Sahifa yuklanmoqda . . .
Ha - Asarlar - ha so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Muhabbatsiz kechdi bu visol, Men murodsiz maqsadga yetdim. Tuni bilan yalindi ayol, Kelaman deb aldadim – ketdim. Yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi xazonlar, Daydibadar yelga aylandim. O‘tdi oylar, o‘tdi zamonlar, Yana o‘sha menga aylandim. Yana bordim tilanib visol, Hasratimni aytdim- aytmadim. Meni itdek haydadi ayol, Men vafodor itdek... ketmadim.
Eski doridek quvvati ketgan – qadr... Ammo hayot hamon yangi – go‘zal, o‘g‘lim. Barmoqlaring ignadan ham ingichkadir, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Derazadan nafasingni sezib turdim, Gunohlarim o‘ylab, ko‘nglim ezib turdim. Oq libosdan sendan battar bezib turdim, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Tovonimdan sochimgacha uzun og‘riq, Og‘riq bormi chorasizlikdan ham ortiq. Senga qanday dard tegdiykin mendan ortib, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. G‘aribgina sochilmishdir o‘yinchoqlar, Beshik bo‘ynin siqayotir ko‘zmunchoqlar. Mittigina tuflichalar ham paypoqlar... Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Asli, o‘zim xastaholman, o‘zim dardmand, Faqatgina dilimda bu kasal, o‘g‘lim. Sen sog‘aysang, men ham balki tuzalarman, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. 1999
Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim, Ko‘hna bo‘y urilib buzdi ko‘nglimni. Xazon to‘shagidan bir gavhar topdim: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib, Chaqmoq – sog‘inchlarning oydin gulimi? Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Daryo quchog‘ida tosh qotgan toshlar, Eshitib zerikkan sevgi o‘lanin. Daryo to‘rt tomonga o‘zini tashlar: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Yolg‘izim, bizlarni siyladi taqdir, Ming usulda to‘sdi borar yo‘limni. Sevgimiz bezavol yashaydi, axir – Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. 1997
Yo‘g‘-u borimga bois borliqsan, sevgi, Yagona yordan yolg‘iz yorliqsan, sevgi. Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat, Ongimdagi abadiy og‘riqsan, sevgi. Kapalak chang chalganda sochilgan changsan, Chumoli torta kelgan tortiqsan, sevgi. Momo Havo to‘ymagan havosan, harir, Odam Ato so‘ymagan jonliqsan, sevgi. Cho‘kayotib tutganim xassan, men uchun – Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi. 1995
Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim, Birov ishdan qaytar, birov sayrdan. Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim, Kimdir ro‘znomani ikki ayirgan. Men ham qaytayotgan edim uyimga, Yumushlardan tolib, xayolga tolib. Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday, Ko‘nglimga chirpirak g‘alayon solib. Go‘yo tanimading. Tutqichni tutib, Ma’yus jilmaygancha tolding xayolga. Turgim, borgim keldi. Elni unutib, Seni ko‘mgim keldi ming bir savolga.
G'urbat tug'i yopqon ruxi zardimnimu dey? Yo hajr chiqarg'on ohi sardimnimu dey? Holing ne durur? Bilurmusen, dardimni?! Holingni so‘raymu, yo‘qsa dardimnimu dey!
Ey yor, sening vaslingga yetmak mushkil, Farxunda hadisingni eshitmak mushkil. Ishqingni dog'i bartaraf etmak mushkil, Boshni olibon bir sari ketmak mushkil.
Hajri aro orom-u qarorim yo‘qtur, Vasliga yetarga ixtiyorim yo‘qtur. Kimga ochayin rozki, yo‘q mahrami roz, G'am kimga deyinki, g'amgusorim yo‘qtur.
Ishqingda ko‘ngul xarobdur, men ne qilay? Hajringda ko‘zum purobdur, men ne qilay? Jismim aro pech-u tobdur, men ne qilay? Jonimda ko‘p iztirobdur, men ne qilay?
Eykim, yoraliq jismima marham sensen, Majruh ko‘ngulg'a nishtarim ham sensen. Gah shod-u, gahi g'amgin esam, ayb etma, Kim boisi shodmonlig'-u g'am — sensen.
Jonimda mening hayoti jonim sensen, Jismimda mening ruhi ravonim sensen. Boburni seningdek o‘zga yo‘q yori (azizi), Alqissaki, umri jovidonim sensen.
Hijron qafasida jon qushi ram qiladur, G'urbat bu aziz umrni kam qiladur. Ne nav bitay firoq-u g'urbat sharhin, Kim ko‘z yoshi nomaning yuzin nam qiladur.
Ey gul, ne uchun qoshingda men xor o‘ldum? Yuz mehnat-u anduh bila yor o‘ldum! Vasling bila bisyor sevindum avval, Hajring bila oqibat giriftor o‘ldum.
Sendek manga bir yori jafokor topilmas, Mendek sanga bir zori vafodor topilmas. Bu shakl-u shamoyil bila xud hur-u parisen, Kim jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas. Ag'yor ko‘z olida-u ul yor ayon yo‘q, G‘am xori ko‘ngul ichra-yu g'amxor topilmas. Ey gul, meni zor etmaki husnung chamanida, Ko‘zni yumub ochquncha, bu gulzor topilmas. Bobur seni chun yor dedi, yorlig' etgil, Olamda kishiga yo‘q esa, yor topilmas.
