Sahifa yuklanmoqda . . .


Qo‘qon shamoli

     

    A’zam O‘ktamga bag‘ishlayman

 

O‘qtin-o‘qtin g‘azab otiga minib,

Vahshat solar telba Qo‘qon shamoli.

Ko‘zlaring qisilib, qulog‘ing tinib,

Ajrata bilmaysan yerdan samoni.

 

Uch kun davom etar talotum, qutqu,

Uch kun kattalarning tilida duo.

Uch kun el taqvoga burkanar butkul,

Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.

 

Ayollar munis va mushfiq yanada,

Nenidir sarhisob qilar erkaklar.

Dunyodan uzilgan sirli xonada

G‘o‘jaloq bolalar tinglar ertaklar.

 

Nam tortgan devorlar qulaydi guppa,

O‘qildizi kalta daraxtlar qular.

Qurtlagan mevalar yer bilan bitta,

Tegmanozik gullar, zaifa gullar…

 

Buyuk imtihon bu! Buyuk sinov bu!

Borni bor, yo‘qni yo‘q qilib berguvchi.

Boshingga zo‘r savdo tushmasdan burun

Kimning kimligini bilib berguvchi!

 

Yashash qanday yengil – shamoldan keyin

Ajib bir xushhollik, bir ajib surur.

G‘uborsiz havolar ipakdek mayin…

Shamol, senga qulluq, senga tashakkur!

 

…Bitta gap esimdan ketmaydi hamon:

Bir sayyoh – el kezib rizqini tergan,

Shamol mavsumiga tushib nogahon,

Ko‘chib ketmaysizmi, degan, bu yerdan?

 

Banda tadbir qilar, Yaratgan – taqdir,

Qismat quyunida chirpirab uchdim.

Sayyohning so‘zidan kulgandim, oxir –

She’rimga ergashib poytaxtga ko‘chdim…

 

Qarayman, qurtlagan yuraklar to‘p-to‘p,

Ildizsiz og‘ochlar tegar g‘ashimga.

Ahyonda ko‘tarib suron, taloto‘p,

Tentak shamollarim kirar tushimga.

 

Nozik nihollari bo‘lsalar paymol,

Roziman, bo‘ynimga barin uvoli.

Bir marta teskari yursang, yuraqol,

Toshkentda kutaman, Qo‘qon shamoli!

 

2002


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 26-Iyulda yuklangan

291 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
g'azab ot Qo'qon shamol telba vahshat ko'z quloq yer samo
Muallif
Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

Batafsil


Yangi Chistonlar Iqbol Mirzo Chistonlari Iqbol Mirzo asarlari