Sahifa yuklanmoqda . . .
Vatan - Asarlar - vatan so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Bo‘linib boryapman ming bir bo‘lakka, Ona, oqibatim adashib ketdi. Bolam, qayerlarda qoldi shafqatim? Sevgilim, labimni yo‘qotib qo‘ydim.
Surat parchasini yerdan ko‘tardim, Bir ko‘z boqar edi menga alamkor. Toshkent bog‘larida xazon tutardi, Daraxtlar ortida kezardi g‘ubor.
Padarimni Pompey o‘ldirdi. Ko‘ksimda o‘ch tursa-da muzlab, Vatanimni suyganim uchun, Men Pompeyga qilaman xizmat.
Maysalar, tovonim sizni sog‘inar, Tog‘lar, viqoringiz qalbimda mangu. Qaydadir qo‘zichoq bo‘zlar, oh urar, Qirlarda adashgan sog‘inchimmi u?
Opa, esingizda-ku, ("O, hanuz og‘riydi dil" ) Ochlikdan qorni shishgan Qirq beshinchi mash’um yil.
Garchand bugun poygaklarda mening joyim, Garchand bugun unutilgan bir dalaman. Lek bir kuni poyim o‘pib kelar tog‘lar, Bulutlarga oyoq qo‘yib yuksalaman.
Shamollar daraxtni bargini uzar, Shamollar qamchilab junjitar tanim. Sarg‘aygan bog‘larda oltin kuz kezar, Kuzning og‘ushida bu kun Vatanim.
Sakkiz baytli bu g‘azal asrlar osha el orasida mashhur bo‘lib kelyapti. G‘azalning boshidan oxirigacha har baytda kutilmagan timsol, ifoda va tasvir ishlatiladi. Baytdan baytga o‘tgani sari lirik qahramonning oshiqlik o‘ti balandlab borganini ko‘ramiz. Oxirgi ikki baytda oshiq yor ishqida jondan kechishga tayyor turganini bildiradi. Bu ham ishqning kamolga yetganini ifodalashning bir yo‘lidir.
Boshing egib, ta’zim ayla, shukrona ayt, Seni guldek erkalagan chaman uchun. Osmonlarda yurgan bo‘lsang, tuproqqa qayt, Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun? Ko‘zi qora, yuragi oq shu el uchun, Tuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun, Ulug‘ inson boshlab bergan shu yo‘l uchun, Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?
Ushbu she'r hazilomuz ruhda bo'lib, unda shahardan o'ziga qo'nim topgan qishloqlik shoir yigitning kechinmalari nozik yumor bilan ifodalangan. May oxirlab, o'rim davri boshlansa-da, lirik qahramon qishloqqa qaytmay, shahardan turib, dehqon sha'nini olqishlovchi she'rlar bitishni afzal ko'radi. Ammo uning qalbi shunchalar sodda va beg'uborki, u o'z qilmishidan o'zi uyaladi, ko'chadagi har bir yo'lovchi unga ta'nali nigoh bilan boqayotganday tuyuladi...
Biz vatan haqida yozilgan ko’plab bir-biriga o’xshash, siyqa satrlardan zerikkanmiz. Ba’zi shoirlarning vatan haqida ham she’r yozib qo’yishim kerak deya zo’rma-zo’rakilik bilan bitgan she’rlari tufayli bu mavzudagi she’rlarga ishtiyoq susaygan. Chunki soxtalik bilan aytilgan kalom hech qachon dillarga yetib bormaydi. Biroq ushbu she’rda shoira vatanni shunchalar samimiy tarannum etadiki, uni o’qir ekansiz, bu so’zlar yuragingizning tub-tubiga yo’l olganini tuyasiz.
Ushbu she'r shoirning Ka'batullohga qilgan muborak haj safari taassurotlari mahsuli bo'lib, u Yaratganga munojot tarzida bitilgan. Unda muallif Allohdan nafaqat o'zi uchun, balki o'z eli-yurti uchun mag'firat va madad tilaydi. Agar she'rni sinchiklab o'qisangiz, unda shoirning hech kimga aytmagan ichki dardlari ham yashirin ekanini his qilishingiz mumkin.
