Sahifa yuklanmoqda . . .


Cho'ntagi bor daraxtlar

Ishdan kelsam hovli betartib,
Xuddi uyda kelinim yo'qday.
Dadamizga murojaat qildim
Eshittirib kelinga atay:

- Dadasi-chi, endi bozordan
Oyog'i bor supurgi oling.
Qolib ketsa yo'lakda darrov 
Topib olsin o'zi o'z joyin.

- Nima gap? - deb, dadasi hayron,
Jinnilikka soldim o'zimni.
"Hazil" degan ishora bilan
Qisib qo'ydim unga ko'zimni.

- Olimlar ham topa qolmadi,
Cho'ntak, qo'llik daraxt navini.
Kunda ikki marta supurib
Charchayapti kelin hovlini.

Har daraxt o'z bargini terib,
Cho'ntagiga yig'ib yurardi.
Uyalmasdan mehmon kelsa ham,
Hovlimiz ham toza turardi.

Gaz plitam eskirdi, chog'i,
Qachon ko'rsam bir qarich olov.
Choy qaynatib bo'lgandan keyin,
O'zi o'chsa bo'lardi darrov.

Aqilligin keltirib bering,
Olov poylab o'tar tun-kunim.
Hali o'chir, hali pasaytir,
Charchaydi-da, sho'rlik, kelinim.

Hisoblagich bu yog'da "g'ir-g'ir",
Pulingizni yozib yotibdi.
Tejamasak bo'lmas, uch uyni,
O'sha olov isitayotibdi.

Qumg'on bo'lmay har narsa bo'lsin,
Artib ololmaydi yuzini.
Choy qaynatib, suv tashiydi-yu,
Chomiltirolmaydi o'zini.

Yuvib qo'y, deb, qarab turadi,
Kelinimga shuncha ish kammi?
O'n yil yuvdim, ovora bo'pti,
Kutayotgan bo'lsa u meni.

Jo'mraklardan to'xtamaydi suv,
Jon dadasi, uvol-ku, ko'ring.
Bu esi past jo'mrakni olib,
Esligidan qo'ydirib bering.

"Suvni tejang soy bo'yida ham",
Deyilganin yaxshi bilamiz.
"Har tomchiga javob ber", desa,
Oxiratda nima qilamiz?

Xo'jayin der: - Do'kon qaerda?
Dedim: - Uni topasiz oson.
"Nodonlarga dono jihozlar"
Deb ustiga yozilgan do'kon.

Izlab chiqib ketdi xo'jayin,
Topdimi, topmadi, kim bilsin.
Olov o'chdi, choynak yuvildi,
Mening gapim topdi egasin.

Baqir-chaqir, qovoq-tumshuq yo'q,
Marhaboga shu usul qulay.
Ilonni ham indan chiqargan,
Shirin so'zdan o'zim o'rgilay.


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Marhabo Karimova She'rlari Marhabo Karimova asarlari