Mening ko‘nglumki, gulning g'unchasidek tah-batah qondur, Agar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog'i ne imkondur. Agar ul qoshi yosiz bog' gashtin orzu qilsam, Ko‘zumga o‘qdurur sarv-u ko‘ngulga g'uncha paykondur. Bahor-u bog' sayrin ne qilaykim, dilistonimning, Yuzi gul, zulfi sunbul, qomati sarvi xiromondur. Visoli lazzatidin zavq topmog'liq erur dushvor, Firoqi shiddatinda yo‘qsa jon bermaklik osondur. Boshidin evrulur armoni birla o‘ldum, ey Bobur, Mening na'shimni bori ul pari ko‘yidin aylondur.
Bahor ayyomidur dog'i yigitlikning avonidur, Ketur soqiy, sharobi nobkim - ishrat zamonidur. Gahi sahro uzori lola shaklidin erur gulgun, Gahi sahni chaman gul chehrasidin arg'uvonidur. Yana sahni chaman bo‘ldi munaqqash rangi gullardin, Magarkim sunning naqqoshig'a rang imtihonidur. Yuzung, ey sarv, jonim gulshanining toza gulzori, Qading, ey gul, hayotim bog'ining sarvi ravonidur. Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning, G'aribingg'a tarahhum aylagilkim, andi jonidur.
Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur, G'uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur. Ul musalsal ikki zulfi gul yuzining davrida, Gul uza og'nar, magar, ul ikkining davronidur. O‘qi zaxmini ko‘rub har yon tanimda el degay, Kim, bu ko‘hi dardning ul lolayi No‘monidur. Sel emasdur yer yuzin tutqon — ko‘zumning yoshidur! Ra’d emasdur ko‘kka chirmashqon — ko‘ngul afg'onidur! Lojaram bo‘lg'ay parishon-u havoyi men kibi, Zarra yanglig‘ kimki bir xushred sargardonidur. Ul pari ishqida, Bobur, ko‘nglum andoq telbadur. Kim, sochi zanjiridur chohi zaqan zindonidur.
G'ofil o‘lma ey soqiy, gul chog'in g'animat tut! Vaqti aysh erur boqiy ol chag'ir, ketur, bot tut! Bu nasihatim ongla, ne bilur kishi yongla, Ne bo‘lur ekin tongla, sen bu kun g'animat tut! G‘ofil o‘lma davlatda o’zni solma mehnatda, Tangri berur albatta, davlat ista, himmat tut! Xush turur visoli yor, anda bo‘masa dayyor, Bo‘sa, vasl beag'yor davlat-u saodat tut! G'am cheriki behaddur, chorasi budur, Bobur, Bodani ko‘mak keltur, jomni himoyat tut!
Baloyi ishqki, har dam manga jafoyedur, Bu ishqdin kecha olmon ajab baloyedur. Xali labig'a tutash bo‘lsa, ey ko‘ngul, ne ajab, Ki Xizr chashmayi hayvong'a rahnamoyedur. Yarar bu xasta ko‘ngul dardig'a o‘qin yarasi, Magarki har yarasi yorning davoyedur. Bahor faslidur-u may havosi boshimda, Ayoq tut menga, soqiyki, xush havoyedur. Ul oy raqibg'a bo‘ldi rafiq-u Boburning, Rafiq-u hamdami hajrinda oh-u voyedur.
Ne xush bo‘lg'ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg'otsam, Kechalar tori mo‘yidek belig'a chirmashib yotsam. Gahi guldek yuzini ul shakar so‘zlukni islasam, Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la'lidin totsam. Qani Shirin bila Layliki sendin noz o‘rgansa, Qani Farhod-u Majnunkim, alarg'a ishq o‘rgatsam. Yoruq kunduz, qorong'u kechada anjum kibi bo‘lgay, Chekib gar oh dudini ko‘ngul o‘tini titratsam. Ko‘zum ravshanlig'ida bo‘lg'ay, Bobur, base kamliq, Agar qoshi bila yuzun hilol-u kunga o‘xshatsam.
Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga, Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga. Netgayman ul rafiq bilakim, qilur base, Mehr-u vafo raqibg'a, jabr-u jafo manga. Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong, Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga. Oh-u yoshmidin ortadurur za’f, ey tabib, Bildim yarashmas emdi bu ob-u havo manga. Dardim ko‘rub muolajada zoye etma umr, Kim, jonda dardi ishq durur bedavo manga. To yor kimni istar-u ko‘ngliga kim yoqar, Tashvish bejihat durur oxir sango, manga. Bobur, bo‘lub turur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt, Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.
Charxning men ko‘rmagan jabr-u jafosi qoldimu?! Xasta ko‘nglum chekmagan dard-u balosi qoldimu?! Meni xor etti-yu qildi muddaiyni parvarish, Dahri dunparvarning o‘zga muddaosi qoldimu?! Meni o‘lturdi jafo-yu javr birla ul quyosh, Emdi turguzmak uchun mehr-u vafosi qoldimu?! Oshiq o‘lg'och ko‘rdum o‘lumni o‘zumga, ey rafiq, O‘zga ko‘nglumning bu olamda harosi qoldimu?! Ey ko‘ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb, Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?!
O‘qtin-o‘qtin g‘azab otiga minib, Vahshat solar telba Qo‘qon shamoli. Ko‘zlaring qisilib, qulog‘ing tinib, Ajrata bilmaysan yerdan samoni. Uch kun davom etar talotum, qutqu, Uch kun kattalarning tilida duo. Uch kun el taqvoga burkanar butkul, Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.
Mudom yorug‘ bo‘lsin darchalaringiz! Menga ko‘chib o‘tsin barcha dardingiz! Men sizni avaylab charchamadim hech, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz. Goho yomon qarab, goh qaramasdan, Goho yolg‘on kulib, goh kulib rostdan, Goho erkalanmay, erkalamasdan, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.