Sahifa yuklanmoqda . . .
Suv - Asarlar - suv so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Hayot ro‘paramda daryodek turar, Suvlari tiniqdir,oqishlari jo‘n. Kimdir dovullarda ovozsiz yurar, Kimdir sukunatda soladi shovqin.
Jilg‘alarning suvi bir bo‘lib, Guvillaydi timnimsiz dara. Tog‘ o‘ylaydi pastga termilib, “Men buyukman soylardan ko‘ra!”
O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...) Ismimni bilardi qayrag‘och bargi. Yuragim tomida yotgan qizg‘aldoq Kapalak haqida qo‘shiq aytardi. O‘shanda o‘zim ham olov edim-da, Tushovini uzgan toyga o‘xshardim, Akamning choponin ilib egnimga Qirda quyun bilan kurash tushardim. O‘shanda jilg‘alar chuchuk til bilan – Erkalab, toshlarning boshin silardi. Chig‘anoqlar esa suyuq dil bilan Toshning kovagida achchiq yig‘lardi.
Menga nomehribon yor o‘zgalarga mehribon ermish, Mening jonim olib, ag'yorga oromijon ermish. Tan uzra emdi fahm ettim adadsiz toza dog'imni, Ki, har bir-bir qorarg'an shomi hajrimdin nishon ermish.
Bu g’azal shoh va darvesh munosabati haqidagi yaxlit bayonnoma – dastur! Unda shoir shoh va darvesh orasidagi tubsiz jarlikday ko’ringan tafovutni bir-birini rad etuvchi dalil-misollar bilan ajoyib tarzda, hayajon, shavq bilan qiyoslab ko’rsatar ekan, tasavvufning jasoratbaxsh g’oyalaridan biri – darvesh shohdan afzal va ulug’, shuning uchun darvesh shohga emas, shoh darveshga muhtoj, degan fikrni ehtirosini yashirmay, qizg’in ma’qullaydi.
Egasiz va oyoqosti yo‘lmas o‘zbek, Xohlagan suv oladigan ko‘lmas o‘zbek. Dong taratgan va o‘ziga qaratgan el, Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek. Vatangado, yurtfurushlar anglamaslar, Oltinday sof hikmatlar hech zanglamaslar. Ona hamda Vatanni-ku tanlamaslar, Hech qachon hech kimga qaram bo‘lmas o‘zbek.
Milyon yilda meni yaratdi hayot, Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz. Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot, Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz. Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv, Quyoshdan ishorat – ko‘z yorar ildiz. Men, axir ularga o‘xshamayman-ku, Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.
Yenglik liboslardan voz kechdi shahar, Yelkalar yalang‘och, yalang, och ko‘zlar. Olislarda esa suvlar sepishar Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar. Shahar qizg‘onmaydi xiyobonlarin, Sun’iy ko‘lini-yu qayiqlarini. Ammo dil qo‘msaydi sokin bog‘larning Olmalar oqizgan ariqlarini.
Ishdan kelsam hovli betartib, Xuddi uyda kelinim yo'qday. Dadamizga murojaat qildim Eshittirib kelinga atay: - Dadasi-chi, endi bozordan Oyog'i bor supurgi oling. Qolib ketsa yo'lakda darrov Topib olsin o'zi o'z joyin...
Bir sahroyi ayolning O'g'ilchasi sho'x ekan. Undan zarar ko'rmagan Biror kuni yo'q ekan. Qozondagi taomin Tepib qochib ketarkan. Meshidagi suvini Sepib qochib ketarkan...
Bir non topib agar yesang ikki kun, Siniq ko’zang bo’lsa suv ichmak uchun, O’zingdan pastlarga yollanmoq nega? O’zingdek xizmatin qilmoqlik nechun?
Misoli bir oltin ko’za bu dunyo, Suvi goho shirin, achchiqdir goho. Shuncha umrim bor deb kerilma aslo, Egarloqdir ajal oti doimo.
Urindim qo’yay deb suv uzra g’ishtni, Butxona istamas bu xil xohishni, Ey Xayyom, kim aytar do’zaxiysan deb, Kim borib ko’ribdi Do’zax-Behishtni?
Tokay rang-u bo’yga asir bo’lursen, Yaxshi-yomonni deb dilgir bo’lursen, Xoh zamzam suvi-yu xoh obi hayot, Oxir yerga kirib, taqir bo’lursen.
Yaxshi nom-la mashhur bo’lmoq yaxshidur, Dema, charxdan ranjur bo’lmoq yaxshidur, Tok suvidan maxmur bo’lmoq yaxshidur, Dema, zuhddan mag’rur bo’lmoq yaxshidur.
