushbu muxammasda Zavqiyning falsafiy o’ylari o’z ifodasini topgan. Unda shoir odam, uning hayotdagi o‘rni haqidagi o‘y-mushohadalarini bayon qiladi.
Mazkur she’r Ogahiyning mashhur “Bo’lmasa bo’lmasin netay” radifli g’azaliga hamohang tarzda yozilgan bo’lishiga qaramay, undagi oshiq holati tamomila o’zgacha: U yorining kelmaganidan azoblanmaydi, aksincha suyunadi. Nega? Buni g’azalni o’qigach, bilib olasiz.
Ushbu she’r yakpora g‘azallar sirasiga kirib, ezgu sifatlarning kishi shaxsiyatidagi o‘rni kuylangan. Unda kamso‘zlikning afzalligi-yu, sergaplikning zarari g‘oyat ta’sirchan timsollar orqali ifodalab berilgan.
Mazkur g‘azalda jafokash yordan shikoyat, u bergan azoblardan zorlanish g‘oyat o‘ynoqi yo‘sinda ifodalanadi. Aks ettirilayotgan hayotiy holat, ruhiy vaziyatning zalvori bilan ifoda tarzining yengilligi o‘rtasidagi ziddiyat she’rning ta’sir kuchini oshiradi.
Navbahor-erta ko‘klam, borliqning endigina uyg‘ona boshlagan payti. Tabiatning shu palladagi ko‘rinishi shoirni hayajonga soladi, u poetik so‘z yordamida ko‘klamning tarovatli manzarasini chizadi. Lekin shoir uchun atrof go‘zalligining o‘zi kifoya emas. U shunday damlarda yaqin kishilar bilan bo‘lgisi keladi…
Bu she’r Komilning el orasida g‘oyat mashhur bo‘lib ketgan muxammaslaridan biridir. Unda olamda yordan o‘zga kimsani ko‘rmayotgan, ko‘rishni istamayotgan fidoyi oshiq holati juda samimiy va ishonarli ifoda ettirilgan. Oshiqqa ma’shuqaning barcha jihati mukammal, nuqsonsiz tuyuladi. U to‘g‘rida o‘ylagani sari mehri jo‘shib ketadi. Uning bu ruhiy holati o‘ta nazokat bilan she’r musiqasiga singdirilgan.
Ushbu muxammasda shoirning olam va odam haqidagi o‘ylari aks etgan. Bunda shoir inson ma’naviy dunyosi borasidagi mushohadalarini ishqiy qobiqqa solib beradi.
Mazkur tarji’band tasavvufiy mazmunga yo‘g‘rilgan ijtimoiy-falsafiy ruhdagi asardir. Tarji’bandda dunyo omonat binoga, bo‘yi, vafosi yo‘q gulshanga, jafokor tuban ayyoraga o‘xshatiladi va insonni unga ko‘ngil berib, aldanib qolmaslikka chaqiriladi.
Tarji’band Muhammad Alixonga shikoyat shaklida yozilgan. Og’izdan-og’izga o’tib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, Uvaysiy Qo’qonda Nodirabegim in’om etgan hovlida yashab turganida, Qashqardan kelgan Hasan degan uysiz baqqolga omonatga joy beradi. Biroq u ko’p o’tmay, tovlamachilik yo’li bilan ushbu hovlini o’ziniki qilib olishga erishadi...
Ushbu g'azalda odamlar nokomilligidan, nafs manfaati yo’lidagi qilmishlari sabab pokiza tuyg’ular ularni tark etganligidan ozorlangan ezgu qalb egasining sezimlari aks etadi.
Mazkur muxammasda bir tomondan, shoirning shirin o’tmish xotiralari, ikkinchi tomondan, oyoqosti qilingan izzat-nafs, bir vaqtlar saltanatning yuksak maqomlarida bo’lgan arbobning tuban ijtimoiy mavqega tushib qolganidagi iztirobli o’ylari aks ettirilgan.