Sahifa yuklanmoqda . . .
H - Asarlar - h so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Tuyuq mazmunini quyidagicha izohlash mumkin: «Yo rabbim, bu asalmi, shakarmi, yo labmi? Yo u sanam asal, shakar yalabdimi? Jonimga tinimsiz (payvasta) o’qlar otmoq uchun g’amza (noz-karashma) o’qini qoshiga (qoshning yoyga o’xshashligiga ishora) joylabdimi?» Tuyuqning butun tarovati «yolabdurur» so’zi ifodalagan turli ma’nolar ichiga yashiringan.
Ushbu ruboiy hasbi hol xarakteriga ega. Buyuk shoir o’z fikr-qarashlari bilan zamonasidan ancha ilgarilab ketgan edi. Uni anglaydigan, tushunadigan kishilar nihoyatda oz edi. Uning uchqur xayoli nurli kelajak, inson sha’nini tahqir etuvchi har qanday mute’likdan, ijtimoiy-ma’naviy bandlardan ozod, obod va farovon istiqbol uzra charx urardi. Ammo hayot boshqacha, xalq zabun edi. Bu hol mutafakkir shoirni tizginsiz savollar ustida o’ylashga majbur etardi.
Ruboiy yor tasviriga bag’ishlangan. Shoir ko’proq tavsif -vasf etish yo’lidan boradi. Tavsif bo’lib hamki, favqulodda tashbeh -o’xshatishlar, kutilmagan sifatlashlar yo’q. Sodda, jo’ngina to’g’ridan to’g’ri e’tirof turibdi. Lekin shoir iste’dodi ana shu jo’ngina so’zlar va bosiq e’tirofni go’zal badiiy hodisaga aylantira olgan.
Mazkur tasavvuf yo’nalishidagi ruboiyni shoir bahs asosiga quradi. U mutaassiblik, tarkidunyochilik va quruq toatni rad etadi. Ham ilohiy, ham majoziy ishq mazmunini ifodalashga xizmat qiluvchi Jonona», «mayxona», «soqi-yu paymona» so’zlariga alohida urg’u beradi. Buni ta’kidlash uchun bu so’zlarni qofiyaga olib chiqadi. «Kerak» so’zining radif o’rnida kelishi shoir fikrlariga qat’iylik, izchillik bag’ishlaydi. Ruboiyda tanosub san’ati keng ishlatilgan.
Ushbu ruboiyda erk tuyg’usi va vatanidan uzoq («g’urbat»)da bo’lgan kishi, ya’ni «g’arib»ning holi ifoda etilyapti. Shoir g’urbatdagi g’aribning quvnoq bo’lishi, begona elning unga shafqat va mehribonlik ko’rsatishi mumkin emasligini tasvirlaydi. Bu fikrni ta’sirliroq qilish uchun ruboiyning so’nggi ikki satrida psixologizm asosiga qurilgan go’zal bir qiyos keltiradi. Chunonchi, bulbulga oltindan qafas yasab, ichida qizil gul ko’kartirib qo’yilsa ham, unga tikanlar orasidagi o’z ini o’rnini bosa olmasligi ko’rsatilgan. Bulbul erkinlikdagina o’zini bulbul his qiladi. Oltindan bo’lsa-da, qafas baribir qafas. Demak, g’urbatdagi kishini har qancha ardoqlamasinlar, u shodmon bo’la olmaydi.
Ushbu g'azal ham ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan bo'lib, u "devona ko'ngli"ning yana ishq dardiga mubtalo bo'lganidan yozg'irishdan boshlanadi, so'ngra shoir har bir baytda o'ziga xos bir muammo - qalbini azoblayotgan dardlarini birma-bir to'kib soladi. Biroq shunda ham, u taqdirdan rozi: Allohga shukr etib, dilini shodlikka oshno etmoqqa tutinadi.
Mazkur g'azal o'zining jozibadorligi va ohangdorligi bilan Gadoiy adabiy merosida alohida ajralib turadi. Unda oshiqning xokisor holati shunchalar samimiy va dilga yaqin tasvirlanadiki, o'quvchi beixtiyor bu tasvirning asiriga aylanadi. G'azal bugungi kunda ham xonandalarimiz tomonidan sevib ijro etib kelinmoqda.
Ushbu tuyuq "toq" so'zi tajnisiga asoslangan bo'lib, misralar mazmunini chiqarsak, hozirgi tilimizda quyidagicha jumlalar hosil bo‘ladi: "Qoshlaring — yaxshi lojuvard-u (yaltirab turibdi-yu) yolg‘iz-yolg‘iz, yaxshilar ichida benazir-u yakka-yu yagona. Firoqing (dardini) torta olmasman, nima qilay, qildek tanga bari ishqing toqatni to qiladigan darajada (yuk) bo‘ldi".
