Sahifa yuklanmoqda . . .
Ko'z - Asarlar - ko'z so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Ushbu muxammasda Zavqiyning falsafiy o’ylari o’z ifodasini topgan. Unda shoir odam, uning hayotdagi o‘rni haqidagi o‘y-mushohadalarini bayon qiladi.
Ushbu muxammas ko‘ngli muhabbat tuyg‘usi bilan to‘lgan ishq ahlining alamangiz dil izhori sifatida yozilgan. Unda sho‘x va berahm ma’shuqaning erkaliklari, zararsizday ko‘ringan qiliqlari tufayli oshiq tortayotgan ozorlarning ko‘lami juda ham dardchil tarzda ifoda etilgan.
Zavqiy 1905-yilning avji yozida savdo bilan shug‘ullanib o‘zgalarning haqiga xiyonat qiladigan qirq olti nafar baloxo‘rni fosh etib bitilgan «Hajvi ahli rasta» she’rini maxsus qog‘ozga katta harflar bilan yozib, Mo‘ymarak ataluvchi saylgohning eng gavjum joyidagi terakka ilib qo‘yadi. She’rda haromdan hazar qilmaydigan savdogar, boy va sudxo‘rlar ochiqchasiga o‘rinli tanqid qilingan va mahorat bilan kulgiga olingan edi…
Mazkur she’r Ogahiyning mashhur “Bo’lmasa bo’lmasin netay” radifli g’azaliga hamohang tarzda yozilgan bo’lishiga qaramay, undagi oshiq holati tamomila o’zgacha: U yorining kelmaganidan azoblanmaydi, aksincha suyunadi. Nega? Buni g’azalni o’qigach, bilib olasiz.
Ushbu she’r yakpora g‘azallar sirasiga kirib, ezgu sifatlarning kishi shaxsiyatidagi o‘rni kuylangan. Unda kamso‘zlikning afzalligi-yu, sergaplikning zarari g‘oyat ta’sirchan timsollar orqali ifodalab berilgan.
Ma’shuqaning e’tiborsizligi, noz-u adolari sabab hijron azobidan aftoda holga kelgan oshiqning chegara bilmas iztiroblari, nolalari o‘ta ta’sirchan aks ettirilgan bu she’rning oltinchi baytida nafaqat shu g‘azalning, balki shoir ijodining mohiyati aks etadigan fikr aytiladi…
Mazkur g‘azalda jafokash yordan shikoyat, u bergan azoblardan zorlanish g‘oyat o‘ynoqi yo‘sinda ifodalanadi. Aks ettirilayotgan hayotiy holat, ruhiy vaziyatning zalvori bilan ifoda tarzining yengilligi o‘rtasidagi ziddiyat she’rning ta’sir kuchini oshiradi.
Navbahor-erta ko‘klam, borliqning endigina uyg‘ona boshlagan payti. Tabiatning shu palladagi ko‘rinishi shoirni hayajonga soladi, u poetik so‘z yordamida ko‘klamning tarovatli manzarasini chizadi. Lekin shoir uchun atrof go‘zalligining o‘zi kifoya emas. U shunday damlarda yaqin kishilar bilan bo‘lgisi keladi…
Mazkur g‘azalda shoirning ma’rifatdan, pokiza tuyg‘ulardan yiroq zamondoshlari haqidagi nadomatlari ifodalangan. Shoir baxillarga ezgulik haqida gapirib, ovora bo‘lmaslik lozimligini zo‘r anduh bilan qayd etadi.
Ushbu murabba’ adabiyot ixlosmandlari o’rtasida juda mashhur bo’lib, dastlabki misralardanoq chuqur dard, qayg’uli ohang kishini o’z og’ushiga oladi. Ammo aynan shu dard o’quvchini o’ziga maftun qiladi. Zero, dard insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi sehrli kuchga ega…
Ushbu g’azal Fuzuliy she’riyatining yuksak cho’qqilaridan biridir. Unda Alloh jamoliga chin dildan intilgan oshiq holati butun shiddati, to’foni, harorati bilan berilgan. Darhaqiqat, vasl beradigan shifoning qadrini hajr sababli bemor bo’lgan oshiqdan, zavq-shavqning tiniqligi va shirinligini yor diydoriga tashna odamdan so’ramoq kerak.
Oshiqlar hamisha yorning vafosizligidan shikoyat qilib kelganlar. Avvalo, bu yerdagi yorning ham, vafoning ham ma’nosi g’oyat keng. Bu umrning vafosi, dunyoning vafosi, davlatning vafosi va hokazo. Bularning bari bitta maxrajda -Allohda to’liq jam bo’ladi. Lekin shoir o’z niyatini naqadar istig’no bilan ifoda etmoqda: hamma bemorlari dardiga darmon topib berayotgan jonon nega uning holiga parvo qilmaydi? Uni kasal hisoblamaydimi? Axir, hijron tunida sham emas, uning joni yonmoqda, giryon ko’zlaridan yosh o’rniga qon oqmoqda.