Quyoshga qarab oqqan suv, Dardimni aytgan edim-ku, Dodimga yetmaysan nega, Quyoshga qarab oqqan suv?.. Qanday yuzsiz do`stimsan, Ohlar to`la ko`ksimdan Oh urib ketmaysan nega, Quyoshga qarab oqqan suv?..
Vatan haqida yozilgan she'rlar juda ko'p, ammo ular orasida Muhammad Yusuf she'rlari o'zining soddaligi, samimiyligi, dilga yaqinligi bilan ajralib turadi. Ushbu she'rning lirik qahramoni ham Vatanini shunchaki sevmaydi, balki yurak-yuragidan bir insoniy muhabbat bilan sevadiki, u Rimni bedapoyaga, Parijning eng go'zal restoranini esa yurtining bitta tandiriga ham almashmaydi...
Yoshlikni sog'inmagan kishi bormi bu olamda? Ayni gullagan davrini allaqanday sog'inch va azob bilan xotirlamagan odam-chi? Yoshlik - bu inson hayotidagi shu qadar go'zal, shu qadar jo'shqin bir davrki, inson uning bag'rida bo'lgan damlarida kechayotgan lahzalarni his etmaydi. Shu tariqa yillar ko'z yumib-ochguncha bir-birini quvlashib o'tib ketadi-yu, insonga yoshlikdan faqat olis va nurli xotiragina qoladi, xolos. She'r uzoqlarda qolgan yoshligini qo'msayotgan insonning ko'ngil nolasidir...
Sezyapsanmi, yog’moqda yomg’ir, Butun dunni yuvmoqda osmon. Yelkamdagi shaytonni haydab, Ko’zlarimga tikildi Rahmon: -Nega ko’ksing og’riqqa to’lgan, Qorachig’ing bo’yalmish g’amga? Mayli, yig’la sirlaring aytib, Bu g’am ko’plik qilar odamga. Nogoh sening so’zing esladim, Yuzlarimga yugurdi kulgu...
Yashaysan oshkora, yashaysan pinhon, Qaysidir burchida ona zaminning. Yuragim siqildi ho‘rsinishingdan, Uzoqdagi odam – yaqinim mening. Ko‘kka uchayotgan, gumburlayotgan Radiaktiv qushlarning xavfi ostida. O‘rmonlari yonib, suvlari qurib, Keksayib boryotgan yerning ustida. Asriy muzliklarning keng yelkasiga Oftob tig‘larini qattiqroq sanchib...
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Ortda qolgan yoshlik xotiralarining sog'inchli yodi yanglig' yangrovchi mazkur she'rda pokiza xayollar, yuksak va beg‘araz orzularga hamdam hissiyotlar juda obrazli ifodalangan. Uzilgan yaproqni shamollar chirpirak qilib o‘ynaganidek, xazon bo‘lgan yoshlik ham shamolning yo‘q oyoqlari ostida sinadi. Eng qayg'ulisi, «Sarg‘ar»gan va «to‘kilgan» faqat yoshlik og‘ochining yaprog‘i emas, balki ikki qalbni bog‘lab turgan tuyg‘ular ham edi. Ammo ikki qalbga taskin beradigan bir narsa bor: «Har qalay oldinda bordir so‘nggi yo‘l, Toki yetguningcha xotirot o‘lmas». So‘nggi yo‘l-o‘lim. Sevgining o‘limi-qalbning o‘limi. Yurakning o‘limi esa, inson tirikligiga tirikligida qo‘yilgan nuqtadir.
She'rda o‘zbek xalqi, dehqoni, paxtakorining bukilmas irodasi, ochiq, beg‘ubor ko‘ngli, matonati va mehnatsevarligi kuylanadi. Buning uchun faslning ajib bir betakror holati-saraton asos qilib olingan. Shoir maqsadni amalga oshirish uchun, tosh yog‘sa ham paxtani teraveramiz qabilida, otash yondirsa ham dalada ishlayveramiz, degan fikrdan yiroq. Kun tabiatni jizg‘anak qilsa-da, tinmaydigan bizning dehqonni ko‘rib qo‘ying, deb hayqirmaydi ham. U ona yurt tabiatida otash ufurayotgan nafis manzara va uning oniy holatlardagi soniyan suratlarini shu qadar go‘zal, tiniq chizadiki, buni na bo‘yoq, na ohang bilan ifodalash mumkin. Buni faqat so‘z qudrati va jozibasigina bera oladi.
Odamni odam qilib turgan, uning hayotiga insoniy mazmun baxsh etadigan inja tuyg‘ular, avvalo, mehr va muhabbatdir. Shu tuyg‘ular tufayli olamda hayot davom etadi, tiriklik tantana qiladi. Zero, ota-onaning farzandga mehri, akaning singilga achinishi, do‘stning do‘stga madadi, yigitning qizga muhabbati... Insonlararo munosabatlarning asosida, aslida mana shu tuyg‘ular yotibdi...