Mazkur tuyuq "yo qila" so'zlari bilan boqg'liq tajnisga asoslanadi. Tuyuq misralarida aks etgan ma'noni bugungi o‘zbek tilida ifodalasak, quyidagicha matn paydo bo‘ladi: Qomatingni necha qoshing yoy qiladi (bukadi, egiltiradi), Jonimda necha hajr o‘ti yoqiladi. G‘amza (ko‘z qoqish) bilan u sanam qonimni to‘kdi, endi xinodek qon qo‘liga surtiladi. Bu yerda shoir qon bilan hino (xina) rangi o‘rtasidagi o‘xshashlikdan ustalik bilan foydalangan.
Tuyuq "yoza men" so'zlari tajnisiga asoslangan. Satrlar ketma-ketligi asosida talqin etilganda quyidagicha fikrlar ilgari surilgani ma’lum bo‘ladi: Charxi kajraftor (egri aylanuvchi charx, zamon) elidan noroziman, (Chunki) hijron (ayriliq) qishidan yozga chiqa olmadim. Har qancha u shohga qulluq (iltifotli maktub) yozganim bilan meni bir yorliq (maktub) bilan u yod etmaydi.
Ushbu tuyuq "dog'i" so'zining tajnisi asosiga qurilgan. Natijada tuyuqdan mana bunday talqin kelib chiqadi: "Ko‘nglimga har tarafdan boqsam, dog‘i bor, har qancha dardimni aytsam, otashi bor. Qildekkina tanamga bori ishqing yor edi, sendan ayriliqda firoqing bir taraf bo‘ldi, yana bor". Bemisl shakl va beqiyos ma'no uyg'unligi!
Mazkur tuyuq "qotila" so'zi tajnisiga asoslangan. Shoir unda "Yor ko'yida azob chekib to'kkan yoshlarim tuproqqa qorishsa ham, bu azoblar meni ortga qaytara olmaydi. Biroq yorimning g'amzasi mening jonimni olsa ham, ul qotilaga baribir", deya bitar ekan, bu lavha orqali oshiqning xokisorligi va ishq yo'lida sobitligi, ma'shuqaning esa jafokorligi anglashiladi.
Ushbu qit'a Lutfiyning baxtni tarannum etuvchi asarlari sirasiga mansub. Unda shoir yorning tashrifini eng katta quvonch sanab, bu baxtidan xuddi gul kabi "to'niga sig'may", gul-gul yashnab ketganini aytar ekan, bunday oliy saodatga yetkazgani uchun Allohga shukronalar keltiradi. Ushbu she'r sizning ham qalbingizga quvonch bag'ishlashi shubhasiz.
Mazkur g'azalni muallif tamoman o‘zbek xalq maqollari asosiga qurgan. Har bir baytda shoir bittadan maqol qo‘llaydi. Maqollar go‘yo baytlar birinchi misrasida aytilgan fikrga bir isbotdek keltiriladi. Shuning uchun barcha baytlarning ikkinchi satri maqol bilan tugaydi. Demak, shoir beshta bir-biriga qofiyadosh so‘z bilan tugaydigan maqol topgan. Bu esa uning poetik mahoratini ko'rsatadi.
G‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzusi qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak. G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy – tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.
Ko‘ngil mumtoz she’riyatimizning asosiy tasvir manbai hisoblanadi. Chunki Alloh kishining ko‘nglidagina aks etadi. Ishq ham ko‘ngil ishi. Ushbu g'azaldagi lirik qahramon ham ishq bobida barcha «ayb»ni ko‘ngliga qo‘ymoqchi: uni shaydo, xor-u rasvo, qora qoshliklar uchun o‘qdayin tik qomatini yoydek egik qiladigan ham - shu. "Meni sevdi deb ayblama, buni istayotgan ham - ko‘ngul. Eshigiga tez-tez boraverma, deyishadi, lekin ko‘ngil shuni taqozo etsa, nima qilay?" deya fig'on chekadi u. Bu g‘azal hozirgacha xonandalarimiz tomonidan sevib kuylanadi. Oradan to‘rt yuz yil o‘tib, XIX asrning birinchi yarmida Nodira Lutfiyning shu g‘azaliga o‘xshatma yozdi.
