Sahifa yuklanmoqda . . .

Ol - Asarlar

Ol - Asarlar - ol so'zi ishtirok etgan barcha asarlar

Muhabbatsiz kechdi bu visol, Men murodsiz maqsadga yetdim. Tuni bilan yalindi ayol, Kelaman deb aldadim – ketdim. Yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi xazonlar, Daydibadar yelga aylandim. O‘tdi oylar, o‘tdi zamonlar, Yana o‘sha menga aylandim. Yana bordim tilanib visol, Hasratimni aytdim- aytmadim. Meni itdek haydadi ayol, Men vafodor itdek... ketmadim.

208
She'r
Iqbol Mirzo

Sen chiroyli qiz eding, Sen chiroyli kularding. Sal xunukroq bo‘lsayding O‘zimniki bo‘larding. Men ketaman, gulg‘uncha, Qarab qolmagin, dedim. Men murodga yetguncha Qarib qolmagin, dedim. Visol nima, dedim men, Hijron kerak she’r uchun, Qiynoq kerak she’r uchun, Armon kerak she’r uchun.

454
She'r
Iqbol Mirzo

Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim, Ko‘hna bo‘y urilib buzdi ko‘nglimni. Xazon to‘shagidan bir gavhar topdim: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib, Chaqmoq – sog‘inchlarning oydin gulimi? Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Daryo quchog‘ida tosh qotgan toshlar, Eshitib zerikkan sevgi o‘lanin. Daryo to‘rt tomonga o‘zini tashlar: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Yolg‘izim, bizlarni siyladi taqdir, Ming usulda to‘sdi borar yo‘limni. Sevgimiz bezavol yashaydi, axir – Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. 1997

175
She'r
Iqbol Mirzo

Yo‘g‘-u borimga bois borliqsan, sevgi, Yagona yordan yolg‘iz yorliqsan, sevgi. Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat, Ongimdagi abadiy og‘riqsan, sevgi. Kapalak chang chalganda sochilgan changsan, Chumoli torta kelgan tortiqsan, sevgi. Momo Havo to‘ymagan havosan, harir, Odam Ato so‘ymagan jonliqsan, sevgi. Cho‘kayotib tutganim xassan, men uchun – Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi. 1995

216
She'r
Iqbol Mirzo

Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim, Birov ishdan qaytar, birov sayrdan. Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim, Kimdir ro‘znomani ikki ayirgan. Men ham qaytayotgan edim uyimga, Yumushlardan tolib, xayolga tolib. Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday, Ko‘nglimga chirpirak g‘alayon solib. Go‘yo tanimading. Tutqichni tutib, Ma’yus jilmaygancha tolding xayolga. Turgim, borgim keldi. Elni unutib, Seni ko‘mgim keldi ming bir savolga.

161
She'r
Iqbol Mirzo

Uch bora aylandi ajal qamchisi, Uchta yulduzimni falakdan uzib, Bugun jigarimda uchta tig‘ izi, Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf. Birovi shamshirday to‘g‘ri zot edi, Biri erkatoyi she’riyat bog‘in. Birisiga mayda gaplar yot edi, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun. Nazar yomon ekan, suq yomon ekan, Bir ariqdan suv ichib, birga o‘sib, Ko‘p ekan-da joningga ko‘zin tikkan... Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

97
She'r
Iqbol Mirzo

Shohim sanga ma'lum emastur, ne qilay, Ohim sanga ma'lum emastur, ne qilay? Men yuz, qoshing dermen-u sen — badr-u hilol, Mohim, sanga ma'lum emastur ne qilay?

2047
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

G'urbat tug'i yopqon ruxi zardimnimu dey? Yo hajr chiqarg'on ohi sardimnimu dey? Holing ne durur? Bilurmusen, dardimni?! Holingni so‘raymu, yo‘qsa dardimnimu dey!

974
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Tole yo‘qi jonimg'a balolig' bo‘ldi, Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi. O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig' bo‘ldi.