Shubhasiz, shayton insoniyatning dushmanidir. Eng qiyini, u odamga faqat tashqi tomondan emas, ko'pincha ichki tomondan - uning o'z nafsi orqali yaqinlashadi va ko'ngliga qutqu solib, uni turli yovuz maqsadlarga, qing'ir yo'llarga boshlaydi. Binobarin, tashqi dushman bilan kurashib, uni yengish oson, biroq o'z nafsini jilovlamoq, nafsoniy istaklarni yengmoq anchayin mushkuldir. Bu o'ta mas'uliyatli ish inson zimmasiga yuklangan muhim bir vazifa bo'lib, buni uddalay olgan kishilargina tom ma'noda shaytonni yenggan zotlardir.
Ushbu she'rda muallif bahorning gulga burkangan go'zal manzarasini tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo‘llaydi. «Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil - Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y tarqatuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o‘zicha ko‘rk, o‘ziga xos meva-yu hosil beradi. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatlar. Ularning har birining o‘z tarixi, o‘z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog‘da - bir maskanda, ya’ni bir Vatanda - O‘zbekistonda jam bo‘lganlar.
Vatan haqda bitilgan mo'jazgina bu to'rtlik zamiriga juda teran ma'nolar berkilgan. Avvalo, unda tasvirlangan vatan yuraklarning tub-tubida joylashgan. U ko'z-ko'z qilinmaydi. Yomon ko'zlardan, yomon niyatlardan va ... soxta muhabbatlar-u soxta sifatlardan asralgan. U bunday yuzakiliklardan baland turadi. Chuqurliklarda yuksaklik xos unga! U sog'inib izlanadi. Hatto "unga yetib bormoqlik uchun uzun umr yetmas"ligi ham mumkin...
Muhammad Yusufning «Vatanim» she’rida vatanga muhabbat hissi juda samimiy va sodda ifoda etilgan. Shoirning ona yurtdan tuygan mehri xuddi singilning, onaning mehridek iliq, u bir aka bo‘lib, bir o‘g‘il bo‘lib, bu mehrga javob bergisi, agar shu yurt «o‘g‘lim» deya unga mushtoq bo‘lsa, har qanday mushkulot qarshisiga chiqqisi, kelgusi padarkushlardan kelajak ulug‘beklarini pana qilib quchgisi keladi...
Baxt tushunchasini har kim har xil anglaydi. Jumladan, ushbu she'r qahramoni ham unga o'ziga xos - jiddiy yondashadi. Uning ko‘nglini hayotning mayda-chuyda ho-yu havaslari, o‘tkinchi manfaatlari armonga to‘ldirolmaydi. Bu lirik qahramon o‘ziga hayotda nihoyatda katta talablar qo‘yadi. O‘sha talablarga loyiq bo‘lolmaslik uni xavotirga soladi, cho‘chisa shundan cho‘chiydi...
To‘ra Sulaymonning «Iltijo» she’ri bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi. Biroq banddan bandga shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassam, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi.
Ushbu shoir otashin qalb sohibi bo'lmish shoirning o'z sevgan yoriga dil izhori bo'lib, unda oshiq o'z ma'shuqasiga ko'ngil sirlarini bayon etar ekan, agar vatan chorlagudek bo'lsa, qo'lyozmalarini tashlab, shinel kiyib, janglarga kirishga ham tayyorligini aytadi.
Mazkur she'rda muallif juda samimiy tarzda hozirga qadar «Vatan» degan muqaddas so‘zni ko‘p bor eshitib, shunchaki tilga olib yurganini, uning chin mazmun-mohiyatini esa endigina kashf qilganini e’tirof etadi. Vatan o‘z farzandlariga hech qanday shartsiz, tamasiz ona bo‘lishligini shoir teran anglaydi.
Mazkur she'r Vatan haqida bo'lib, u o'quvchilar qalbida vatanga muhabbat hissini oshirishga qaratilgan.
Ushbu g'azal lirik qahramon va Kashmir go'zali o'rtasidagi suhbat tarzida bitilgan bo'lib, u shoirning qalbi to'ridagi hasratlarni ham namoyon etadi. G'azal so'ngida go'zal yor oshiqdan: "Ey bechora, nega o'z vataningni tark etding?" deya so'raydi. Shunda yigit: "O'z vatanidan yiroqda yashash taqdirda bor ekan-da..." deya javob beradi...
Ushbu muxammas hasbi hol ruhida bo'lib, unda shoir o'z dard-u iztiroblarini, qalbini azoblayotgan hasratlarini ifoda etgan.