Mazkur g’azalda shoirning shaxsiy kechinmalari kutilmaganda ijtimoiy xususiyat kasb etadi. U befavo yordan shikoyat qila turib, birdaniga umumlashma xulosa chiqarishga, hayotning adolatsizligini baralla aytishga tutinadi. Odatda, ma’shuqadan yozg’irilmaydi. Oshiqlik odobi ham, solikning sadoqati ham shuni taqozo qiladi. Lekin har qanday sabr-toqatning ham chegarasi borligi chin bo’lsa kerakki, shoir kimnidir «nodon» degan yorliq bilan siylaydi. Ehtimol, bu sifat yor qoshidan joy olgan raqibga atalgandir, ehtimol ma’shuqaga? Har holda shoir shaxsiy dardini she’ridan umumlashtiruvchi xulosa chiqarishning vositasiga aylantiradi.
Ushbu qasidasida shoir Mirzo Ulug’bekning taxtga chiqishini muborakbod etadi, hukmdor shaxsiyatidagi adolat-u jangchilik jihatlari tavsifiga alohida e’tibor qiladi. Uning ovozasini «Sulaymoni zamon»ga, adolatini «No’shiravon»ga, mehribonligini «ato»ga qiyos etadi. Bir so’z bilan «shohi dono» deb ta’riflaydi. Shoir quruq maqtash yo’lidan bormay, tuyg’ularini obrazli tarzda ifodalashga intiladi.
Ushbu g'azalda yorga sitam berishdan charchamaydigan ma'shuqa va boshiga necha-necha sinovlar tushsa ham, yor ko'yidan qaytmaydigan oshiqning poetik surati chizilgan. Oshiqning yuzi hijron azobi va yor noz-u firoqlaridan kahrabo yanglig’ sarg’aygan. «Qani» radifi so’z va rang jilvasiga alohida bir urg’u beradi. Fikr salmog’i va tasvir ta’sirchanligini kuchaytiradi...
Mazkur g’azalda oshiq iztiroblari, visol ilinji, hijron azobining quyuq tasviri berilgan. Lirik qahramon ko’ngil qo’ygan chog’dayoq muhabbat dardidan «o’lmakdan o’zga davo» yo’qligini biladi. Lekin ko’ngil dardiga chora yo’q. Unga buyurib bo’lmaydi. Ma’shuqaning yuzi shu darajada go’zalki, tiniqligi bilan maqtanadigan ko’zgu qizning yuzini ko’rgach, o’zining safosi -tiniqligi yo’qligiga iqror bo’ladi…
Shoir ushbu g’azalida ma’shuqa achchiq-tiziqlaridan, nozlaridan hayratga tushgan oshiq holatini ifoda etadi. U yor g’azabiga duchor bo’ldi, lekin aybi ne ekanini bilmaydi. Shu bois uni savollar qiynaydi. Oshiq o’zini gunohkor sanaydi. Ammo aybi nimadaligidan xabari yo’q. U ma’shuqa meni rashk etayotirmikan degan o’yga boradi. Lirik qahramon -chorasiz, u ishq yo’lida qurbon bo’lishga tayyor. Shu bois qay tarzda, qanday yo’l bilan o’ldirilishi uni ko’pda qiziqtirmaydi. Uning jon saqlash uchun yor qoshidan ketgisi yo’q...
Mazkur g'azalda ajoyib bir manzara chizilgan: shoir gulzorga kiribdi. Anvoyi gullar charx urib, ochilib yotibdi. Yo’q-yo’q, bu shunchaki gulzor emas, gullarning anjumani-yig’ilishi, har bir gul o’zini namoyish etadi, ko’z-ko’z qiladi. Shoir ushbu anjumanda yorning yuzini ta’riflabdi. Gullar xijolatdan-uyatdan qizarib ketibdi. Aslida ular qizil emas edilar, ma’shuqaga qaraganda xunukroq ekanliklaridan uyalib qizargan ekanlar...
Ushbu g'azal yor tasviriga bag'ishlangan g'azallar sirasiga kirib, u Atoyi ijodida alohida o'rin tutadi. She'rda ma'shuqaning go'zal husn-u latofati shu qadar tiniq va jozibador aks ettiriladiki, o'quvchi beixtiyor asarning sohir olamiga kirib boradi.
Muhabbat! Eng nafis tuyg'u! Biz muhabbat mavzusidagi asar deganda o'ta kelishgan yigit va husnda tengsiz qiz o'rtasidagi munosabatlar haqidagi asarlarga o'rganib qolganmiz. Ammo oddiy odamlar o'rtasidagi sevgi-chi? Yoki ularda bunday hislar bo'lmaydimi? Bo'ladi, albatta. Faqat ulardagi tuyg'u shu qadar o'ziga xos, shu qadar betakrorki, u sizni ham maftun qilishi ayon. Odatiy mavzuning yangicha talqini. O'qing. Bu juda qiziq.