9241
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Beqaydmen-u xarobi siym ermasmen, Ham mol yig'ishtirur laim ermasmen. Kobulda iqomat qildi Bobur, dersiz, Andoq demangizlarki, muqim ermasmen.

758
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Sendek manga bir yori jafokor topilmas, Mendek sanga bir zori vafodor topilmas. Bu shakl-u shamoyil bila xud hur-u parisen, Kim jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas. Ag'yor ko‘z olida-u ul yor ayon yo‘q, G‘am xori ko‘ngul ichra-yu g'amxor topilmas. Ey gul, meni zor etmaki husnung chamanida, Ko‘zni yumub ochquncha, bu gulzor topilmas. Bobur seni chun yor dedi, yorlig' etgil, Olamda kishiga yo‘q esa, yor topilmas.

3980
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Mening ko‘nglumki, gulning g'unchasidek tah-batah qondur, Agar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog'i ne imkondur. Agar ul qoshi yosiz bog' gashtin orzu qilsam, Ko‘zumga o‘qdurur sarv-u ko‘ngulga g'uncha paykondur. Bahor-u bog' sayrin ne qilaykim, dilistonimning, Yuzi gul, zulfi sunbul, qomati sarvi xiromondur. Visoli lazzatidin zavq topmog'liq erur dushvor, Firoqi shiddatinda yo‘qsa jon bermaklik osondur. Boshidin evrulur armoni birla o‘ldum, ey Bobur, Mening na'shimni bori ul pari ko‘yidin aylondur.

2036
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur, Sening birla chiqishmoqlik dag'i bisyor mushkuldur. Mizojing nozik-u sen tund, men bir beadab telba, Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur. Ne osig' nola-u faryod xobolud baxtimdin, Bir unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur. Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman, Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur. Visolinkim tilarsen nozini xush tortg'il, Bobur, Ki olam bog'ida topmoq guli bexor mushkuldur.

1846
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Bahor ayyomidur dog'i yigitlikning avonidur, Ketur soqiy, sharobi nobkim - ishrat zamonidur. Gahi sahro uzori lola shaklidin erur gulgun, Gahi sahni chaman gul chehrasidin arg'uvonidur. Yana sahni chaman bo‘ldi munaqqash rangi gullardin, Magarkim sunning naqqoshig'a rang imtihonidur. Yuzung, ey sarv, jonim gulshanining toza gulzori, Qading, ey gul, hayotim bog'ining sarvi ravonidur. Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning, G'aribingg'a tarahhum aylagilkim, andi jonidur.

1657
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur, G'uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur. Ul musalsal ikki zulfi gul yuzining davrida, Gul uza og'nar, magar, ul ikkining davronidur. O‘qi zaxmini ko‘rub har yon tanimda el degay, Kim, bu ko‘hi dardning ul lolayi No‘monidur. Sel emasdur yer yuzin tutqon — ko‘zumning yoshidur! Ra’d emasdur ko‘kka chirmashqon — ko‘ngul afg'onidur! Lojaram bo‘lg'ay parishon-u havoyi men kibi, Zarra yanglig‘ kimki bir xushred sargardonidur. Ul pari ishqida, Bobur, ko‘nglum andoq telbadur. Kim, sochi zanjiridur chohi zaqan zindonidur.

1051
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

G'ofil o‘lma ey soqiy, gul chog'in g'animat tut! Vaqti aysh erur boqiy ol chag'ir, ketur, bot tut! Bu nasihatim ongla, ne bilur kishi yongla, Ne bo‘lur ekin tongla, sen bu kun g'animat tut! G‘ofil o‘lma davlatda o’zni solma mehnatda, Tangri berur albatta, davlat ista, himmat tut! Xush turur visoli yor, anda bo‘masa dayyor, Bo‘sa, vasl beag'yor davlat-u saodat tut! G'am cheriki behaddur, chorasi budur, Bobur, Bodani ko‘mak keltur, jomni himoyat tut!

