Sahifa yuklanmoqda . . .
Uh - Asarlar - uh so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Ushbu g’azalni o’qir ekansiz, unda ifodalangan oshiqning samimiy so’zlari sizni beixtiyor o’ziga maftun etadi. Yor o’z jafolari bilan oshiqqa qancha zulm qilmasin, oshiq uchun bu azoblar ham rohat bo’lib tuyuladi va buning uchun yorga “Sallamno - tasanno” deydi.
Olamdagi odamki bor ehtiyojmand, ya’ni nimagadir muhtoj. Birov baxtga, birov davlatga, birov e’tiborga, boshqasi muhabbatga, kimlardir Alloh visoliga, o’zgasi nafsga ehtiyojmand. Ushbu g'azal ana shu mavzuda bahsga chorlaydi.
Ushbu g'azal favqulodda tasvirga ega. Odatda, she’riyatda inson xatti-harakat va ruhiy holatlarni tabiiy hodisalardan o’rganganligi tasvirlanardi. Bu o’rinda kutilmagan badiiy holat yuzaga keladi. Ya’ni tentaklik daryosi tug’yonni, toshqinni, guvillashni she’r qahramonidan o’rganganligi tasvirlanadi. Shu tariqa baytma-bayt fikrni rivojlantirib borgan shoir so'nggi baytda mumtoz ishqiy lirika tajribasida kamdan-kam bo’ladigan holatni beradi. Ya’ni oshiq dardiga davo topganini ifoda etadi...
Ushbu g'azalning o'ziga xosligi shundaki, u ishq quvvatining cheksizligini madh etish yo’sinida borib, maqta’ga kelganda yorning tengsiz go’zalligi va oshiqning unga bo’lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo’lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya’ni odamning ko’ngliga tegishli tuyg’ular ko’ngil kabi pinhon bo’lgani ma'qul.
Ushbu mustazod Shermuhammad Munisning g'oyat san'atkorlik bilan bitilgan asari bo'lib, unda oshiqning mahzun va ayni damda o'z holidan mamnun holati ustalik bilan tasvirlangan.
Bu tuyuq "yetti yosh" so'zlarining tajnisi asosida yuzaga kelgan bo'lib, unda shoirning chuqur hayotiy falsafasi yashiringan.
Mazkur ruboiy Munisning hazrat Navoiyga qanchalik ixlos qo'yganligini ko'rsatadi. Unda shoir Navoiy dahosini o'ziga pir deb bilishini aytar ekan, nozik so'z o'yinidan foydalanib, "Bu Shermuhammad, ul Alisherdurur" deya o'z ismining ham hazrat ismiga hamohang ekanini fahr bilan ko'rsatadi.
Mazkur g'azal do’stlik, vafo haqida. Shoir insonlar o’rtasidagi munosabatlarning samimiy, mustahkam va sadoqatga asoslangan bo’lishini istaydi. Shu sababli, do’st do’stni yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yoddan chiqarmasligi, e’tiborsiz qoldirmasligi kerakligini ta’kidlaydi.
So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.
Dunyo shunday qurilganki, unga kelgan odam gunoh qilmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, inson degan mavjudotga shunday tabiat berilganki, uning gunoh qilmasdan yashashi mumkin emas. Dunyoning loyi borligi va shoirning unga kelib, bilmay «bota qolishi» shundan. Inson ko’pincha o’z ixtiyoriga zid yashaydi. Ushbu g'azalda ham shoirning ishqi tavsifi barobarida dunyoning ishlari, jumladan, tirikchilik tashvishlari, tan va ruhning rohat-farog’atga moyilligi, bularning esa oxir-oqibatda «ishq»iga xalaqit berishi kabi masalalar ko’tariladi.
Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo’rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvuf uchun bunday maqsad ta’magirlik hisoblanadi. So’fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o’ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do’zaxdan qutulib qolishni niyat qilish -uyat. Chunki go’yo muhabbati uchun haq talab qilganga o’xshab qoladi. Chin ishq beg’araz bo’lmog’i kerak. So'fiyoda uslubda bitilgan mazkur g'azalda shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo’lgan.
Ushbu g'azal adabiyotimiz tarixidagi xalqni milliy birlikka chaqirgan, o‘zaro tenglikka da’vat etgan, hududiy yaxlitlikni targ‘ib qilgan siyosiy ruhdagi birinchi she’r sifatida alohida e’tiborga molikdir. Unda shoirning o'tkir kinoyaviy tili va so'z qo'llash mahorati yaqqol ko'zga tashlanadi.
Ushbu tuyuq "yo qildi" so'zlari tajnisiga asoslangan va ma'nosi shunday: "Tik qaddimni firoq mehnati yo qilidi (egdi), ko'nglim esa g'am-u anduh gulhanida yoqildi (yondi). Men bu holimni sabo (tong shabadasi)ga aytgan edim, ammo bilmayman, ey gul (yor), u xabarimni senga sharh qilmadimi yo qildi?"