Mazkur g'azalda shoir dilbarning afsonaviy tasvirini beradi. Uning olamni gado qilgulik portretini chizadi. Shu asnoda oshiqni unga bog’lab turgan insoniy rishtalarni ham ko’rsatadi. Oshiq javobsiz, umid qilmaydigan muhabbati bilan yorga intiladi. U ma’shuqaga yetishishdan emas, balki intilishning o’zidan masrur...
Ushbu g'azal Ogahiy she'riyatining badiyati darajasini yaqqol ko'rsatib beruvchi asarlar sirasiga kiradi. Bir qaraganda, bu she'r sof ishqiy lirikadek taassurot uyg'otsa-da, uning qatiga chuqurroq kirib borar ekanmiz, ko'ramizki, unda falsafa ham, axloq ham, ijtimoiyot ham, hatto siyosat ham bor. Biroq yetakchi ohang baribir ishqdir.
Mazkur tarje'band Nodirabegimning qalb qo'ridan to'kilgan hislarni: otashin tuyg'ular, o'y-mulohazalar, dard-u alam, faryod-u fig'on,
Ushbu g'azal favqulodda teran fikrlarga boyligi, ifodaning kutilmagan tarzda yorqinligi bilan kishini o’ziga tortadi. She’rning lirik qahramoni dunyoni imtihon etishga, "Sayri chamani jahon" etib ketishga chorlanadi. Asarning eng yuqori nuqtasida shoira "Sen dunyoga nima uchun kelding?! Buni amalda ko'rsatib ket!" deya xitob etadi...
Olamdagi odamki bor ehtiyojmand, ya’ni nimagadir muhtoj. Birov baxtga, birov davlatga, birov e’tiborga, boshqasi muhabbatga, kimlardir Alloh visoliga, o’zgasi nafsga ehtiyojmand. Ushbu g'azal ana shu mavzuda bahsga chorlaydi.
Mazkur g'azal hasbi hol ruhida bo'lib, unda Uvaysiy o'z qalbining eng inja sirlarini qalamga olgan. Uni o'qish orqali siz shoiraning ko'ngil olamiga sayr etasiz.
«Sog‘indim» radifli g‘azal shoiraning o‘g‘li Muhammadxonning sarbozlikka yuborilishi munosabati bilan farzandidan judo onaning iztiroblari, sog‘inchini aks ettiradi.
Ushbu g'azalning o'ziga xosligi shundaki, u ishq quvvatining cheksizligini madh etish yo’sinida borib, maqta’ga kelganda yorning tengsiz go’zalligi va oshiqning unga bo’lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo’lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya’ni odamning ko’ngliga tegishli tuyg’ular ko’ngil kabi pinhon bo’lgani ma'qul.
Ushbu ruboiy pand-nasihat ruhida. Unda shoir shohlarga murojaat qilib, ularni fuqarolar ahvolidan hamisha ogoh bo'lishga va ularga zarracha ozor yetkazmay, imkon qadar yaxshilik qilishga chorlaydi.
Mazkur asar hazrat Navoiy g'azaliga bitilgan muxammasdir. Munis hazrat Navoiyni o'ziga ulug' ustoz deb bilgan va butun hayoti davomida qalbida hazrat siymosiga chuqur hurmat va ehtirom saqlagan. Kimsan Navoiy asariga taxmis bog'lash ijodkordan anchayin katta iste'dod va mahoratga ega bo'lishni talab etadi. Munis mazkur muxammasni bitishi orqali o'z iste'dodining ko'lamini namoyish etdi.
Mazkur g'azalda shoir yor istig’nolaridan ozor chekkan oshiqning aftoda holati, tushkun kayfiyatini o’ynoqi tarzda, yengil ohanglarda tasvirlaydi. Holatning og’irligi bilan tasvirning yengilligi o’rtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan badiiy qiymat she’rlarning yoqimliligini oshiradi. Ular she’rxonga tez ta’sir qiladi va uzoq vaqt esda saqlanib qoladi.
Ushbu g'azalda atrofidagi insonlarning nokomilligidan iztirob chekayotgan, shu bilan birga o’zida ezgu fazilatlarni shakllantirishga urinayotgan orif shaxs kayfiyati ifoda etilgan. G’azalning lirik qahramoni topgan oshnolar, orttirgan do’stlar sinovdan o’tolmaganlar, ishonchni oqlolmaganlar. Chunki bundaylar davlatiga qarab do’stlik ixtiyor etgan kimsalardir.