952
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Ne xush bo‘lg'ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg'otsam, Kechalar tori mo‘yidek belig'a chirmashib yotsam. Gahi guldek yuzini ul shakar so‘zlukni islasam, Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la'lidin totsam. Qani Shirin bila Layliki sendin noz o‘rgansa, Qani Farhod-u Majnunkim, alarg'a ishq o‘rgatsam. Yoruq kunduz, qorong'u kechada anjum kibi bo‘lgay, Chekib gar oh dudini ko‘ngul o‘tini titratsam. Ko‘zum ravshanlig'ida bo‘lg'ay, Bobur, base kamliq, Agar qoshi bila yuzun hilol-u kunga o‘xshatsam.

302
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga, Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga. Netgayman ul rafiq bilakim, qilur base, Mehr-u vafo raqibg'a, jabr-u jafo manga. Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong, Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga. Oh-u yoshmidin ortadurur za’f, ey tabib, Bildim yarashmas emdi bu ob-u havo manga. Dardim ko‘rub muolajada zoye etma umr, Kim, jonda dardi ishq durur bedavo manga. To yor kimni istar-u ko‘ngliga kim yoqar, Tashvish bejihat durur oxir sango, manga. Bobur, bo‘lub turur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt, Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.

2741
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Charxning men ko‘rmagan jabr-u jafosi qoldimu?! Xasta ko‘nglum chekmagan dard-u balosi qoldimu?! Meni xor etti-yu qildi muddaiyni parvarish, Dahri dunparvarning o‘zga muddaosi qoldimu?! Meni o‘lturdi jafo-yu javr birla ul quyosh, Emdi turguzmak uchun mehr-u vafosi qoldimu?! Oshiq o‘lg'och ko‘rdum o‘lumni o‘zumga, ey rafiq, O‘zga ko‘nglumning bu olamda harosi qoldimu?! Ey ko‘ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb, Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!

4201
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

O‘lum uyqusig'a borib jahondin bo‘ldum osuda, Meni istasangiz, ey do‘stlar, ko‘rgaysiz uyquda. Nekim taqdir bo‘lsa, ul bo‘lur tahqiq bilgaysiz, Erur jang-u jadal, ranj-u riyozat barcha behuda. O‘zungni shod tutqil, g'am yema dunyo uchun zinhor, Ki, bir dam g'am yemakka arzimas dunyoyi farsuda. Zamona ahli ichra, ey ko‘ngul, oyo topilg'aymu, Seningdek dard paymo-vu meningdek dard paymuda. Ulusdin tinmadim umrimda hargiz lahzaye, Bobur, Magar o‘lsam bu olam ahlidin bo‘lg'aymen osuda.

450
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

O‘qtin-o‘qtin g‘azab otiga minib, Vahshat solar telba Qo‘qon shamoli. Ko‘zlaring qisilib, qulog‘ing tinib, Ajrata bilmaysan yerdan samoni. Uch kun davom etar talotum, qutqu, Uch kun kattalarning tilida duo. Uch kun el taqvoga burkanar butkul, Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.

228
Chiston
Iqbol Mirzo

Mudom yorug‘ bo‘lsin darchalaringiz! Menga ko‘chib o‘tsin barcha dardingiz! Men sizni avaylab charchamadim hech, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz. Goho yomon qarab, goh qaramasdan, Goho yolg‘on kulib, goh kulib rostdan, Goho erkalanmay, erkalamasdan, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

79
Chiston
Iqbol Mirzo

Shoirlik g‘irt bekorchiga ish, Yumushim shu – xayol suraman. Nima haqda? Noqulay aytish... Sizni hamon yaxshi ko‘raman.   Iqrorimdan zarracha naf yo‘q, Hanuz xomman, hanuz g‘o‘raman. Nishoniga borib tekkan o‘q, Yuragim qon. Yaxshi ko‘raman.

71
Chiston
Iqbol Mirzo

Oqara boshladi bosh-u to‘kula boshladi tish, Safar yarog'ini qilg'ilki, tushti boshinga ish. Yigitligim boribon, keldi boshima qarilig', Fano yo‘lida bu yanglig' emish borish-u kelish.

1004
Yakpora g'azal
Alisher Navoiy