Ushbu asar Boburning ruboiychilik mahoratini yorqin ifoda etuvchi ruboiylardan biridir. Keyingi satr oldingisining oqibati, avvalgi misra ortdagilar uchun sabab bo’lib kelgan bu ruboiyda so’zlar o’ta oz bo’lishiga qaramay, hislar talashi, tuyg’ular jilvasi namoyon bo’ladi.
Mo'min kishiga mahzunlik yarashmaydi. Taqdiridan rozi, kelajagidan umidvor kishining qalbiga qayg'u begona bo'ladi. Mazkur g'azal ham o'quvchini doimo xush kayfiyatda bo'lishga ruhlantirib, hayotga kulib boqishga undaydi va ko'nglingizga yorqin hislar bag'ishlaydi...
Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.
Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.
Ushbu qit'a to'g'rilik ta'rifiga bag'ishlanadi. Unda shoir kimki hayotda to'g'rilik yo'lini tutsa, Alloh uning mushkulini har yerda oson qilib, ishlari hamisha oldinga yurishini uqtiradi. Bunda u kotibning yuz sahifani birgina qalam bilan bitishi va ming qo'yni cho'pon birgina hassa bilan olib yurishini o'z fikrining isboti tariqasida keltiradi.
Shoir ushbu g’azalida ma’shuqa achchiq-tiziqlaridan, nozlaridan hayratga tushgan oshiq holatini ifoda etadi. U yor g’azabiga duchor bo’ldi, lekin aybi ne ekanini bilmaydi. Shu bois uni savollar qiynaydi. Oshiq o’zini gunohkor sanaydi. Ammo aybi nimadaligidan xabari yo’q. U ma’shuqa meni rashk etayotirmikan degan o’yga boradi. Lirik qahramon -chorasiz, u ishq yo’lida qurbon bo’lishga tayyor. Shu bois qay tarzda, qanday yo’l bilan o’ldirilishi uni ko’pda qiziqtirmaydi. Uning jon saqlash uchun yor qoshidan ketgisi yo’q...
Muhabbat! Eng nafis tuyg'u! Biz muhabbat mavzusidagi asar deganda o'ta kelishgan yigit va husnda tengsiz qiz o'rtasidagi munosabatlar haqidagi asarlarga o'rganib qolganmiz. Ammo oddiy odamlar o'rtasidagi sevgi-chi? Yoki ularda bunday hislar bo'lmaydimi? Bo'ladi, albatta. Faqat ulardagi tuyg'u shu qadar o'ziga xos, shu qadar betakrorki, u sizni ham maftun qilishi ayon. Odatiy mavzuning yangicha talqini. O'qing. Bu juda qiziq.
Mazkur hikoya o'zbek adabiyotidagi fantastik asarlar "ota"si Hojiakbar Shayxov qalamiga mansub bo'lib, unda olov qa'ridan chiqqan yigit - Nurbekning boshdan kechirgan ajobtovur sarguzashtlari, yurtni g'animlardan himoya qilish yo'lida ko'rsatgan jasorati va go'zal qizga bo'lgan pokiza muhabbati tasvirlangan.
O‘tgan zamonda Qo‘qon shahrida bir podsho yashagan ekan. Bu podshoning bitta-yu bitta jonon piyolasi bor ekan. Yer yuzini ming marta aylanib chiqsangiz ham bunaqangi piyolani topolmas ekansiz. U shu qadar chiroyli ekanki, qorong‘i tunni oy nuri kabi yoritar ekan. Podsho piyolani tilla sandiqning ichida saqlar ekan. Piyola turgan uyning atrofida bir qancha qo‘riqchilar turar ekan. Agarda podshoning choy ichkisi kelsa, ishonchli odamini yuborib, jonon piyolasini oldirtirar ekan...
O‘tgan zamonda Tutjar qishlog‘ida bir xasis boy yashagan ekan. Uning davlati, moli mulki ko‘kka sig‘mas ekan, biroq qo‘li qattiqlikda tengi yo‘q ekan. Boyning kambag‘al, o‘z mehnati bilan kun ko‘ruvchi bir g‘arib ukasi bor ekan. Boy ukasiga hech qanday yordam bermagan ekan. Natijada, u qiynalib vafot etgan ekan. Mahalladagi kishilar, elu xeshlar pul to‘plashib bechoraning o‘ligini ko‘mishgan ekan...
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podshoh bor ekan. Lekin uning farzandi yo‘q ekan. Kunlardan bir kun o‘ylab, xafa bo‘lib o‘tirsa, o‘ng qo‘l vaziri so‘rabdi: — E podshohi olam, nega xafasiz? Davlatingiz bor. Hamma fuqaro sizning ixtiyoringizda bo‘lgandan keyin, buncha xafagarchilikning nima keragi bor?..